Osiyo Kubogi. O‘zbekiston Tailandni mag‘lub etgan holda keyingi bosqichga yo‘l oldi
Qatarda o‘tayotgan futbol bo‘yicha Osiyo Kubogi nimchorak final bosqichida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Tailand bilan bahs olib bordi. O‘yin o‘zbekistonliklar foydasiga hal bo‘ldi.
O‘yinning 37-daqiqasida o‘zbekistonlik futbolchi Azizbek Turg‘unboyev Diyor Holmatovning uzatmasidan so‘ng hisobni ochdi. Birinchi bo‘lim so‘nggigacha tabloda shu hisob saqlanib qoldi.
Ikkinchi bo‘limning 58-daqiqasida zaxiradan o‘yinga tushgan tailandlik Sarachat Supachok hisobni tenglashtirdi — 1:1. Oradan 7 daqiqa o‘tib, Abbosbek Fayzullayev raqib darvozasiga gol kiritdi va O‘zbekiston jamoasini 2:1 hisobda oldinga olib chiqdi. O‘yinning asosiy qismida boshqa aniq o‘zgarish bo‘lmadi. Bosh hakam 7 daqiqa qo‘shimcha vaqt berdi. Yakunda milliy terma jamoa 2:1 natija bilan Tailand futbolchilari ustidan g‘alaba qozondi.
Endi O‘zbekiston terma jamoasi chorak final o‘yinini 3-fevral kuni musobaqa mezboni — Qatar terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi (Qatar ¼ finalga Falastinni 2:1 hisobida yengib, chiqdi).
Milliy terma jamoa guruh bosqichini mag‘lubiyatsiz yakunlagandi — Hindiston ustidan g‘alaba, Suriya va Avstraliya bilan durang.