Toshkent "vayb"ini berishi mumkin boʻlgan 8 ta ovqatlanish maskani
Toshkent shahri gastronomik jihatdan rivojlanib bormoqda. Har bir shaharning tashrif qogʻozlaridan biri oʻsha joyning “vayb"ini bera oladigan ovqatlanish maskanlari hisoblanadi. Afisha.uz ulardan ba’zilarini bir yerga toʻpladi.
Chorsu ovqat bozori
Foto: “Газета.uz”
Jamlanmaning gultoji bu, albatta, Chorsu ovqat bozoridir. Toshkentda yashasangiz hech boʻlmasa bir marotaba bu maskanga tashrif buyurishingiz va eski shahar muhitini his qilishingiz zarur.
Ushbu maskanda istalgan turdagi milliy taomlarni topish va ularni tanovul qilish mumkin.
Minor Somsa
Minor masjidi roʻparasida joylashgan maskanda soat 07:30 dan 20:00 gacha Toshkent ta’mini berishi mumkin boʻlgan har xil turdagi somsalarni tanovul qilishingiz mumkin.
Minor somsada kartoshkali somsa — 5 500 soʻm, tovuqli somsa — 8 500 soʻm, goʻshtli somsa — 10 500 soʻmni tashkil qiladi.
Murojaat uchun telefon: (+998) 71−234−1370.
Beshqozon osh
Soʻnggi vaqtlarda nafaqat Toshkent shahrida, balki Markaziy Osiyoda katta mashhurlikka erishgan osh markazi oʻz yetkazib berish xizmatini ham taklif qiladi.
Shunga qaramasdan “Beshqozon"ning oʻziga borish va ushbu maskanning oʻzida oshdan tatib koʻrish tavsiya etiladi. Osh narxi — 34 000 soʻmdan boshlanadi.
Murojaat uchun telefon: (+998) 71−200−9444.
“SamOsh”
Toʻy va choyxona oshidan biroz zerikkan boʻlsangiz (lekin bunday muhabbat taomidan qanday zerikish mumkin, bilmadim) yoki biroz boshqacharoq Samarqand zigʻir oshidan tatib koʻrishni xohlasangiz Parkent bozori yonidagi “SamOsh” tavsiya qilinadi.
Zigʻir osh narxi — 34 500 soʻmdan boshlanadi.
Murojaat uchun telefonlar: (+998) 98−368−7875; (+998) 98−305−7875.
40 yil pirojkilari
Ushbu maskanning tashrif qogʻozi kartoshkali “пирожки"lar hisoblanadi. Ushbu nom bilan bir qator filiallar ham ochilganini ta’kidlab oʻtish lozim.
Shuningdek, kafe ajoyib “пирожки"laridan tashqari oʻz gummasi bilan ham maqtana oladi. Afsuski, internetda bu yer haqida ma’lumotlar juda kam. Shu sababli muxbirimizning oʻzi ushbu maskanga borib, narxlar bilan tanishdi.
Narxlar:
- pirojki — 3500 soʻm;
- sous — 2500 soʻm;
- kompot (0,5 litr) — 8000 soʻm;
- kompot (0,5 litr) — 14 000 soʻm.
“Kamolon” osh markazi
Bir mashhur komikning soʻzlarida aytilganidek — “yana osh”. Uzoq vaqtdan beri Toshkent shahridagi asosiy osh markazlaridan biri boʻlib kelayotgan “Kamolon” osh markazida taom narxi 34 000 soʻmdan boshlanadi.
Ushbu maskanda toʻy oshidan tashqari, choyxona va zigʻir palovlarni ham tanovul qilish mumkin.
Murojaat uchun telefon: (+998) 55−500−1661.
“Asl Besh Panja”
Jamlanmamizdan kabobxona oʻrin olmasa adolatdan boʻlmasdi. Mashhur Chigʻatoy kabobini aynan “Asl Besh Panja” oilaviy restoranidan topish mumkin.
Ushbu maskanda taomlanish narxi bir kishi uchun taxminan 50 000 soʻm atrofida boʻladi.
Murojaat uchun telefon: (+998) 90−815−0055; (+998) 93−587−0000.
“Farovon” choyxonasi
“Bochka"da joylashgan va oʻz mastavasi bilan juda mashhur hisoblanadi. Bu yerda siz nafaqat taomdan, balki manzaradan ham birdek zavq olishingiz mumkin. Ushbu manzilni, Toshkent viloyatida joylashganiga qaramay, jamlanmaga bonus sifatida qoʻshishga qaror qildik.
Bir kishi uchun ovqatlanish narxi taxminan 50 000−150 000 soʻm atrofida boʻladi.
Murojaat uchun telefon: +99895 142−66−00.
Avvalroq Afisha.uz saytida Toshkentda qayerlarda pitsa yeyish mumkinligi, shuningdek, poytaxtda joylashgan xorij oshxonalari haqida jamlanmalar e’lon qilgandi.