Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev va Lazizbek Mullajonov — Olimpiada chempioni
9-avgustdan 10-avgustga oʻtar kechasi ikki nafar oʻzbekistonlik sportchi Parijda oʻtayotgan Olimpiya oʻyinlari chempionligini rasmiylashtirdi.
Boks bahslarining -71 kg vazn toifasida ishtirok etgan Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev Olimpiya oʻyinlari chempionligini qoʻlga kiritdi. U finalda meksikalik Marko Alvaresni magʻlubiyatga uchratdi. Ushbu gʻalaba Oʻzbekiston delegatsiyasi uchun toʻrtinchi oltin medalni keltirdi.
Shundan soʻng Oʻzbekiston boks terma jamoasining yana bir a’zosi Lazizbek Mullajonov -92 kg vazn toifasi finalida ozarbayjonlik Loren Alfonso Domingesni magʻlub etib, Olimpiada chempioniga aylandi. Shu tariqa u oʻzbekistonlik sportchilaring beshinchi oltin medalini rasmiylashtirdi.
Bundan tashqari, Ushbu kungi oʻyinlarda yana bir bronza medali ham qoʻlga kiritildi. Unga erkin kurashchi Gʻulomjon Abdullayev mualliflik qildi. -57 kg vazn toifasida ishtirok etgan sportchi bronza medali uchun bahsda qirgʻizistonlik Bekzat Almaz oʻgʻlidan ustun keldi va uchinchi oʻrinni egalladi.
Hozirgacha Oʻzbekiston delegatsiyasi 5 ta oltin va 3 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida 14-oʻrinni egallab turibdi. Bugungi kungi bahslarda oʻzbekistonlik sportchilar 7 ta sport turi boʻyicha bahs olib boradi.
Jumladan, yengil atletika boʻyicha Shohruh Davlatov, zamonaviy beshkurash boʻyicha Alise Faxrutdinova, taekvondo boʻyicha Nikita Rafalovich va Svetlana Osipova, ogʻir atletika boʻyicha Akbar Joʻrayev hamda Rigina Adashbayeva oʻz yurishini boshlaydi. Shuningdek, sport kurashlari boʻyicha Razambek Jamalov, boks boʻyicha Abdumalik Xalokov va Bahodir Jalolov, badiiy gimnastika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi final bahsiga kirishadi.