Benzema va Kante yana O‘zbekistonga keladi. OChL pley-offiga qur’a tashlandi
28-dekabr futbol bo‘yicha Osiyo Chempionlar Ligasining pley-off bosqichiga qur’a tashlandi. Unda O‘zbekistonning ikki jamoasi — “Nasaf” va “Navbahor” o‘z raqiblarini bilib oldi.
Guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o‘ta olgan jamoalar ikki savatga ajratildi — guruhdan birinchi o‘rin bilan chiqqan jamoalar 1-savatcha, eng yaxshi natijaga ega 3 ta ikkinchi o‘rin egalari 2-savatga. Bunda “Nasaf” 1-savatdan (“B” guruhi g‘olibi), “Navbahor” esa ikkinchi savatdan (“D” guruhida 13 ochko bilan 2-o‘rin) joy olgan edi.
Dastlab savatlardagi jamoalar sonini tenglashtirish uchun bir jamoa qur’a tarzida birinchi savatdan ikkinchisiga o‘tkazildi. Natijada “Nasaf” ham “Navbahor”, “Al Fayha” va “Sepaxon” bilan birgalikda ikkinchi savatchadan joy oldi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, 1/8 finalda “Nasaf” BAAning “Al Ayn” jamoasi (“A” guruhi g‘olibi) bilan to‘qnash keladigan bo‘ldi. Shuningdek, Benzema va Kante singari yulduzlar to‘p suradigan Saudiyaning “Al Ittihod” klubi Namanganning “Navbahor” jamoasiga raqib bo‘ldi.
OChL 1/8 final bosqichining boshqa juftliklari va turnir setkasi quyidagicha ko‘rinish oldi.
1/8 finalning dastlabki bellashuvlari 12−13 fevral kunlari, javob bahslari 19−20 fevralda o‘tkaziladi. “Navbahor” va “Nasaf” keyingi bosqichlarda ham yurishlarini davom ettirsa, finalgacha bir-biri bilan to‘qnash kelmaydi. Agar qarshiliklar “Al Ayn” ustidan g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga yo‘l oladigan va Krishtianu Ronaldu to‘p suradigan “An Nassr” ham keyingi bosqich masalasini hal qiladigan bo‘lsa, portugaliyalik futbolchi ¼ final doirasida Qarshiga kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, “Al Ittihod” jamoasi turning guruh bosqichi doirasida Olmaliqning “OKMK” jamoasiga qarshi Toshkent viloyatida bahs olib borgandi, “Al Hilol” esa Namanganda “Navbahor” ustidan g‘alaba qozongan.