O‘zbekistonlik bokschilar “Stranja” turnirida umumjamoa hisobida birinchi bo‘ldi
Bolgariyada boks bo‘yicha “kichik jahon chempionati” nomini olgan “Stranja” turniri yakuniga yetdi. Unda o‘zbekistonliklar 5 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza olib, umumjamoa hisobida ketma-ket to‘rtinchi yil 1-o‘rinni egalladi, deya xabar bermoqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Bolgariyaning Sofiya shahrida o‘tgazilgan turnirda dunyoning 28 mamlakatidan 261 nafar bokschi o‘z mahoratlarini namoyish qildi.
Rahmatjon Ro‘ziohunov murabbiyligida qatnashgan o‘zbekistonlik bokschilar 5 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, qizlardan Sabina Boboqulova -50 kg vazn toifasida oltin, Hamrobonu Mamajonova esa -57 kg vaznda bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Shu tariqa O‘zbekiston erkaklar va ayollar terma jamoasining jamg‘argan jami medallari 6 ta oltin, 2 ta kumush va 6 ta bronzani tashkil etdi.
G‘olib va sovrindorlar:
Oltin medal:
- -50 kg: Sabina Boboqulova;
- -54 kg: Xo‘janazar Nortojiyev;
- -60 kg: Abdumalik Xalokov;
- -71 kg: Iqboljon Xoldorov;
- -75 kg: Javohir Ummataliyev;
- +92 kg: Jahongir Zokirov.
Kumush medal:
- -54 kg: Shahzod Muzaffarov;
- -63,5 kg: Adhamjon Muhiddinov.
Bronza medal:
- -57 kg: Hamrobonu Mamajonova;
- -51 kg: Asilbek Jalilov;
- -54 kg: Hasanboy Do‘smatov;
- -60 kg: Dilshod Abdumurodov;
- -75 kg: Fazliddin Erkinboyev;
- -86 kg: Samandar Jalolov.