"Qichqiriq", "Breaking bad", "Big Lebowski": Jahongir Otajonovning yangi klipi tahlili
20-noyabr kuni Jahongir Otajonovning “Poram” qoʻshigʻi va unga ishlangan klip e’lon qilindi. Qoʻshiqchining ushbu ijod namunasi ham avvalroq premyera qilingan “Foniy dunyo” klipi kabi ramzlarga va ishoralarga toʻla.
Klip YouTube platformasida hozirgacha 180 ming martadan oshiq koʻrildi va har xil muhokamalarga, xususan, koʻplab ijobiy fikrlarga sabab boʻldi. Quyida Afisha.uz muharriri ham ushbu ijod namunasi haqida oʻz fiklarini bildiradi.
“Poram” katta boylik ilinjida har qanday ishga qoʻl uradigan odamlar haqida boʻlib, qoʻshiqda ham dollar va yevro soʻzlaridan tashqari “pulim, pulim, jonim mening” jumlalari koʻp bor yangraydi. Shuningdek, Jahongir Otajonov mashhur film va seriallardagi boy yoki katta pul bilan muammosi boʻlgan personajlar qiyofasida koʻrinish beradi.
Bu klipni ham rejissyor Sardor Faxriddinov suratga olgan boʻlib, avvalgi “Foniy dunyo” ustida ham ishlagan edi. YouTube platformasiga joylangan klipning izohlarida bir foydalanuvchi “Bu ijod namunasini klipmeyker emas, rejissyor suratga olgani sezilibdi”, deya yozib qoldirgan. Videoni koʻrar ekansiz, uni haqiqatan san’at asarlaridan xabari bor odamlar tomonidan ishlanganini sezish qiyin emas.
Ramzlar va ishoralar
Klipning ilk kadrlarida mashhur “Forbes” jurnalidaning ilk sahifasini koʻrish mumkin. Uning chap “Pul ham doʻstingdir, ham dushmaning” iqtibosi yozilgan oʻng tomonda esa mikrofon tasvirlangan.
Shundan soʻng mikrofon qarshisida Jahongir Otajonov mashhur multfilm qahramoni Skruj Makdak obrazida namoyon boʻladi.
Kadr uzoqlashadi va uning fonida tashlandiq joyda pullarni yoqib yuborayotgan odam koʻrinish beradi.
Keyingi kadrda klip qahramoni premium kiyimlarda, qimmat joyda, dollar kupyuralarga oʻralgan hojatxona qogʻozi bilan maqtanishni boshlaydi. Ammo kadr uzoqlashgandan keyin, aslida u dalada, sigirlar orasida, lekin oltin sanuzelda oʻtirganining guvohi boʻlamiz.
Bunda birinchidan, yoʻq narsani xuddi bordek koʻrsatib, maqtanishga odatlangan, ikkinchidan esa hamma narsani tilladan boʻlishini xohlab, didsizlikka yoʻl qoʻyayotgan odamlar tanqid ostiga olinayotgani seziladi.
Shundan soʻng 1998-yilda chiqarilgan va kinematografiya klassikasiga aylanishga ulgurgan “Big Lebowski” (Katta Lebovski) filmiga ishorani koʻrishimiz mumkin. Ma’lumot uchun, kinokartinada tashvishsiz hayot kechirayotgan bosh qahramonning baxti to‘satdan buziladi. Gangsterlar yanglishib, uni familyasi oʻxshash boʻlgan boshqa millioner odam, deya o‘ylashadi katta pul talab qilishni boshlaydi.
Keyingi kadrda esa oʻsha mashhur rassom Edvard Munkning “Qichqiriq” asariga ishora koʻrsatiladi. Asarning ikki xil talqini mavjud boʻlib, unda qahramonning o‘zi dahshatga tushib, qo‘llarini quloqlariga bosib, ovozsiz qichqiradi yoki qahramon atrofdagi dunyo va tabiat qichqirig‘idan quloqlarini berkitadi.
Munk “Qichqiriq"ning 4 ta versiyasini chizgan va bu rasm rassom azob chekkan maniakal-depressiv psixozning mevasi degan versiya ham mavjud. Klipdagi kadrda pul va boylik atrofidagi shovqin-suronlardan qulogʻini berkitayotgan qahramonni koʻrishimiz mumkin.
Oxirgi paytlarda koʻp bora Toshkent va ekologik muammolar jumlalari yonma-yon kelishi oddiy holat boʻlib qoldi. Jahongir Otajonov ham oʻz klipida bunga toʻxtalib oʻtadi.
Bu kadrda ham boshqalarida boʻlgani kabi pul oʻrin oladi. Bundan tashqari, qolgan-qutgan narsalarga koʻz tikib turgan yana bir personajni koʻrish mumkin.
Katta pul ilinjida qopqonga tushib qolgan qahramon kadri orqali hozirgi kunda oson boyishga erishish maqsadida koʻp narsasini yoʻqotayotgan odamlarga ishora qilinmoqda.
Jahongir Otajonov kir mashina ichidan pullarni oladigan kadrni esa klipdagi eng qiziqarlisi deyish mumkin. Bunda barcha davrlarning eng yaxshi seriallaridan biri deya e’tirof etiladigan “Breaking bad"ga ishora qilinmoqda.
Serial bosh qahramoni Uolter Uayt ham qingʻir yoʻl bilan topgan pullarini toʻgʻridan-togʻri ma’noda kir mashinada yuvadi. Bu “pul yuvish” (noqonuniy ishlab topilgan pullarni rasmiylashtirish, qonuniylashtirish) bilan bogʻliq ishlarga ham belgi boʻlib, klipda ham bunga e’tibor qaratiladi.
Keyin esa animatsion kadrlar boshlanadi. Unda Jahongir Otajonov sochilayotgan pullar va tangalar ostida raqsga tushadi.
Klipning soʻnggi kadrida ham “Breaking Bad” serialidagi mashhur epizodga ishorani koʻrish mumkin. Uni serialni koʻrmagan inson ham payqashi mumkin, aynan shu kadr memga aylanib ketgan.
Soʻnggi vaqtlarda Jahongir Otajonovning ijodida jonlanishni sezish mumkin. Bundan tashqari, bizda uning ijodini parallel ijod qilayotgan boshqa san’atkorlar bilan solishtirish imkoni ham paydo boʻlmoqda. Toʻgʻri, bu ishoralarga va Ezop tilidagi murojaatlarga boy uchinchi klip boʻlsa-da, ularning hech qaysisi bir biriga oʻxshamaydi.
“Poram” klipi orqali san’atkor shunchaki ko‘ngilochar mahsulot emas, balki jamiyatga o‘z qarashlarini yetkazishga, insonning ichki dunyosiga oid savollarni o‘rtaga tashlashga erisha olgan. Shu sababli, bu klip nafaqat musiqiy san’atni, balki zamonaviy o‘zbek madaniyatini ham boyituvchi asar hisoblanadi.
Quyida klipni tomosha qilishingiz va Telegram kanalimizdagi izohlarda biz ilgʻamay qolgan belgilar haqida yozib qoldirishingiz mumkin.