Bahodir Jalolov — ikki karra Olimpiada chempioni
Parijda oʻtayotgan Olimpiya oʻyinlarining 10-avgust kungi va 11-avgustga oʻtar kechasi boʻlgan bahslarida oʻzbekistonlik sportchilar navbatdagi medallarni qoʻlga kiritdi.
Ogʻir atletika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi a’zosi Akbar Joʻrayev -102 kg vazn toifasidagi bahslarda dast koʻtarishda 185 kg, siltab koʻtarishda 219 va umumiy hisobda 404 kg bilan Olimpiadaning kumush medaliga sazovor boʻldi. Ma’lumot uchun, Akbar Joʻrayev Tokioda oʻtgan Olimpiya oʻyinlari chempioni boʻlgandi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston delegatsiyasi hisobiga oltinchi oltin medalni erkin kurashchi Razambek Jamalov qoʻshib qoʻydi. -74 kg vazn toifasida ishtirok etgan polvon chempionlik bahsida yaponiyalik Daichi Takatanini magʻlubiyatga uchratishga muvaffaq boʻldi.
Boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi, jahon chempioni Abdumalik Xalokov sovrinlari orasiga yozgi Olimpiya oʻyinlarining oltin medalini ham qoʻshib qoʻydi. Sportchi chempionlik jangida Qirgʻiziston vakili Munarbek Seitbek oʻgʻlini magʻlub etib, shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildi.
Shuningdek, boks boʻyicha eng ogʻir vazn toifasida ishtirok etgan Bahodir Jalolov chempionlik jangida ispaniyalik Ayub Gʻadfani magʻlub etdi. Ushbu gʻalabadan keyin boks boʻyicha Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi Olimpiadani 5 ta oltin medal bilan yakunladi. Yigitlar umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Taekvondo WT boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Svetlana Osipova ushbu sport turida Olimpiya oʻyinlarida medal qoʻlga kiritgan birinchi oʻzbekistonlik ayol sportchiga aylandi. U final bahsida mezbonlar vakili, sobiq jahon chempioni va Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlarining bronza medali sohibi Alteya Lorenga imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan taqdirlandi.
Hozirgacha Oʻzbekiston delegatsiyasi 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida 13-oʻrinni egallab turibdi. Olimpiadaning soʻngi kunida oʻzbekistonlik sportchi Tursunoy Jabborova ogʻir atletika boʻyicha bahsga kirishadi.