Xanchjou-2022. O‘zbekiston 71 ta medal bilan umumjamoa hisobida beshinchi bo‘ldi — g‘olib va sovrindorlar ro‘yxati

E’lon qilingan sana· 452
Xanchjou-2022. O‘zbekiston 71 ta medal bilan umumjamoa hisobida beshinchi bo‘ldi — g‘olib va sovrindorlar ro‘yxati

2022-yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Osiyo o‘yinlari koronavirusning o‘sha vaqtdagi yangi to‘lqini sabab qoldirilgandi. Ushbu musobaqa Xitoyning Xanchjou shahrida shu yilning 22-sentyabr kuni start oldi, 8-oktyabrgacha davom etdi.

O‘zbekistonlik sportchilar bu yilgi Osiyo o‘yinlarida o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi: jami 71 ta — 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza medallari qo‘lga kiritildi. Ushbu natija bilan O‘zbekiston delegatsiyasi umumjamoa hisobida Xitoy (383 ta), Yaponiya (188 ta), Janubiy Koreya (190 ta) va Hindistondan (107 ta) so‘ng 5-o‘rinni egalladi. Musobaqada jami 45 ta davlatdan 11 ming nafar sportchi ishtirok etdi.

Afisha.uz quyida Osiyo o‘yinlari g‘olib va sovrindorlarining to‘liq ro‘yxatini keltiradi.

Oltin

  • O‘zbekistonlik sportchilar orasida XIX Osiyo oʻyinlaridagi ilk oltin medalni dzyudochi Diyora Keldiyorova qo‘lga kiritdi. Buning uchun 52 kg vazn toifasida bahs olib borgan sportchi BAA vakili Birshelt Xorlodoini magʻlubiyatga uchratdi;
  • Akademik eshkak eshish bo’yicha ayollar o‘rtasida kechgan yakkalik dasturida Anna Prakaten O‘zbekiston delegatsiyasiga ikkinchi oltin medalni taqdim qildi;
  • Uchinchi oltin ham akademik eshkak eshish bo‘yicha bo‘ldi: erkaklar oʻrtasida M4- dasturida ishtirok etgan Shehroz Hakimov, Davrjon Davronov, Dilshodjon Xudoyberdiyev va Alisher Turdiyev kvarteti marra chizigʻini birinchi boʻlib kesib oʻtdi va uchinchi oltin medalni qo‘lga kiritdi;
  • 4-oltin medal dzyudo bo‘yicha -73 kg vazn toifasining chempionlik bahsida tatamiga chiqqan Murodjon Yoʻldoshev tomonidan qo‘lga kiritildi. U final bahsida yaponiyalik raqibini mag‘lub etdi;
  • Muzaffarbek Toʻraboyev dzyudo boʻyicha -100 kg vazn toifasida chempionlikni qoʻlga kiritib, O‘zbekiston delegatsiyasiga ushbu Osiyo oʻyinlaridagi beshinchi oltin medalni keltirdi;
  • O‘zbekiston delegatsiyasiga oltinchi oltin medalni Tokio-2020 Olimpiyadasi chempioni taekvondochi Ulug‘bek Rashitov (-68 kg) keltirdi;
  • Qilichbozlikning sablya yo’nalishi bo’yicha O’zbekiston ayollar terma jamoasi yaponiyalik raqiblarini mag‘lub etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi;
  • Kurash bo‘yicha -66 kg vazn toifasida Artyom Shturbabin chempionlikni qoʻlga kiritdi;
  • Kurash bo‘yicha -52 kg vazn toifasining final uchrashuvida o‘zbekistonliklar to‘qnash keldi. Ushbu bahsda Hilola Ortiqboyeva g‘alaba qozonib, O‘zbekiston delegatsiyasiga 9-oltin medalni keltirdi;
  • Kurash boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Muhsin Hisomiddinov ikkinchi bor Osiyo oʻyinlari gʻolibligini qoʻlga kiritdi;
  • Kurash bo’yicha O’zbekiston terma jamoasi a’zosi Umid Esanov -81 kg vazn toifasidagi finalda qozog‘istonlik raqibidan ustun keldi va oltin medalga ega chiqdi;
  • Veloshossening shaxsiy poyga dasturida ishtirok etgan O’zbekiston terma jamoasi a’zosi Olga Zabelinskaya oltin medalni qo’lga kiritdi;
  • 1000 metrga kanoechi yigitlar oʻrtasida kechgan poygada Shohmurod Xolmurodov hamda Nurislom Toʻxtasin oʻgʻli juftligi marra chizigʻini birinchi boʻlib kesib oʻtdi va oltin medalga sazovor boʻldi;
  • Yengil atletika bo’yicha O’zbekiston terma jamoasi a’zosi Safina Sadullayeva balandlikka sakrash dasturida eng yuqori natijani qayd etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi;
  • Yunon-rum kurashi boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Jalgasbay Berdimuratov (-87 kg) delegatsiya hisobiga oʻn beshinchi oltin medalni keltirdi;
  • Yengil atletika boʻyicha 17 yoshli Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Sharifa Davronova uch hatlab sakrash dasturida oltin medalga sazovor boʻldi;
  • Bokschi Hasanboy Do’smatov (-51 kg) o’z sovrinlari orasiga Osiyo o’yinlarining oltin medalini qo’shib qo’ydi;
  • Boks bahslarida O’zbekiston terma jamoasi a’zosi Abdumalik Xalokov delegatsiya hisobiga 18-oltin medalni taqdim qildi;
  • Bokschi Bahodir Jalolovda (+92 kg) ham oltin;
  • Kanoe slalomida eshkak eshish bo’yicha O’zbekiston terma jamoasi a’zosi Anvar Klevleyening g‘alabasi delegatsiyaga 20-oltin medalni olib keldi;
  • Badiiy gimnastika boʻyicha terma jamoa aʼzolari — Taxmina Ikromova, Vilana Savadyan hamda Evelina Atalyanslar jami 324.8 ball jamgʻarishga erishdi va oltin medalga sazovor bo‘ldi;
  • Karate WKF yoʻnalishi boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Sevinch Rahimova -55 kg vazn toifasida bahs olib borib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi;
  • Badiiy gimnastika bo’yicha O’zbekiston terma jamoasi a’zosi Taxmina Ikromova delegatsiyaga navbatdagi va so‘nggi oltin medalni taqdim qildi.

