Parij-2024. Bugun musobaqada ishtirok etadigan oʻzbekistonlik sportchilar
Parij Olimpiadasining 6-kunida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari 3 sport turida 7 nafar atlet bilan ishtirok etadi.
Bugun 4 nafar boskchi ringga koʻtariladi. Xususan, soat 14:15 va 19:50 da -50 kg vazn toifasidagi Sabina Boboqulova hamda -66 kg vazn kategoriyasidagi Navbahor Hamidovalar oʻzining ilk jangini oʻtkazadi.
Soat 15:50 da (-63,5 kg) Ruslan Abdullayev, 00:50 da esa (-92 kg) Lazizbek Mullajonov chorak final bahsini oʻtkazadi. Bu bosqichdagi gʻalaba Olimpiada medalini naqd qiladi.
Shuningdek, bugun soat 13:00 da ikki nafar oʻzbekistonlik dzyudochi tatamiga chiqadi: Muzaffarbek Toʻraboyev va Irisxon Qurbonboyeva.
Bundan tashqari, akademik eshkak eshish boʻyicha Oʻzbekiston sharafini himoya qilayotgan Anna Prakaten yarim finaldagi ishtirokini oʻtkazadi. Bu bahslar soat 12:30 da start oladi.
Eslatib oʻtamiz, hozirgacha Oʻzbekiston delegatsiyasi hisobida 1 ta medal mavjud, uni dzyudo boʻyicha Diyora Keldiyorova qoʻlga kiritgandi.