2024-yil Google'da eng koʻp nimalar qidirildi?

E’lon qilingan sana· 774
2024-yil Google'da eng koʻp nimalar qidirildi?

“Google” kompaniyasi qidiruv tizimi orqali 2024-yilda eng koʻp izlangan soʻzlar va mavzularni sarhisob qildi. Kompaniya trenddagi mavzu va qidiruvlarni yoʻnalishlar boʻyicha ajratdi.

Qidiruvlar

Trenddagi qidiruvlar orasida futbol boʻyicha “Copa America” kubogi, UEFA Chempionlar Ligasi, kriket boʻyicha Jahon chempionati, Hindiston va Angliya uchrashuvi hamda “One Direction” musiqiy guruhining marhum a’zosi Liam Peynlar top beshlikka kirdi.

Yangiliklar

Eng koʻp e’tiborda boʻlib turgan yangiliklar AQShdagi prezidentlik saylovlari boʻldi. Anomal issiqlik haqidagi xabarlar esa 2-oʻrinda boʻldi. Parijda oʻtkazilgan Olimpiadaga oid xabarlar eng koʻp oʻqilgan uchinchisi boʻldi. Milton toʻfoni va Yaponiyadagi tayfun esa mos ravishda 4 va 5-oʻrinni egalladi.

Insonlar

“Google” orqali eng koʻp qidirilgan insonlar orasida 1-oʻrinni AQShning 46-prezidenti Donald Tramp egalladi.

Ikkinchi oʻrinda esa Uels malikasi Ketrin qayd etilgan. Prezidentlik saylovlarida Trampga raqiblik qilgan Kamala Harris esa eng koʻp qidirilgan 3-inson boʻldi. Parij Olimpiadasida boks boʻyicha ayollar oʻrtasida chempionga aylangan va bu yoʻlida koʻplab muhokamalarga sabab boʻlgan Imon Halif undan keyingi oʻrinda boʻldi. Kuchli beshlikni AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden yakunlab bergan.

Kinolar

Foydalanuvchilar bu yil eng koʻp “Inside out 2” (“Boshqotirma 2”) multfilmini qidirgan.

Undan keyingi oʻrinda esa “Deadpool & Wolverine” filmi boʻldi. 3-oʻrinda “Saltburn” komedik trilleri qayd etilgan. Undan keyingi oʻrinni “Beetlejuice Beetlejuice” filmi egallagan. Bu yil trendda boʻlgan “Dune 2” kinosi esa 5-oʻrinni egallagan.

Musiqalar

Qoʻshiqlar orasida birinchi oʻrinda amerikalik reper Kendrik Lamarning “Not Like Us” treki qayd etilgan. Yil oxiriga yaqin trendga chiqqan Bruno Mars va “Black Pink” qizlar guruhi a’zosi Rose ijrosidagi “APT” qoʻshigʻi ikkinchi oʻrinni egallagan. Yaponiyalik hip hop dueti — “Creepy Nuts"ning “Bling-Bang-Bang-Born” treki kuchli uchlikka kirgan. Amerikalik reper KSIning “The Thick of It” treki va Sabrina Karpenterning “Espresso” qoʻshiqlari mos ravishda 4−5-oʻrinlarni egallagan.