Kumush

  • Xanchjou-2022 dagi ilk medal aynan kumush bo‘ldi. U akademik eshkak eshish bo‘yicha ayollar o‘rtasida yengil vazn toifasidagi juftlik dasturida ishtirok etgan Luizaxon Islomova hamda Malika Tagmatova hisobiga yozildi;
  • Akademik eshkak eshish bo‘yicha yana bir kumush medalni M2x dasturida ishtirok etgan Shahboz Xolmirzayev hamda Mehrojbek Mamatqulov juftligi qo‘lga kiritdi. Mazkur startda oltin medal Xitoy, bronza medali esa Indoneziya hisobiga yozildi;
  • O‘zbekiston delegatsiyasining uchinchi kumush medalini ham eshkak eshuvchilar — M2- dasturida qatnashgan Shehroz Hakimov hamda Dilshodjon Xudoyberdiyev olib berdi;
  • Akademik eshkak eshish bo‘yicha M4x dasturida startga chiqqan Shahzod Nurmatov, Shahboz Xolmirzayev, Mehrojbek Mamatqulov va Sobirjon Safaraliyev kumush medalni qoʻlga kiritdi. Oltin medal Xitoyga, bronza medali Hindiston jamoalari hisobiga yozildi;
  • 10 metrga pnevmatik miltiqdan otish boʻyicha aralash jamoaviy dasturda ishtirok etgan Javohir Sohibov va Muxtasar Tohirova juftligi kumush medalni qoʻlga kiritdi;
  • Dzyudochi Davlat Bobonov 90 kg vazn toifasining finalida qirgʻizistonlik Yerlan Sherovga imkoniyatni boy berdi va kumush medal bilan cheklandi;
  • Taekvondochi Feruza Sodiqova -67 kg vazn toifasidagi final uchrashuvida xitoylik raqibiga imkoniyatni boy berib, kumush medalni qo’lga kiritdi;
  • Dzyudo bo’yicha aralash jamoaviy dasturda O‘zbekiston jamoasi kumush medalni qo’lga kiritdi. Ular finalda yaponiyalik raqiblariga yutqazdi;
  • Shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov erkaklar o’rtasidagi bahslarda 7 ochko to‘plab, bronza medali bilan cheklandi;
  • Shaxmatchi Umida Omonova ham 9 tur yakuniga ko’ra 6.5 ochko bilan ikkinchi natijani qayd etdi va kumush medal bilan taqdirlandi;
  • Kurash bo‘yicha -52 kg vazn toifasining final uchrashuvida o‘zbekistonliklar to‘qnash keldi. Ushbu bahsda Sitora Elmurodova Hilola Ortiqboyevaga imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan cheklandi;
  • Yengil atletika bo’yicha O’zbekiston terma jamoasi a’zosi Yekaterina Voronina ko’pkurash dasturida 6056 ochko bilan kumush medal sohibiga aylandi;
  • Baydarka va kanoechi Shaxriyor Mahkamov ikkinchi boʻlib marra chizigʻini kesib oʻtdi va delegatsiyaga kumush medalni taqdim qildi;
  • 1000 metrga kanoeda eshkak eshish boʻyicha erkaklar oʻrtasidagi dasturda Vladlen Denisov kumush medalni qo‘lga kiritdi;
  • Svetlana Radzivil Yengil atletika bo’yicha balandlikka sakrash dasturida kumush medaliga ega chiqdi.
  • Ogʻir atletikachi Muhammadqodir Toshtemirov Oʻzbekiston delegatsiyasiga kumush medal keltirdi. U -81 kg vazn toifasida ishtirok etdi;
  • Og‘ir atletika bo‘yicha -109 kg vazn toifasida ishtirok etgan Akbar Jo’rayev 417 (189+228) kg bilan kumush medaliga ega chiqdi.

