Parij-2024. Futbol boʻyicha Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi ilk ishtirokini Ispaniyaga qarshi magʻlubiyat bilan boshladi
24-iyul kuni Parijda 2024-yilgi Olimpiada start oldi. Uni futbol boʻyicha Oʻzbekiston va Ispaniya terma jamoalari boshlab berdi. 23 yoshgacha boʻlgan futbolchilardan iborat Oʻzbekiston terma jamoasi oʻz tarixidagi ilk uchrashuvni magʻlubiyat bilan boshladi.
Oʻzbekistonlik futbolchilar dastlabki daqiqalarda yaqqol ustunlik qildi. 20 daqiqa davomida raqib yarim maydonida davomli pressing uyushtirildi. Ammo uchrashuvning 29-daqiqasida ispaniyalik Mark Pubil jarima zarbasidan uzatilgan toʻpni golga aylantirdi.
Birinchi boʻlim yakunida Muhammadqodir Hamraliyevga nisbatan raqib jarima maydonida qoʻpollik ishlatildi va Ispaniya darvozasi tomon penalti belgilandi. 45+3 daqiqada jamoa sardori Eldor Shomurodov jarima zarbasidan unumli foydalanib, hisobni tenglashtirdi.
Ikkinchi boʻlimni ispanlar faol boshladi. Buning natijasida 58-daqiqada Abduvohid Ne’matov darvozasi tomon penalti belgilandi. “Nasaf” darvozaboni Serxio Gomes zarbasini qaytarishga erishdi. Ammo bundan bir necha daqiqa oʻtib, aniqrogʻi, 62-daqiqada aynan ushbu futbolchi jarima maydonidagi boʻshliqdan foydalanib, darvozani ishgʻol qilishga muvaffaq boʻldi.
Oʻyin shu tariqa oʻz nihoyasiga yetdi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi Ispaniya, Misr va Dominikan terma jamoalari bilan “C” guruhidan oʻrin olgan. Navbatdagi uchrashuv 27-iyul kuni Misrga qarshi oʻtkaziladi.