“Borsa kelmas” hududida Xalqaro ekomarafon bo‘lib o‘tadi
14−15-sentyabr kunlari Qoraqalpog‘istondagi noyob tabiiy maskan — “Borsa kelmas” hududida “Sayyoramiz kelajagiga qo‘shgan hissamiz” Xalqaro ekomarafoni bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad Orolbo‘yining ekologik muammolari, qurg‘oqchilik va suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga xalqaro jamoatchilik e’tiborini jalb qilishdan iborat.
Ekologiya vazirligi va ProRun yugurish maktabi hamkorligida tashkil etiladigan marafonda 20 ta davlatdan 500 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda. Ular orasida professional sportchilar bilan bir qatorda diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar vakillari va ekologiya faollari ham bo‘ladi.
Ikki kunlik tadbir dasturidan uy lagerida joylashish, musiqiy dastur, etno-shou, “Borsa kelmas"ga sayohat, 42 km masofaga marafon, 21 km masofaga yarim marafon va 5 va 10 km masofada poygalar oʻrin olgan.
Tadbirda qatnashish uchun Telegram boti orqali ro‘yxatdan o‘tish lozim.
Tadbir dasturi.