Bir likopchada an'ana va zamonaviylik: qozoqcha "Tary" etnokafesi
“Tary” — qozoq oshxonasining unutilgan taomlarini qayta jonlantirayotgan xalqaro etnik kafe tarmog‘i. Loyihaning restoranlari Ostona, Olmaota, Chimkent, Moskva, Chikago shaharlarida va yaqinda Toshkentdagi Trilliant biznes-parkida ochilgan.
Kafening konsepsiyasi an’anaviy oshxona san’atini zamonaviy yo‘nalishlar bilan uyg‘unlashtirish orqali milliy o‘zlikni saqlab qolishga asoslanadi. Ikki qavatli “Tary” interyerida zamonaviy dizayn va qozoq madaniyati hamda mehmondo‘stligi olamiga cho‘mdiradigan etnik bezak unsurlari o‘zaro chatishib ketgan. Devor va pollarni bezagan naqshli gilamlar, milliy yozuvchilarning asarlari, mahalliy kuylar, va go‘yo muzey eksponatidek — Qiliboyev Nurlanning “Tabisu” nomli surati — Amir Temurning To‘xtamish bilan maxfiy uchrashuvi tasviri bularning barchasini aks ettiradi.
Muassasa nomi bilan atalgan qozoq milliy lazzati tari (qovurilgan tariq) nonushta taomlari, shirinliklar va ichimliklarda o‘z aksini topgan. Menyu tarkibida qozoq masalliqlari bilan tayyorlangan yevropa taomlari hamda beshbarmoq va qozon jappa kabi an’anaviy taomlar mavjud. Mol miyasi, qovurilgan piyoz, sho‘rva va ot go‘shtidan tayyorlangan burger, bulgurli tovuq boldiri va sizning e’tiboringizni tortadigan boshqa ko‘plab taomlar taklif etiladi.
Biz qaymoqli yog‘da pishirilgan bug‘doy bilan garmdori sousli ot go‘shti, ot go‘shtidan tayyorlangan kraft burger va salat o‘rniga qaymoqli qazi pashtet buyurtma qildik.
Har bir stolga kompliment sifatida vaflilar va pechenye solingan likopcha beriladi. Bizdan tashqari faqat ikkita stol band bo‘lishiga qaramay, taomlarni kutish 30 daqiqaga cho‘zildi. Pashtet esa asosiy taomlar bilan birga keltirildi.
Steyklar bidoy yostiqchasi ustida shirin qalampirli chili qaylasi bilan tortiladi. Qayla mazali. Odatdagi pishirish darajasi — o‘rtacha. Bu yangi ta’m uyg‘unligini sinab ko‘rishni yoqtiruvchilar uchun qiziqarli taom.
Burger porsiyasi ancha katta. Katta ot go‘shti kotleti pishloq bilan qoplangan, ustiga karamellangan piyoz va pomidorlar qo‘shilgan. Juda to‘yimli taom, ammo ta’mi unchalik o‘ziga xos emas.
Qazidan tayyorlangan pashtet juda nozik ta’mga ega, biroq yog‘ga to‘yintirilgan non bo‘laklari uning yengilligini yo‘qotadi.
Milliy taomlarni tatib ko‘rish mumkin bo‘lgan turli-tuman restoranlar mavjud bo‘lsa-da, “Tary” o‘zining alohida muhiti bilan ajralib turadi — u bir vaqtning o‘zida ham salobatli, ham katta shahar ritmiga mos keladi.
Ikki kishi uchun to‘lov taxminan 450 ming so‘mni tashkil etdi.