"Ma'naviy ekspertiza" boʻlmaydi: Adliya vazirligi qonun bekor boʻlganini e'lon qildi

E’lon qilingan sana· 397
"Ma'naviy ekspertiza" boʻlmaydi: Adliya vazirligi qonun bekor boʻlganini e'lon qildi

Avvalroq Oʻzbekistonda media mahsulotlarini “ma'naviy ekspertiza"dan oʻtkazish joriy etilgani haqida xabarlar paydo boʻlgandi. Bunga javoban media mahsulotlar faqat qonuniylik yuzasidan ekspertiza qilinishi mumkin ekanini ma’lum qildi Adliya vazirligi.

Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Madaniyat vazirligi, Kinematografiya agentligi, Milliy teleradiokompaniya va Milliy media assotsiatsiyasi bilan birgalikda qabul qilingan hujjatda jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi umummajburiy kuchga ega boʻlgan huquqiy normalar belgilanganligi aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, amaldagi qonunchilikka muvofiq vazirlik va idoralarning shunday turdagi huquqiy hujjatlari Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.

Davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan bu turdagi hujjatlar tegishli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish uchun asos boʻlib xizmat qilishi mumkin emas hamda huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi.

“Shu bois, media mahsulotlarini “maʼnaviy ekspertiza"dan oʻtkazishni joriy etish toʻgʻrisidagi qaror ushbu hujjatni qabul qilgan organlar tomonidan bekor qilinganligi va ijrodan chaqirib olinganligi maʼlum qilinadi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Shuningdek, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi mutaxassislari tomonidan turli manbalarda tarqatilgan media mahsulotlarning amaldagi qonunchilikka zidligi aniqlangan taqdirda ularni bartaraf etish yuzasidan tahliliy fikrlar tarzida vakolatli organlarga belgilangan tartibda taklif kiritib borish maqsadga muvofiqligi haqida tavsiyalar berilgani ta’kiblab oʻtilgan.