120 000 so'mga ikki kishilik tushlik yoki Abi Mukammal Doner haqida

E’lon qilingan sana· 558
120 000 so'mga ikki kishilik tushlik yoki Abi Mukammal Doner haqida

Tez pishadigan va unchalik qimmat bo’lmagan ovqatlanadigan joy qidirish davomida Abi Mukammal Doner`ga e’tibor qaratdik. Restoranlar haqidagi maqolalarimiz seriyasini arzon narxlardagi oddiy muassasalar bilan rang-barang qilishga qaror qilib, biz aynan shu yerga bordik va ular haqiqatan ham «mukammal» doner pishirishadimi yoki yo’qligini tekshirdik.

Restoran deb ataladigan ushbu kafe Oloy bozorining orqa tomonida — 17-maktab yaqinida joylashgan. Kirish qismida yo’l bo’ylab o’simlik tuvaklari bilan o’ralgan yopiq yozgi terrasa mavjud. Ichkarida stollarning ko’pligiga qaramay, maydoni keng ko’rinadi.

Menyuni kutishga hojat yo’q: u har bir stolda turadi, bu esa xizmat ko’rsatish tezligini oshiradi. Unda hammasi bo’lib 11 ta bo’lim mavjud: ichimliklar, gazaklar, sho’rva va, albatta, doner. Muassasaning asosiy taomi 38 000 so‘m turadi. Buning ichiga 48 soat davomida marinadlangan, ikkita lavash nonining orasiga qo’yib tortiladigan totli mol go’shti kiradi. To’liq ta’mni his qilish uchun kartoshka-fri (13 000 so’m), souslar (har biri 3 000 so’m), qalampir (5 000 so’m), piyoz (2 000 so’m) ham buyurtma berib, ular bilan lavashni to’ldirishingiz mumkin. Ammo bu holda, hisob sezilarli darajada oshadi, bu esa ushbu taomga xos bo’lgan tez va arzon ovqat tushunchasini yo’qqa chiqaradi.

Biz donerni menyuda ko’rsatilgan shaklda buyurtma qilishga qaror qildik. Bu yerda 33 000 so‘mlik klassik doner ham bor — u bulochkada piyoz va pomidor qo‘shilgan go‘sht bilan birga tortiladi. Biz uni ham buyurtirdik, va buyurtmaga merjimek (yasmiq) krem-sho‘rva (13 000 so‘m), pomidorli salat (10 000 so‘m) va ayronni (10 000 so‘m) ham qo‘shdik.

Atrofimizga qarashga ulgurmadik, taomlar birin-ketin taqdim etila boshlandi. Ovqatlanish uchun vaqtingiz juda kam bo’lsa yoki ishingiz ko’p bo’lsa, bu juda qulay.

Keling, ayrondan boshlaymiz. Ko’pikli, odatdagidek yengil tetiklantiruvchi ta’m yangi, klassik shaklda — olma va ko’katlarsiz stolga tortildi.

Yasmiqli krem-sho'rva limon bo’lagi bilan taqdim etildi. Oppoq idish taomning yorqin to’q sariq rangini ta’kidlab turadi, ammo idishlardagi dog' bo’lgan qirralar ishtahani ochmaydi. Krem-sho'rva juda suyuq bo’lib chiqdi va bizningcha, unga biroz ziravorlar yetishmagandek edi.

Avvalroq yozganimdek, Abi Doner yupqa kesilgan go’sht va lavashdan iborat. Go’sht totli, lavash esa yangi yopilgan non kabi yumshoq — ularni rostan ham bir daqiqadan kamroq vaqt ichida sizning ko’z oldingizdagi tandirda pishirishadi. Tashqi ko’rinishidan taom biroz oddiydek va o’zingizni to’yadigandek his qilmaysiz. Unga menyudan boshqa narsalarni qo’shish tavsiya etiladi, lekin bu ham sizning byudjetingizga bog’liq.

Pomidor va piyoz bo’laklari bilan to’ldirilganiga qaramasdan, klassik donar quruq bo’lib qolaverdi. Ehtimol, unga qo’shimcha ravishda souslarga buyurtma berishga to’g’ri keladi.

Yoki biz ish kunining oxiri bo’lgani uchun juda och edik, yoki ko’proq buyurtma berishimiz kerak edi, lekin biz stoldan ochlik hissi bilan turdik. Tashrif buyuruvchilarning ko’p ekanligiga e’tibor qaratgan holda, biz boshqa safar yana qaytib kelib, Abi Donerni ko’proq qo’shimcha mahsulotlar bilan birga tatib ko’rishga qaror qildik.

Hisob, suv va 12% xizmat ko’rsatish haqi bilan birga, jami 122 080 so’mni tashkil etdi.

Vika Chmikhalova
Muallif
Vika Chmikhalova