Abbosbek Fayzullayev — O‘zbekistonda 2023-yilning eng yaxshi futbolchisi
26-dekabr kuni futbol bo‘yicha “Eng zo‘r” taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Undagi sovrindorlar futbol jurnalistlari tomonidan berilgan ovozlarga ko‘ra aniqlangan.
20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi Osiyo kubogi sohibi, yoshlar oʻrtasidagi Jahon chempionati ishtirokchisi, Oʻzbekiston U-20, U-23 va milliy terma jamoalarida ishonchli oʻyin koʻrsatib kelayotgan yosh iqtidor egasi — Abbosbek Fayzullayev “Yilning eng yaxshi futbolchisi” sovriniga loyiq deb topildi. Futbolchining o‘zi O‘zbekistonda bo‘lmagani sababli sovrinni uning otasi qabul qilib oldi.
Ushbu sovrin uchun kuchli uchlikka Abbosdan tashqari Fransiyaning “Lans” jamoasi a’zosi Abduqodir Husanov va sobiq “Navbahor” klubi hujumchisi (hozirda jamoasiz) Oston O‘runov kirgandi.
Bundan tashqari, boshqa nominatsiyalar bo‘yicha ham sovrinlar o‘z egalariga topshirildi. Xususan, Abduqodir Husanov “Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi” sovrinini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston U-20 terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov — “Yilning eng yaxshi murabbiyi” sovriniga loyiq deb topildi. U o‘z shogirdlari bilan 2023-yil bo‘lib o‘tgan Osiyo Kubogini qo‘lga kiritgandi.
Shuningdek, Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi hamda “Sevinch” klubi yetakchisi Lyudmila Karachik “Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi” sovrinini qoʻlga kiritdi.
“Eng zo‘r-2023” sovrindorlarining to‘liq ro‘yxati:
- “O‘zbek futboli nuroniysi” — Lev Vaxtin
- “Futbol fidoyisi” — To‘lagan Isoqov
- “Futzal bo‘yicha yilning eng yaxshi murabbiyi” — Nodir Eliboyev (BMB)
- “Yilning eng yaxshi futzalchisi” — Husnildin Nishonov (“Oil Star”)
- “Ayollar Oliy ligasida yilning eng yaxshi futbolchisi” — Umida Zoirova (“Sevinch”)
- “Ayollar futboli bo‘yicha yilning eng yaxshi murabbiyi” — Vladislav Xan (“Sevinch”)
- “Ayollar Oliy ligasi to‘purari” — Diyora Habibullayeva (“So‘g‘diyona”)
- “Yil hakami” — Ahrol Risqullayev va Gulshoda Sailqulova
- “Yilning eng yaxshi murabbiyi” — Ravshan Haydarov (O‘zbekiston U-20)
- “Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi” — Abduqodir Husanov (“Lans”)
- “Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi” — Lyudmila Karachik (“Sevinch”)
- “Yilning eng yaxshi futbolchisi” — Abbos Fayzullayev (“SSKA”)