O‘zbekistondagi birinchi Ginnes sport rekordi rasman qayd etildi
15-may kuni Toshkent xalqaro aeroportida Ginnesning rekordi ‘rnatildi. Bu bugunga kelibgina ma’lum boʻldi.
O‘zbekiston Bodibilding va fitnes federatsiyasining olti nafar sportchidan iborat jamoasi Ginnesning rekordlar kitobi komissari Mbali Masechaba Nkosi ishtirokida og‘irligi “SilkAvia"ning 13500 kg bo‘lgan ATR 72−600 laynerini 100 metr masofaga bor-yo‘g‘i 46,7 soniyada siljitdi.
Qayd etilishicha, rekord birinchi urinishda o‘rnatilgan. Ginnesning rekordlar kitobining asl sharti uni 60 soniya ichida shu masofaga olib oʻtish edi. Dastlabki mashgʻulotlar davomida sportchilar turli natijalarni koʻrsatishdi, biroq 15-may kuni koʻrsatilgan 46,7 soniya eng yaxshi natija boʻldi. Bodibilding va fitnes federatsiyasi prezidenti Timur Sobirov voqeani sharhlar ekan, 46,7 soniya aql bovar qilmaydigan ko‘rsatkich ekani va undan oʻzib ketish juda qiyin bo‘lishini ta’kidladi.
Jamoa a’zolari: Bekzod Xudoyqulov, Sherzodbek G‘aynazarov, Farxod Dadamuhamedov, Umid Xusanov, Baxshulla Sayfullaev va Abrorbek Fozilov.
Jamoa “7SABER” brendi tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Uning bosh direktori Oraz Abdurazakov Ginnes rekordini o‘rnatish g‘oyasi 2021-yilda Toshkentda bo‘lib o‘tadigan bodibilding bo‘yicha jahon chempionati vaqtida paydo bo‘lganini ta’kidladi.