"Chidama": Lola va Konsta ayollarga nisbatan zoʻravonlik haqidagi klipni taqdim etishdi

E’lon qilingan sana· 502
"Chidama": Lola va Konsta ayollarga nisbatan zoʻravonlik haqidagi klipni taqdim etishdi

10-dekabr kuni xonanda Lola va reper Konstaning ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kampaniyaning bir qismiga aylangan videosi premyerasi bo‘lib o‘tdi.

“Klip — kurash, erkinlik sari yo‘l va berk doiradan chiqishga yordam beruvchi kuch haqidagi hikoyadir. Biz shafqatsizlikni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatmaymiz, balki obrazlar orqali ko‘pincha chuqur yashiringan narsalar haqida so‘z yuritamiz. Bu loyiha muhim muloqotning boshlanishi bo‘lishiga chin qalbdan ishonaman. G‘oyaning hammuallifi bo‘lish va ushbu loyihani yaratishda ishtirok etish men uchun katta sharaf. Zo‘ravonlik mavzusi men uchun juda muhim va ta’sirchan, shuning uchun bu loyihani juda shaxsiy tarzda his qilib yashab o‘tdim,” — deya fikr bildirdi g‘oya hammuallifi Zamira Rahmonova.

“Klip va bu qo‘shiq — suhbatni boshlash usulimiz. Zo‘ravonlik, ichdan yemiruvchi sabr-toqat va bu doiradan chiqib ketishga yordam beradigan kuch haqida gap ochmoqchimiz. Zo‘ravonlikka qarshi kurashda oson yo‘l yo‘q. Dunyoni yaxshilash, an’analar niqobi ostida va boshqalarning qo‘rquvlari ortida yashiringan zo‘ravonlikni yo‘q qilish uchun uzoq yo‘lni bosib o‘tishimiz kerak. Bu klip oilaviy qadriyatlarga yoki an’analarga qarshi emas. U bulardan buzilgan taqdirlarni oqlash uchun foydalanadigan kishilarga qarshi. Biz u muloqotning boshlanishi bo‘lishini, har biringiz yolg‘iz emasligingizni bilishingizni istaymiz. Birgalikda biz kuchlimiz. Birgalikda uddalay olamiz,” — deydi Lola.

Bu loyiha ko‘pincha sukutga mahkum etilgan muammo haqida muloqotga undovchi hissiy bayonotdir. Klip va qo‘shiq zo‘ravonlik va qo‘rquv bilan ichki kurash to‘g‘risidagi ramziy masalga aylandi, majburiy sabr-toqat o‘rniga ongli ravishda erkinlikni tanlashning muhimligini ta’kidlab o‘tdi.

Syujet markazida “Sabrning tagi oltin” stereotipini aks ettiruvchi tilla libos kiygan ayol qahramon turadi. Uning vahimali o‘rmondan qochishi, xavotirli tasvirlar bilan to‘lgan, o‘z qo‘rquv va shubhalari bilan kurashishning ramziy ifodasi bo‘ladi. Video davomida eshitiladigan ovozlar insonni majburiy sabr-toqat holatida ushlab turadigan va soxta e’tiqodlar tuzog‘iga solib qo‘yadigan qo‘rquv hamda fikrlarni gavdalantiradi.

Qahramonning bola bilan uchrashuvida voqealar avj nuqtasiga ko‘tariladi. Bu bola ichki ovozni — ruhning yordam va qo‘llab-quvvatlashni so‘raydigan qismini ramziy ifodalaydi. O‘ziga quloq solishning muhimligini anglab yetgan qahramon qo‘rquv iskanjasini ifodalovchi to‘siqlarni parchalash uchun o‘zida kuch topadi va boshqalarni ham shunga ilhomlantiradi.

Klip sabr-toqatning ikki turi o‘rtasidagi farqqa alohida e’tibor qaratadi:

Sabr — inson tomonidan to‘liq anglash va ichki tayyorgarlik ila qabul qilingan ongli bo‘ysunish.

Chidamoq — qoralash, tushunmaslik yoki qabul qilinmaslik qo‘rquviga asoslangan ichingizni yemiradigan bardosh.

Nima uchun qahramonni ta’qib qilgan odamlar oxirida uni qo‘yib yuborishadi? Chunki ular o‘zlari ham ijtimoiy me’yorlar va stereotiplar asiri ekanliklarini anglaydilar. Buni tushunib yetgach, ular uning izidan borishga qaror qiladilar. Shunday qilib, klip ochiq final bilan tugaydi va tomoshabinga o‘z xulosalarini chiqarish imkoniyatini beradi.