Mbappe-ninzya, oʻyinni toʻxtatgan chaqmoq, Yamalni choʻmiltirgan Messi – Yevro-2024 nimalari bilan esda qoldi?
Germaniya yashil maydonlarida oʻtgan Yevropa chempionati oʻz nihoyasiga yetdi. Bir oylik futbol bayrami davomida nafaqat maydon ichida, balki uning tashqarisida ham koʻp qiziqarli voqealar sodir boʻldi. Afisha.uz Yevro-2024 ning eng esda qolarli voqealarini birma-bir keltirishga qaror qildi.
Niqob taqqan Mbappe
Futbol muxlislari fransiyalik super yulduzni avvaldan “Toshbaqa ninzya” multqahramoniga oʻxshatardi. Buning uchun futbolchining odatiy koʻrinishiga faqatgina niqob kamlik qilardi. Mbappe ushbu niqobni Yevro-2024 da taqdi.
Fransiya turnirdagi birinchi oʻyinida Avstriya bilan toʻqnash keldi va gʻalaba qozondi. Kilian Mbappe uchrashuvda raqib jamoa himoyachisi bilan toʻqnashib ketdi va burnini sindirib oldi. Hujumchi 2-turni oʻtkazib yubordi, ammo 3-turdan boshlab niqob bilan maydonga qaytdi. Mbappe-ninzya!
21 soniya! Yevrolar tarixidagi eng tezkor gol
2024-yilgi turnirda Yevropa chempionatlari tarixidagi eng tezkor gol urildi. Albaniya terma jamoasi guruh bosqichida Italiya terma jamoasining darvozasini ishgʻol qilish uchun 23 soniya kifoya qildi. Bu avvalgi rekorddan 45 soniyaga farq qiladi.
Ammo yakunda italiyaliklar iroda koʻrsatib, 2:1 hisobida gʻalaba qozondi. Italiya terma jamoasi guruhda ikkinchi boʻlib keyingi bosqichga yoʻl oldi.
Merih Demiralning “boʻri salomi”
Nimchorak final bosqichida Turkiya milliy jamoasi Daniya termasiga qarshi maydonga tushdi va 2:1 hisobida gʻalaba qozondi. Uchrashuvda dubl qayd etgan Merih Demiral gollardan birini siyosiy belgi — “boʻri salomi” bilan nishonladi. Ushbu belgi turk millatchilarining belgisi boʻlib, bir necha davlat, xususan, Avstriyada ham taqiqlangan.
UEFA turkiyalik himoyachini 2 oʻyinga diskvalifikatsiya qildi. Demiral Niderlandiyaga qarshi kechgan chorak final (1:2) bahsida maydonga tushmadi, Turkiya shu yerda turnirdagi yurishini toʻxtatgani sababli himoyachining diskvalifikatsiyasi yana bir rasmiy oʻyinga amal qiladi, ya’ni Demiral Turkiyaning navbatdagi rasmiy uchrashuvida maydonga tusha olmaydi.
Lamin Yamalni choʻmiltirayotgan Messi
17 yoshli ispaniyalik vunderkind haqiqatda turnirning eng yaxshi futbolchilaridan boʻldi. Chempionat davom etayotgan bir paytda Yamal va Messining surati tarqaldi. Ha, bu fotoshop emas.
Gap shundaki, 2007-yilda “Barselona” futbolchilari Diario Sport va YUNISEF tomonidan tashkillashtirilgan xayriya fotosessiyasida ishtirok etishadi. Suratdagi qahramonlar qashshoq oilalar orasida tanlab olingan, talabgorlar koʻp boʻlgani sababli lotoreya oʻtkazilgan va aynan Yamalning oilasi gʻalaba qozongan. Bir yoshga toʻlmagan Laminga aynan Messi bilan suratga tushish nasib etadi.
Kim bilibdi deysiz oradan 17 yil oʻtib nimalar boʻlishini… Juda erta porlagan yulduz Yevro-2024 ning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topildi.
Yevropada Ispaniya, Amerika qit’asida Argentina tengsiz boʻldi. 2025-yilda ushbu terma jamoalar oʻrtasida Finalissima oʻtkaziladi. Agar argentinalik 37 yoshli Messi faoliyatini yakunlamasa, ular yana bir bor uchrashadi, ammo bu safar raqib sifatida.
Oʻyinni toʻxtatgan chaqmoq va toʻxtovsiz yomgʻirlar
Chempionat davomida Germaniyada beqaror ob-havo kuzatildi. Oʻyinlar davomida tinimsiz yomgʻir yogʻdi, ba’zida stadionlar tomlaridan suv oʻtib, tribunalarga oʻtib ketdi.
Mezbonlarning Daniya terma jamoasiga qarshi nimchorak final bahsida stadion uzra qora bulutlar koʻrindi, sharros yomgʻir quydi. Uchrashuvning 32-daqiqasida qattiq chaqmoq chaqdi, buni stadionda turib ham koʻrish mumkin boʻldi. Hakam Maykl Oliver uchrashuvni toʻxtatdi va jamoalarni kiyinish xonasiga boshladi.
Toʻxtalish 24 daqiqa davom etdi. Birinchi boʻlimga xuddi shuncha vaqt qoʻshib berildi.
Faoliyatini (aniq va katta ehtimol) tugatgan futbolchilar
Germaniyalik afsonalar — Toni Kross va Tomas Myuller uchun chorak finaldagi Ispaniyaga qarshi uchrashuv terma jamoadagi oxirgisi boʻldi. Ular xalqaro maydondagi faoliyatini yakunladi. 34 yoshli futbolchilarning xayrlashuv uchrashuvini tom ma’noda ispanlar tashkillashtirib berdi.
Mazkur Yevro portugaliyalik hujumchi Krishtiano Ronaldu uchun ham soʻnggisi boʻlishi mumkin. 39 yoshli futbolchi rasman terma jamoadagi faoliyatini yakunlashi haqida xabar bermadi, ammo katta ehtimol bilan uning karyerasi yana 4 yilga choʻzilmaydi.
Agar futbolchi xohlasa va chidab bersa, 2026-yilda boʻlib oʻtadigan Jahon chempionati qatnashishi mumkin, ammo 2028-yilgi Yevro soʻroq ostida…