Toshkent metrosida suratga olingan kliplar

E’lon qilingan sana· 1 241
Toshkent metrosida suratga olingan kliplar

Klip — musiqa san’atining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. Hozirda koʻp treklar rasmiy videosi bilan premyera qilinadi. Shu bilan birga, aksariyat kliplarni bir xillikda ayblashadi — bir xil ssenariy, takror va takror ayni aktyorlar va hatto lokatsiyalar ham oʻxshash.

Ammo Toshkentda shunday zoʻr joy (lar) borki, u yerda juda autentik kliplar olish mumkin va bundan kam san’atkor foydalangan — bu Toshkent metrosi. Bekatlar tarixiy va interyer jihatdan goʻzal. Uzoq vaqt davomida u yerda suratga olish ishlariga ruxsat berilmas edi, ammo sharoit oʻzgargandan soʻng ayrim san’atkorlar bundan foydalandi va klipining bir qismi uchun aynan metroni tanladi. Afisha.uz Toshkent metropoliteni bekatlarida suratga olingan kliplarni bir joyga toʻpladi.


Lola — Sevgingni menga ayt

Maftunkor Lolaning shov-shuvga sabab boʻlgan bu klipini koʻpchilik juda yaxshi eslasa kerak. Unda bir nechta ishoralardan tashqari metroda olingan kadrlar ham bor. Lola oʻsha afsonaviy raqsini birinchi boʻlib aynan metroda ijro qiladi. Bu uchun “Xalqlar doʻstligi” bekati tanlangan.

Bundan tashqari, ushbu klipda Lola metro vagonida ham boʻladi, koʻrinishidan, u buni suratga olish uchun shunchaki pik vaqtni tanlagan va odam toʻla vagonda sodda insonlar bilan videoga tushgan.


Jahongir Otajonov — Jonim

Xonanda Jahongir Otajonov oʻzining xit qoʻshiqlaridan biriga klipni deyarli toʻliq metroda suratga olgan. Klip voqealari asosan metro eski vagonn ichida va “Kosmonavtlar” bekatida boʻlib oʻtadi. Otajonov — vagonda mashinist, bekatda esa kosmonavt rolida.

Bekatda odam yoʻqligi va chiroqlar oʻrnatilishidan kelib chiqadigan boʻlsak, bu klip yuqoridagidan farqli oʻlaroq metropoliten ish vaqtidan keyin olingan.


Xamdam Sobirov & Rayhon — Qizil koʻylak

Oxirgi yillarning asosiy xitmeykeyri Xamdam Sobirov ham metroda klip suratga olishga ulgurgan. Rayhon bilan kuylangan “Qizil koʻylak” qoʻshigʻini eshitmagan odam deyarli qolmagan, lekin klipiga e’tibor bermaganlar boʻlishi mumkin. Ular bu uchun “Yunus Rajabiy” bekatini tanlashgan.

Nostalgik kayfiyat beruvchi attributlardan foydalanadigan Xamdam bu klipda ham bundan uzoqqa ketmagan. Klipning boshqa qismlarida eski maktab atmosferasi va qishloq hayoti uchraydi, metroda raqs tushayotganlar ham eski uslubdagi kiyimlarda. Xuddi yuqoridagi sabablarga koʻra buni ham ish vaqtidan keyin suratga olinganini taxmin qilish mumkin.


Iroda Nosirova — Kel

Haqiqiy nostalgiyaga qaytamiz. Iroda Nosirova u yerda hali suratga olish qiyin boʻlgan paytlarda klip olgan. Bu taxminan 10−15 yil avval sodir boʻlgan. Klip “Minor” metro bekatida olingan.

Izzat Shukurov — Metro

Roʻyxatning shu joyigacha keltirilgan kliplarda metro lokatsiya sifatida ishtirok etgan boʻlsa, Izzat Shukurov uni toʻlaqonli qoʻshiqqa bogʻlagan, hatto shunday nomlagan. Klip syujetini juda primitiv: metroga shoshilib ketayotgan yigit va qiz bir-biriga urilib ketadi, qizning qoʻlidan tushgan narsalarni yigʻguncha metro ketib qoladi, yigit keyingi kunlar ham qizni uchratish uchun xuddi shu vaqtda keladi va ular koʻp bor uchrashib, baxtli boʻlib ketishadi — klassika.

Video kunduz kuni suratga olingan, demak ish vaqtida va oddiy yoʻlovchilar bilan. Klip davomida koʻringan yoʻl koʻrsatgichlardan tushunish mumkinki, klip “Mustaqillikning 30 yilligi” halqa yoʻlining “Yashnobod” bekatida suratga olingan.


Shirin — Metro

Umri uzoqqa choʻzilmagan xonanda Shirin Abdullayeva ham “Metro” nomli qoʻshiq kuylagan. Uning klipi interyer jihati eng chiroylilaridan boʻlgan “Kosmonavtlar” va “Hamid Olimjon” bekatlarida suratgan olingan.

Syujetga koʻra, qiz metropolitenda farrosh boʻlib ishlaydi, ammo bir vaqtda oʻzini boy koʻrsatib, yigitlarni aldab keladi. Uni yigitning oʻrtoqlaridan biri koʻrib qoladi, keyin… davomini oʻzingiz koʻra qoling.


Siz metroda suratga olingan yana qaysi kliplarni bilasiz, biz qaysilarini e’tibordan chetda qoldirdik? Izohlarda yozib qoldiring, yordamingizdan mamnun boʻlamiz.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling