Osiyo Kubogi. O‘zbekiston Avstraliya bilan durang o‘ynadi va pley-offga yo‘llanma oldi
Qatarda o‘tayotgan futbol bo‘yicha Osiyo Kubogi 3-turi doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Avstraliya bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Bu natija keyingi bosqichga chiqish uchun yetarli bo‘ldi.
Birinchi bo‘lim asosan avstraliyaliklarning nazoratida o‘tdi. Dastlabki taymga qo‘shib berilgan daqiqalarda Odilbek Hamrobekovning harakatidan so‘ng O‘tkir Yusupov darvozasi tomon shubhali penalti belgilandi va undan Martin Boyle unumli foydalandi.
Ikkinchi bo‘lim boshida asosiy tarkibdan tushib qolgan terma jamoa sardori Jaloliddin Masharipov Oston O‘runovning o‘rnini egalladi. 63-daqiqada esa Xojimat Erkinovning o‘rniga Aziz Turg‘unboyev maydonga tushirildi va aynan u 78-daqiqada Jaloliddin Masharipovning uzatmasidan so‘ng bosh bilan raqib darvozasi tomon aniq zarba yo‘llab, hisobni tenglashtirdi.
O‘yin yakunlanishiga 6 daqiqa qolganida hujumchi Igor Sergeyev jarohat olib, maydonni tark etdi, uning o‘rnini Jamshid Iskanderov egalladi.
Shunday qilib, O‘zbekiston milliy terma jamoasi “B” guruhida 5 ochko to‘plagan holda 2-o‘rinni egalladi va pley-off yo‘llanmasiga ega chiqdi. Avstraliya esa 3 turdan so‘ng 7 ochko jamg‘ardi va birinchi o‘rinni naqd qildi. Guruhdagi ikkinchi o‘yinda esa Suriya Hindistonni 1:0 hisobida mag‘lub etdi va 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Ma’lumot uchun, “B” guruhida 2-o‘rinni olgan jamoa “F” guruhida xuddi shu pozitsiyani qo‘lga kiritgan jamoa bilan o‘ynaydi. Bu Saudiya Arabistoni, Tayland yoki O‘mon terma jamoalaridan biri bo‘lishi mumkin.