Sherzod Namozov ikki karra, Husniddin Norbekov uch karra Paralimpiya o‘yinlari chempioni boʻldi

E’lon qilingan sana· 26
Sherzod Namozov ikki karra, Husniddin Norbekov uch karra Paralimpiya o‘yinlari chempioni boʻldi

Oʻzbekistonlik paradzyudochi Sherzod Namozov Parij Paralimpiadasi chempioni bo‘ldi.

5-sentabr kuni erkaklar o‘rtasida J2 klassida (ko‘zi qisman ko‘radigan sportchilar bellashadi) -60 kg vazn toifasida final bahsi yakunlandi. Oltin medal uchun kechgan kurashda o‘zbekistonlik Sherzod Namozov gruziyalik Zurab Zurabianiga qarshi tatamiga chiqdi va g‘alabaga erishib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

U bu orqali ikki karra Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘ldi. Sportchi 2016-yilgi Paralimpiya o‘yinlarida ham chempion bo‘lgan.

Sherzod Namozov turnir chorak finalida ispaniyalik Luis Gavilanni, yarimfinalda esa janubiy koreyalik Li Min-Jayni mag‘lub etgandi. Ikkala bahs ham 10:0 hisobida yakunlangan.

Bundan tashqari, para yengil atletikada yadro uloqtirish bahslarida Husniddin Norbekov 16.82 metr natija bilan Paralimpiada rekordini o‘rnatdi va shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Parij Paralimpiadasiga bayroqdor boʻlgan Husniddin Norbekov 3 karra Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan ilk o‘zbekistonlik sportchiga aylandi. Norbekov bungacha Rio-2016 va Tokio-2020da ham tengsiz bo‘lgandi.

Hozirda mamlakat hisobida 7 ta oltin, 5 ta kumush va 4 bronza medali bor. O‘zbekiston onlayn medallar jadvalida 13 o‘ringa chiqdi.