Osiyo Kubogi. Oʻzbekiston Hindiston ustidan yirik hisobda gʻalaba qozondi
Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Qatarda oʻtayotgan Osiyo Kubogi 2-turi doirasida Hindiston termasi ustidan 3:0 hisobida gʻalaba qozondi.
Uchrashuv Oʻzbekistonning tezkor goli bilan boshlandi. 4-daqiqada Abbosbek Fayzullayev Otabek Shukurovning uzatmasidan soʻng hisobni oshdi.
18-daqiqaga kelib esa hujumchi Igor Sergeev hisobni 2:0 koʻrinishiga keltirdi.
Birinchi boʻlimga qoʻshib berilgan vaqtlarda himoyachi Sherzod Nasrullayev 3-golga mualliflik qildi.
Ikkinchi boʻlim boshida Oʻzbekiston tarkibida oʻzgarish sodir boʻldi: gol muallifi Sherzod Nasrullayevning oʻrniga Zafarmurod Abdurahmatov maydonga tushirildi. 83-daqiqaga kelib esa yana tezkor golga mualliflik qilgan Abbosbek Fayzullayev maydonni tark etdi, uning oʻrnini Jamshid Iskanderov toʻldirdi.
Shunday qilib, “oq boʻrilar” ikkinchi turdan soʻng “B” guruhida 4 ochko bilan 2-oʻrinni egallab turibdi. Avstraliya terma jamoasi esa 2 ta oʻyinda ham gʻalaba qozonib, 6 ochko toʻplagan holda 1-oʻrinni band qilib turibdi hamda keyingi bosqich masalasini hal qildi.
Oʻzbekiston 3-turda aynan Avstraliyaga qarshi maydonga tushadi. Oʻyin 23-yanvar kuni boʻlib oʻtadi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston MTJ 1-turda Suriya bilan nursiz durang qayd etgandi.