Parij-2024. Diyora Keldiyorova yozgi Olimpiadalar tarixida oltin medal qo‘lga kiritgan ilk o‘zbekistonlik ayolga aylandi

E’lon qilingan sana· 439
Parij-2024. Diyora Keldiyorova yozgi Olimpiadalar tarixida oltin medal qo‘lga kiritgan ilk o‘zbekistonlik ayolga aylandi

Parijda oʻtayotgan Olimpiada-2024 dzyudo bahslarida oʻzbekistonlik Diyora Keldiyorova oltin medalni qoʻlga kiritdi. Bu bilan Keldiyorova nafaqat Oʻzbekiston delegatsiyasi uchun Parijdagi birinchi oltinni qoʻlga kiritdi, balki yozgi Olimpiadalar tarixida oltin medal qoʻlga kiritgan ilk oʻzbekistonlik ayolga aylandi.

-52 vazn toifasida hal qiluvchi bahsda o‘zbekistonlik dzyudochi Yevropaning ikki karra chempioni bilan kurashib, irodali g‘alabaga erishdi va O‘zbekiston hisobiga dastlabki medal — oltinni qo‘shib qo‘ydi.

26 yoshli dzyudochi dastlab nimchorakfinaldayoq yaponiyalik amaldagi Olimpiada chempioni Ute Abening 5 yillik mag‘lubiyatsiz seriyasiga barham berib, turnirdan chiqarib yuborgan bo‘lsa, chorakfinalda germaniyalik Masha Ballhausni mag‘lub etib yarimfinalga chiqqan. Yarim final bahsida esa Keldiyorova mezbonlar vakili bo‘lgan Olimpiada-2020ning oltin (jamoaviy) va kumush medali sohibi Amandin Busharni mag‘lubiyatga uchratgan.

Shu tariqa Diyora Keldiyorova O‘zbekiston tarixidan joy oldi. Gap shundaki, Keldiyorova yozgi Olimpiadalar tarixida oltin medal qo‘lga kiritgan ilk o‘zbekistonlik ayolga aylandi. Bundan tashqari, u dzyudochilar orasida ham yagona hisoblanadi. Shu paytgacha ayol sportchilarimizdan faqatgina Yekaterina Xilko Pekin-2008da trampolindan sakrashda bronza medalini qo‘lga kiritgan va ayollar orasida medal olgan yagona sportchi edi.