Hip-hopda yangi ijrochi: AbroBey "Qimmat dunyo" trekini e'lon qildi
Oʻzbek Hip-hopiga yaqindagina kirib kelgan AbroBey taxallusi bilan ijod qiluvchi ijrochi oʻzining “Qimmat dunyo” trekini e’lon qildi. Unga ishlangan klip YouTube’da qisqa vaqt ichida (10 kun) 200 mingdan ziyod koʻrildi.
Afisha.uz muharriri AbroBey bilan suhbatlashib, ushbu trek haqida soʻradi.
“Aslida arzon narsalar bizda qimmatlashib, qadrlilashib, kulgili holatga kelib qolganini koʻrganimdan keyin ushbu trekni yozdim. Unda aytilgan holatlarning barchasi boshimdan oʻtgan: doktorlarga ishim tushgan, poraxoʻrlik va hokazo. Eng yomoni — odamlar buni hammasini bilib turadi. Bilib turib, yolgʻon gapiradiganlar bor. Shu koʻrgan-kechirganlarimni yigʻib, bitta qoʻshiq qildim-da”, — deydi Abror.
Yangi ijrochi uchun 10 kunda bitta platformada 200 mingdan ortiq koʻrishlar soni — yaxshi va biroz kutilmagan natija. Biz bu haqda ham ijodkorning oʻzidan soʻradik.
“Kliplarimni har doim oʻzimning yaqin akam olib beradi. Hech qachon klipmeykerlarga murojaat qilmaganman. Men har doim unga ishonganman va bu safar ham u kutganimdan ham ziyoda klip qilib berdi. Raqamlarga keladigan boʻlsak, toʻgʻrisini aytsam, bu darajada koʻrilishini kutmagandim. Hozir ham oʻsishdan toʻxtamayapti, koʻz tegmasin. Odamlar shu qoʻshiqdan keyin koʻchalarda meni tanib qolib, rasmlarga tushyapti, qiziq holat ekan”, — deydi ijodkor.
Abror yangi yilgacha yana bitta trek e’lon qilishni rejalashtirayotganini aytdi, u bolalik davri haqida boʻladi.
AbroBey ijrosidagi “Qimmat dunyo” trekini quyidagi havola orqali tinglashingiz mumkin.