Bronza

  • Akademik eshkak eshish bo‘yicha erkaklar o‘rtasida yengil vaznli sportchilar bahsida Shahzod Nurmatov hamda Sobirjon Safaraliyev bronza medalini qo‘lga kiritdi. Ular oltin va kumush medallari esa Xitoy hamda Hindiston jamoalariga boy berdi;
  • Dzyudo bo‘yicha -48 kg vazn toifasida Halima Qurbonova avtomatik ravishda bronza medalini qo‘lga kiritdi. Uning janubiy koreyalik raqibi tatamiga chiqmadi;
  • Yana bir bronza medal o‘zbekistonlik qilichbozlar uchun tarixiy bo‘ldi: shpagachi Dilnaz Murtazayeva Osiyo oʻyinlarida shohsupaga koʻtarilgan birinchi oʻzbekistonlik qilichbozga aylandi. U yarim final jangida janubiy koreyalik Injeong Choiga imkoniyatni boy berib qoʻydi;
  • Taekvondo WT bo’yicha O’zbekiston terma jamoasi (Shuhrat Salayev, Jasur Jaysunov, Ozoda Sobirjonova, Svetlana Osipova) aralash jamoaviy dasturda bronza medalini qo‘lga kiritdi;
  • Taekvondochi Madinabonu Mannopova ham bronza medaliga sazovor bo‘ldi. -49 kg vazn toifasida ishtirok etgan sportchi yarim finalda Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni, tailandlik Panipak Vongpattanakitga kichik hisoblarda imkoniyatni boy berdi va bronza medali bilan taqdirlandi;
  • Dzyudochi ayollar ham sovrindorlar qatoriga kiritdi. Gulnoza Matniyazova -70 kg vazn toifasida Xitoy Taipeyi vakili Yu Jung Liaoga qarshi bahs olib bordi va ikkinchi bor Osiyo oʻyinlarining bronza medaliga sazovor bo’ldi;
  • -53 kg vazn toifasida ishtirok etgan taekvondochi Charos Qayumova ham oʻz nomini sovrindorlar qatoriga yozdirib qoʻydi. U yarim finalda Xitoy Taipeyi vakilasiga imkoniyatni boy berib, bronza medali bilan taqdirlandi;
  • Dzyudochi Irisxon Qurbonboyeva -78 kg vazn toifasining bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Sportchi uchinchi oʻrin uchun bahsda moʻgʻulistonlik Xuslen Otgonbayarni magʻlub etdi;
  • Ushuchi Darya Latisheva nankuan va nandao dasturlari yakuniga koʻra, Xitoy hamda Malayziya vakillaridan keyin bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Bu Darya uchun Osiyo oʻyinlaridagi ikkinchi medal, u 2018-yilgi musobaqada kumush medal sohibiga aylangan;
  • Eng ogʻir vazn toifasida ishtirok etayotgan dzyudochimiz Alisher Yusupov ham Osiyo oʻyinlari sovrindorlari qatoridan joy oldi;
  • Qilichboz Zaynab Dayibekova sablya boʻyicha yakkalik dasturida ishtirok etib, yarim finalda janubiy koreyalik Jisu Yunga kichik farq — 14:15 hisobida imkoniyatni boy berdi va bronza medali bilan taqdirlandi.
  • Shaxmatchi Javohir Sindorov 6.5 ochko bilan bronza medaliga sazovor bo’ldi.
  • Vladimir Svechnikov 10 metrga pnevmatik to’pponchadan otish dasturida bronza medaliga sazovor bo’ldi;
  • Svetlana Osipova taekvondo WTF bo‘yicha +67 kg vazn toifasida bronza medalini qoʻlga kiritdi;
