Afruza Hamdamova — shaxmat bo‘yicha ilk o‘zbekistonlik ayol Jahon chempioni

E’lon qilingan sana· 127
Afruza Hamdamova — shaxmat bo‘yicha ilk o‘zbekistonlik ayol Jahon chempioni

Italiyada o‘tayotgan shaxmat bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatining 14 yoshgacha bo’lgan yosh toifasida Afruza Hamdamova muddatidan avval Jahon chempioni bo’ldi. Bu haqda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

10-turda Afruza Hamdamova (2199) Anna Shukmanga (2263) qarshi bahs olib borib, muhim g‘alabaga erishdi. Oxirgi turda qanday natija bo‘lishidan qat’i nazar Afruza chempionga aylanadi, chunki unga yetib olishi mumkin bo’lgan yagona ta’qibchisi — qozog’istonlik shaxmatchini o’zaro o’yinda mag’lub etgan. Musobaqa nizomiga ko’ra, ochkolar teng kelib qolsa, o’zaro o’yinga qaraladi.

Ushbu chempionatda 14−16−18 yosh toifasidagi eng yaxshi shaxmatchilar ishtirok etmoqda. 92 davlatdan jami 766 nafar shaxmatchi yigit-qizlar ishtirok etayotgan musobaqada o‘zbekistonlik 3 nafar shaxmatchi O‘zbekiston sharafini himoya qilmoqda.

Maʼlumot uchun, shu paytga qadar Gulruhbegim Tohirjonova va Bahora Egamberdiyeva mos ravishda yosh toifalarida jahonning vitse-chempionligini qo‘lga kiritgandi.