Parij-2024. 3 bokschi finalda, bugun Bahodir Jalolov ham soʻnggi bosqichga chiqishi mumkin

E’lon qilingan sana· 2 181
Parij-2024. 3 bokschi finalda, bugun Bahodir Jalolov ham soʻnggi bosqichga chiqishi mumkin

Parij Olimpiadasining 12-kunida O‘zbekiston delegatsiyasi 3 sport turida 5 nafar atlet bilan ishtirok etadi.

6-avgust kuni tunda boʻlib oʻtgan boks bahsida Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev amerikalik 21 yoshli Omar Jonsni magʻlub etib, final bosqichiga yoʻl oldi. Endi u 9-avgust kuni finalda meksikalik Marko Alonso Verde bilan Olimpiya oʻyinlari birinchiligiga kurashadi.

Asadxoʻja Parij Olimpiadasida final bosqichiga chiqqan uchinchi oʻzbekistonlik bokschiga aylandi, undan oldin Hasanboy Doʻstmatov va Lazizbek Mullajonovlar final masalasini hal qilgandi.

Bugun tunda, aniqrogʻi 8-avgustga oʻtar kechasi soat 01:00 da bokschi Bahodir Jalolov yarim final bosqichida ringga koʻtariladi. U germaniyalik Nelvi Tiafakka qarshi bahs olib boradi.

Oʻzbekistonlik bokschilari allaqachon 4 ta Olimpiya medalini naqd qilishgan.

Bundan tashqari, bugun baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha 500 va 1000 metrlik masofada musobaqalar start oladi. Soat 12:30 da Yekaterina Shubina 500 metr masofada bahslarga kirishsa, soat 13:40 Shaxriyor Mahkamov ming metrlik masofada bellashadi.

6-avgust kuni o‘zbekistonlik kurashchilar chiqish qildi. Xususan, 28 yoshli o‘zbekistonlik kurashchi Aram Vardanyan (Yerevanda tug‘ilgan, 2010-yildan buyon O‘zbekiston uchun kurash olib boradi) 77 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida 1/8 finalda Afrika o‘yinlari vitse-chempioni, misrlik Mahmud Abdulrahmonni mag‘lub etdi — 9:0.

U chorak finalda yaponiyalik 23 yoshli Osiyo chempioni Nao Kusakaga imkoniyatni boy berdi. Yaponiyalik finalga yo‘llanma oldi, buning evaziga o‘zbekistonlik sportchi endi bronza medali uchun janglarda qatnashishi mumkin bo‘ladi.

40 yoshli Rustam Assakalov (Krasnodarda tug‘ilgan, 2012-yildan buyon O‘zbekiston terma jamoasida) so‘nggi uchta Osiyo o‘yinlarida oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari, 2015-yilgi jahon chempionatida kumush medal, 2019-yilgi jahon chempionatida esa 3-o‘rinni egallagan.

-97 kg vazn toifasida u 1/8 finalda Markaziy Amerika o‘yinlarining to‘rt karra g‘olibi, Panamerika chempionatining ko‘p karra g‘olibi, gonduraslik Kevin Mejiani mag‘lub etdi.

Chorak finalda Assakalovni besh karra Yevropa chempioni, to‘rt karra jahon chempioni, armanistonlik Olimpiada chempioni Artur Aleksanyan kutib turgan edi va u 5:9 hisobida g‘alaba qozondi.

Aleksanyan ham finalga chiqdi, shu sababli Rustam Assakalov ham bronza uchun bahslarda ishtirok etadi.

7-avgust kuni soat 14:00 da Aram Vardanyan jazoirlik Abdelkrim Uakaliga, Rustam Assakalov esa janubiy koreyalik Kim Seung Junga qarshi kurashga chiqadi.

Bundan tashqari, xotin-qizlar kurashida Aktenge Keunimjayeva (-50 kg) 1/8 finalda ukrainalik Oksana Livachga yutqazdi. Uning raqibi keyingi bosqichda mag‘lub bo‘ldi, shu bois asli qoraqalpog‘istonlik kurashchi medal qo‘lga kiritish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.