  • Humoyun Sultonov tennis bahslarida yarim finalda imkoniyatni boy berib, bronza medali bilan taqdirlandi;
  • Yengil atletika bo’yicha Bosqon uloqtirish sektorida qatnashgan Suxrob Xo‘jayev 70.79 metr natija qayd etib, bronza medaliga ega chiqdi;
  • Kurash bo’yicha O’zbekiston terma jamoasi a’zosi Malika Qahhorova bronza medaliga sazovor bo’ldi;
  • Baydarkada eshkak eshish boʻyicha ayollar oʻrtasida 500 metrga kechgan bahsda Yekaterina Shubina hamda Arina Tanatmisheva juftligi marraga uchinchi boʻlib yetib keldi va bronza medaliga ega boʻldi;
  • Baydarka va kanoeda eshkak eshish baslarining soʻnggi startida ayollar oʻrtasida 200 metrga kanoeda eshkak eshish boʻyicha Shohsanam Sherzodova va Nilufar Zokirova juftligi bronza medalini qoʻlga kiritdi.
  • Baydarkada eshkak eshish boʻyicha 500 metrga kechgan dasturda Shahrizoda Mavlonova, Arina Tanatmisheva, Yekaterina Shubina hamda Yuliya Borzova kvarteti marra chizigʻini uchinchi boʻlib kesib oʻtdi va bronza medali bilan taqdirlandi;
  • Boks boʻyicha Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi aʼzosi Nigina Oʻktamova yarim finalda KXDR vakiliga imkoniyatni boy berdi va bronza medali egasiga aylandi;
  • Boks bo‘yicha -80 kg vazn toifasida ishtirok etgan To‘rabek Habibullayev bronza medaliga sazovor bo‘ldi;
  • Yunon-rum kurashi boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Rustam Assakalov qozog‘istonlik raqibini mag‘lub etgani uchun bronza medali bilan taqdirlandi;
  • Ayollar kurashi bo’yicha O’zbekiston terma jamoasi a’zosi Aktenge Keunimjayeva -50 kg vazn toifasida ishtirok etib, bronza medaliga ega chiqdi. Aktenge ushbu sport turida Osiyo o’yinlarida sovrindor bo’lgan birinchi o’zbekistonlik sportchi bo’ldi;
  • Ayollar kurashi boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Laylo Sobirova (57 kg)ham oʻz nomini Osiyo oʻyinlari sovrindorlari qatoriga qoʻshib qoʻydi — bronza;
  • Og‘ir atletikachi Ruslan Nurudinov 391 (175+216) kg bilan bronza medalini qo’lga kiritdi;
  • Erkin kurash boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Bekzod Abdurahmonov (74 kg) Osiyo oʻyinlari bronza medali sohibiga aylandi;
  • Javrail Shapiyev (-86 kg) erkin kurash bo‘yicha bronza medali uchun kechgan murosasiz bellashuvda bahraynlik Magomed Sharipovni magʻlubiyatga uchratdi;
  • Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 1994-yilgi chempionlikdan so‘ng eng yaxshi natijani qayd etdi. Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda Timur Kapadze shogirdlari Gonkong a’zolarini yirik — 4:0 hisobida mag‘lub etdi;
  • Og’ir atletika bo’yicha O’zbekiston terma jamoasi a’zosi Rustam Jangabayev ham sovrindorlar qatoridan joy oldi;
  • Shaxmat bo’yicha O’zbekiston erkaklar terma jamoasi Osiyo o’yinlarida uchinchi o‘rinni band etdi.
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