Parij Olimpiadasi sovrindorlari medallarini qaytarib beryapti. Ularning sifati yomon boʻlib chiqdi
Parij-2024 Olimpiada va Paraolimpiasi oʻyinlarining 100 dan ortiq sovrindorlari sifati yomonlashgan medallarini qaytarib berdi. Bu haqda Fransiyaning “La Lettre” nashri xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, buning ortidan medallarni tayyorlagan Parij zarbxonasi uch nafar xodimi ishdan boʻshatilgan.
2024-yilning avgust oyidayoq fransiyalik suzuvchi Maksim Grusse va amerikalik skeytbordchi Nija Xyuston medallarning sifatsizligidan shikoyat qilishgan. Ularning medallari musobaqadan atigi ikki hafta o‘tgach, yorilib, ustki qoplamasi koʻchib ketgan. Xyustonning yozishicha, medal “urushda qatnashgandek” ko‘rinadi.
Fransiyalik suzuvchi Yoxann Ndoye Brouard tomonidan 28-dekabrda “X"ga joylangan surat. Post hozir oʻchirilgan.
Bu boʻyicha aynan qaysi sportchilar murojaat qilgani ma’lum emas. Oʻzbekistonlik sportchilar ijtimoiy tarmoqlarda bu haqda gapirmadi, aftidan, ularning medallari bilan hammasi joyida.
Eslatib oʻtamiz, 2024-yilgi Parij Olimpiya o‘yinlari 26-iyuldan 11-avgustgacha, Paralimpiya o‘yinlari esa 28-avgustdan 8-sentyabrgacha bo‘lib o‘tgan. Oʻzbeksitonlik Olimpiadachilar 13 ta medal — 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronzani qo‘lga kiritgan, Paralimpiyadada esa 26 ta medal — 10 oltin, 9 kumush va 7 bronza qoʻlga kiritilgan.