Samarqandda O‘zbekistondagi birinchi turizm mahallasi ochildi
O‘zbekistonda birinchi marta Samarqand shahridagi “Bog‘i baland” mahallasiga “turizm mahallasi” maqomi berildi.
Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyevning ta’kidlashicha, ushbu turizm mahallasi mahalliy va xotijiy sayyohlar sonini oshirishga xizmat qiladi, Samarqand viloyatining ekologik muhiti yanada yaxshilanadi.
Yangi turizm mahallasida 15 ta dam olish maskani bor, shuningdek, yo‘l ko‘rsatkichlar, stella va bog‘ xaritasi o‘rnatilgan. Bundan tashqari, har xil turdagi manzarali va mevali daraxtlar, gul ko‘chatlari ekilgan.
Shu bilan birga, turizm mahallasida anjir va anjir mahsulotlaridan tayyorlangan shirinliklar, quritilgan va konservalangan mahsulotlar savdosi, hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi va savdosi tashkil etildi. Bundan tashqari, turizm axborot markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, turistlar uchun zaruriy barcha maʼlumotlar joylashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Samarqanddagi “Bog‘i baland” Аmir Temur asos solgan va bugungacha saqlanib qolgan mashhur bog‘lardan biri hisoblanadi. Ayni damda bog‘ hududidagi avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan 40 gektarlik bog‘da 10 mingdan ortiq sariq va qora anjir daraxtlari yetishtiriladi. Mevalar ekologik jihatdan toza, chunki ularni yetishtirishda kimyoviy moddalar va dorivorlardan foydalanilmaydi.