Hasanboy Doʻstmatov va Ulugʻbek Rashitov – ikki karra Olimpiada chempioni
8-avgustdan 9-avgustga oʻtar kechasi ikki nafar oʻzbekistonlik sportchi Parijda oʻtayotgan Olimpiya oʻyinlari chempionligini rasmiylashtirdi.
Taekvondo bahslarida -68 kg vaznda Ulug‘bek Rashitov ketma-ket ikkinchi Olimpiadada tengsiz bo‘ldi. Bungacha Tokio (2020) Olimpiadasi chempioni bo‘lgan o‘zbekistonlik sportchi finalda iordaniyalik Zaid Karim bilan bellashdi va 2:0 (5:4, 3:1) hisobida g‘alabaga erishdi. Rashitov bungacha Osiyo chempionati va Osiyo o‘yinlari finalida ham Zaidni mag‘lub etgandi.
Shu tariqa Ulugʻbek Rashitov taekvondo boʻyicha ikki marta Olimpiada chempioni boʻlgan ilk oʻzbekistonlik boʻldi. Ulugʻbekning oltini Oʻzbekiston delegatsiyasi uchun 4-medal boʻldi. Dastlabki oltinni esa dzyudochi Diyora Keldiyorova olib kelgandi.
Shuningdek, tunda boks bo‘yicha -51 kg vaznda Hasanboy Do‘smatov finalda mezbonlar vakili Bilol Bennamaga qarshi ringa ko‘tarildi. O‘zbekistonlik bokschi 5:0 hisobida g‘alaba qozondi va ikki karra Olimpiada chempioniga aylandi. Do‘stmatov Rio-2016da ham tengsiz bo‘lgandi.
Bundan oldin 45-o‘rinda turgan O‘zbekiston delegatsiyasi Parij-2024dagi medallarini 5 taga (3 ta oltin, 2 ta bronza) yetkazib, umumjamoa hisobida 18-pog‘onaga ko‘tarildi.
Bugun tunda boks boʻyicha yana bir jang oʻtkazildi. Yarim final bosqichida Oʻzbekiston bayroqdori Abdumalik Xalokov -57 kg vazn toifasida avstraliyalik Charli Seniorni magʻlubiyatga uchratib, 10-avgust kuni chempionlik uchun ringga koʻtariladigan boʻldi. Uning raqibi qirgʻizistonlik boks boʻladi.
Parij Olimpiadasining 14-kunida O‘zbekiston delegatsiyasi 5 sport turida ishtirok etadi. Xususan, oʻzbekistonlik sportchilar yana bir sport turi — suvga sakrash boʻyicha Olimpiya oʻyinlarida debyut qilishadi. Igor Myalinning chiqishi 13:00 ga belgilangan.
Xuddi shu vaqtda badiiy gimnastika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamaosi guruh mashqlariga kirishadi.
Taekvonchilar Jasur Jaysunov va Ozoda Sobirjonova ham bugun oʻz bahslarini oʻtkazadi. Jasurning ilk jangi soat 13:10 da, Sobirjonovaning chiqishi esa 15:00 da boʻlib oʻtadi.
Soat 14:00 da erkin kurashchi Javrail Shapiyev (-86 kg) ham ertaga shohsupaga koʻtarilish uchun kurashadi. Oʻtish oʻyinida unga kanadalik Aleks Mur raqiblik qiladi. Shuningdek, soat 14:20 da Razambek Jamalov, 22:25 da Gʻulomjon Abdullayev gilamga koʻtariladi.
Bugun tunda boks boʻyicha ikki final boʻlib oʻtadi. Xususan, -71 kg vazn toifasida Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev meksikalik Marko Verde bilan Olimpiya chempionligi uchun jang qiladi. Bu bahs 10-avgustga oʻtar kechasi 00:30 boʻlib oʻtadi.
Bundan tashqari, soat 01:30 da -92 kg vaznda Lazizbek Mullajonov oltin medal uchun kurash olib boradi. Hal qiluvchi bosqichda unga ozarbayjonlik Alfonso Dominges raqiblik qiladi.
Bugungi bahslardan soʻng Oʻzbekiston delegatsiyasi umumjamoa hisobida yana keskin yuqorilashi mumkin.