Toshkentdagi ilk matcha-kafe: Narxlar, manzil va qisqa sharh

E’lon qilingan sana· 299
Toshkentdagi ilk matcha-kafe: Narxlar, manzil va qisqa sharh

9-aprel kuni Toshkent gastronomik xaritasida yana bir yangi va sinab ko‘rishga arziydigan nuqta paydo bo‘ldi. Mirzo Ulug‘bek tumani Qori Niyoziy ko‘chasi 11-uyda joylashgan Matcha: kafe sizga matchali ichimliklar va shirinliklarni taklif qiladi.

Matcha — bu yapon ko‘k choyning maxsus turi bo‘lib, u quritilgan va maydalangan yashil choy barglaridan hosil bo‘ladi. Yashil kukun ko‘rinishidagi choy oddiy ko‘k choyga qaraganda noodatiy ta’mga ega. Tarkibida ko‘p miqdorda antioksidantlar bo‘lgan ushbu mahsulot immunitetni mustahkamlaydi, metabolizmni yaxshilaydi, tanani toksinlardan tozalashga va diqqatni jamlashga yordam beradi. U sizga choy va kofening birlashgan taʼmini eslatib yuborishi ham mumkin.

Bir choy qoshiq matcha kukuni issiq suvda “chasan” deb ataluvchi maxsus bambuk cho‘pcha bilan ko‘pirtiriladi. Natijada yuzasida yengil ko‘pik hosil bo‘lgan ichimlik hosil bo‘ladi. Aslida uni tayyorlash jarayoni alohida bir marosimdek o‘tadi.

Matcha: menyusida klassik matcha latte va ays matcha-lattedan tortib, matchali chizkeyk va hatto matchali muzqaymoqqacha topiladi. Qolaversa, matchali malina, kruassan, pechenye, quymoq va ruletlardan ta’tib ko‘rishingiz mumkin. Bu joy, ayniqsa, shakarni ratsiondan chiqarganlar uchun ham ajoyib tanlov bo‘la oladi, chunki aksariyat yeguliklarga shakar qo‘shilmaydi.

Ikki kishi uchun bittadan ichimlik va shirinlik sizga o‘rtacha 200−220 ming so‘mga tushadi. Yana siz matchadan uyingizga ham olib ketishingiz mumkin, ya’ni matcha solingan 30 gramli idish 100 ming so‘mdan sotiladi.

Kafe interyeri minimalistik uslub asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, ranglar ichimlik konsepsiyasiga mos tushadi: yashil va oq. Kirishingiz bilan sizni chapda ikkinchi qavatga olib chiquvchi zinalar, o‘ngda o‘rindiklar va qarshingizda maxus kiyimda matcha tayyorlovchi matcha-ristalar kutib oladi.

Birinchi qavatda bar, 2 kishilik jami 3 ta alohida o‘rindiqlar, hojatxona bo‘lsa, ikkinchi qavatda ko‘proq 4 kishilik joylar topiladi. Umuman, bu yerdagi yashil o‘simliklar, tabiiy yorug‘lik va yaponcha vayb sizga vizual zavq berishi, shubhasiz.

Matcha so‘nggi yillarda dunyo bo‘ylab siz-u biz bilgan kofega sog‘lom alternativ raqib sifatida ommalashmoqda. Ayniqsa, estetikasevarlar uchun ijtimoiy tarmoqlarda ulashsa bo‘ladigan kontentlardan biri.

Shohruh Haydarov
Muallif
Shohruh Haydarov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling