Foto: Oʻzbekiston milliy terma jamoasi toʻliq tarkibda yigʻildi

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi 17-mart kuni Jahon chempionati saralashining 3-bosqichining navbatdagi uchrashuvlari oldidan Toshkentda yigʻinga kirishgandi.
18-mart kungi mashgʻulotlarga barcha legionerlar, xususan, Abduqodir Husanov, Eldor Shomurodov, Jaloliddin Masharipov, Abbosbek Fayzullayev va Rustam Ashurmatovlar ham qoʻshildi. Afisha.uz muxbiri mashgʻulotlarda qatnashib, fotogalereya tayyorladi.
Mashgʻulotga yigʻilgan jurnalistlar birinchi boʻlib “Manchester Siti” futbolchisi Abduqodir Husanovdan intervyu oldi. Uning qayd etishicha, jamoada kayfiyat a’lo darajada, tayyorgarliklar yaxshi ketmoqda va Qirgʻiziston terma jamoasini yirik hisobda yutish niyat qilingan.
“Tayyorgarlik yaxshi. O‘yinga tayyormiz. Bu yerdagi ko‘pchilik birga ishlagan. Yaxshi hammasi. Qirg‘izistonni kattaroq hisobda yutishga harakat qilamiz”, — deydi u.
U intervyuni boshlashdan oldin biroz uyalchanglik qildi va hazilomus tarzda intervyu berishdan “bosh tortdi”. Ushbu kadrlarni Instagram sahifamizda ulashdik.
Eronning “Istiqlol” jamoasi a’zosi Jaloliddin Masharipov ham jurnalistlarning savollariga javob berib, Abduqodir, Abbosbek va kelasi oʻyinlarga toʻxtaldi.
“Kecha soat tungi 03:00 da uchib keldim. Bugun birinchi mashg‘ulot. Oldimizda ko‘p vaqt yo‘q. Terma jamoa muhitiga tezroq moslashish kerak. Chunki oldimizda juda muhim o‘yinlar turibdi. Biz tayyormiz.
Abduqodir plankani ko‘tarib yubordi. Bundan xursandmiz. Jahon chempionatiga chiqsak, hammamizga yaxshi bo‘ladi. Mundialda boshqa futbolchilarimiz uchun ham o‘zlarini ko‘rsatishga katta imkoniyat bo‘ladi. Oston O‘runov, Abbosbek Fayzullayevlarga ham yo‘l ochiladi.
Qirg‘izistonga qarshi birinchi o‘yinda qiynalgandik, maydon holati yomon edi. Raqib kuchli, hozirgi kunda raqibni mensimay tushish yomon oqibatlarga olib keladi. Lekin o‘z uyimizda o‘ynamoqdamiz. Biz muxlislarni xursand qilishni maqsad qilganmiz", — dedi Jaloliddin.
Shundan soʻng milliy terma jamoaning mashgʻulotlari davom ettirildi. Ammo himoya Sherzod Nasrullayev lagerni ertaroq tark etdi, kecha bosh murabbiy Timur Kapadze unda jarohat borligini ta’kidlagandi.
Bu orada Qirgʻiziston milliy terma jamoasi ham Toshkentga yetib keldi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston milliy terma jamoasining 7-tur doirasidagi Qirgʻizistonga qarshi oʻyini 20-mart kuni 21:00 da “Bunyodkor” stadionida start oladi.
MTJ mashgʻulotlarining ikkinchi kunidan tayyorlangan fotogalereyani quyida tomosha qilishingiz mumkin.
- #abduqodir husanov
- #eldor shomurodov
- #jaloliddin masharipov
- #oʻzbekiston milliy terma jamoasi
- #oʻzbekiston qirgʻiziston
