Nodirbek Abdusattorov Champions Chess Tour turnirida 3-o‘rinni egalladi
Kanadaning Toronto shahrida shaxmat bo‘yicha Champions Chess Tour Finals 2023 turniri bo‘lib o‘tdi. Umumiy mukofot jamg‘armasi 500 000 dollarni tashkil etuvchi ushbu musobaqaning final bosqichida o‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov ham ishtirok etdi.
14-dekabr kuni yarim final bosqichi juftliklarining ikkinchi set bahslari o‘tkazildi. Birinchi juftlikda amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen amerikalik Fabiano Karuanani 3:2 hisobida mag‘lub etdi.
Ikkinchi yarim finalda esa Nodirbek birinchi setdagi ustunligini saqlab qola olmadi. Raqib Uesli So ikkinchi setda 2,5:1,5 hisobida g‘alaba qozonib, hisobni tenglashtirdi. G‘olib nomini aniqlab bergan uchinchi setning ikki partiyasida ham durang natija qayd etildi. Finalchini aniqlagan armagedon partiyasida Nodirbek mag‘lub bo‘ldi.
Shu tariqa Abdusattorov turnirni 3-o‘rinda yakunladi. O‘zbekistonlik grossmeyster 50 ming dollar mukofot pulini qo‘lga kiritdi.
Ma’lumot uchun, Prezidentning “Shaxmatni yanada ommalashtirish va rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, xalqaro shaxmat federatsiyasi tasnifiga ko‘ra jahon musobaqalarida bronza medallarini qo‘lga kiritgan shaxmatchilarga BHMning 75 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi. Ularning trenerlari esa BHMning 37,5 baravari miqdorida bir martalik mukofotga ega bo‘ladi.