2 ta “Jentra” narxiga velosiped: Lotus Type 136 taqdim etildi
Britaniyaning sport va poyga mashinalari ishlab chiqaruvchi Lotus kompaniyasi o‘zining flagman elektrovelosipedi — Lotus Type 136'ni taqdim etdi.
Velosiped aerodinamik uglerod monokok ramkasi va yengil HPS elektrprivod tizimi bilan jihozlangan. Buning yordamida velosipedning og‘irligi atigi 9,8 kilogrammni tashkil qiladi. Har bir velosiped uchun ramkalar Italiyada qo‘lda tayyorlanadi.
Ta’kidlanishicha, velosiped elektr quvvatida uch soatgacha harakatlana oladi. HPS’ning Watt Assist Pro elektrprivod tizimi va 193 Wh tashqi batareyasining og’irligi bor-yo‘g‘i 1,2 kilogrammni tashkil qiladi.
Lotus dastlab Campagnolo Super Record, Campagnolo Bora Ultra WTO 60 g‘ildiraklari, seramika podshipniklari bo‘lgan aerodinamik jihatdan optimallashtirilgan vtulka bilan jihozlangan va o‘ziga xos dizaynga ega 136 ta individual raqamlangan velosipedlarning cheklangan seriyasini chiqaradi. Bunday velosipedlarning har biri 326 867 000 so‘m turadi.
Solishtirish uchun, “UzAuto Motors” rasmiy saytida Chevrolet Lacetti L-Style AT Plus (“Jentra”) narxi 169 118 000 so‘m etib belgilangan. Yuqoridagi velosiped narxiga 2 “Jentra” xarid qilish mumkin.
SRAM transmissiyali Lotus Type 136 2024-yilda xaridorlarga 234 623 000 so‘m narxda taqdim etiladi.