Oʻzga sayyoraliklar uchun 10 kitob
Oldinroq rossiyalik jurnalist Yuriy Dud adabiyotchi Armen Zaxaryandan intervyu olgandi. Suhbat davomida jurnalist undan Yer sharidagi adabiyotdan xabari boʻlmagan oʻzga sayyoraliklarga koʻrsatish uchun 10 ta kitob tavsiya qilishni soʻraydi.
Bunday savol avvalroq musiqashunos Anna Vilenskaya bilan intervyuda ham yangragan, Afisha.uz muharrirlari “oʻzga sayyoraliklarga eshittirish mumkin boʻlgan 10 ta oʻzbekcha qoʻshiq” boʻyicha oʻz versiyasini taqdim etgandi.
Bu safar esa (koʻp kitob oʻqimagan) muharrirlar oʻz versiyalarini taklif etishga ojizlik qildi, ammo TOP-10'lar an’anasini davom ettirish uchun Zaxaryanning tavsiyalarini va fikrlarini tarjima qildi. Demak, quyida adabiyotshunos Armen Zaxaryanning versiyasi boʻyicha oʻzga sayyoraliklarga koʻrsatish mumkin boʻlgan 10 ta kitob haqida soʻz boradi.
Armen Zaxaryan oʻzga sayyoraliklar har xil tillarni va madaniyatlarni oʻrganishi kerak, deb hisoblaydi. Uning fikricha, bu boshqa kitoblar uchun ham yoʻl ochadi. Shu sababdan u roʻyxatda kitoblar yozilgan tillar takrorlanmasligini istagan.
Bundan tashqari, adabiyotchi bu 10 ta kitob orqali oʻzga sayyoraliklarga insoniyat harakatlanuvchi mavjudot ekanini va odamlar qanday harakatlanishini tushuntirmoqchi boʻlgan.
1. “Ilohiy komediya” — Dante Aligyeri (italyan tilida yozilgan)
Birinchi oʻrinda inson vertikal harakatlanadi, ya’ni tepaga va pastga. Vertikal harakatlanishni Dantening “Ilohiy komediya"si orqali tushuntirish mumkin.
Chunki bu kitob doʻzaxga tushish va Xudoga, muhabbatga va yulduzlarga chiqish haqida. Bu kitobda bizda vertikallik bilan bogʻlanadigan har qanday narsa mavjud: tartibli iyerarxiya, qat’iylik, intizom. Dantening “Ilohiy komediya"si shu haqida.
2. “Don Kixot” — Migel de Servantes (ispan tilida yozilgan)
Vertikalga parallel ravishda gorizontal harakatlanish ham kerak. Gorizontal harakatlanishni Migel de Servantesning “Don Kixot” asari oʻzida mujassamlashtiradi. Chunki Kixot va Sancho (asar bosh qahramonlari) figuralari cheksiz ispan peyzajlarini koʻrsatadi va faqatgina Servantesning xohishi bilan yakunlanadi. Yozuvchi oʻzini bunday qilishga majburlaydi.
Aslida ularning sarson-sargardonliklari kvazi-cheksizdir. Ular yoʻlga chiqqanidan beri toʻxtamagan va bir necha yuz yillardan beri mana shu gorizontda aylanib yuribdi. “Don Kixot” biz gorizontallik bilan bogʻlaydigan tushunchalar bilan aloqador. Bular: netvorking, moslashuvchanlik, iyerarxiyaning buzilishi, erkinlik.
3. “Eneida” — Vergiliy (lotin tilida yozilgan)
Oʻzga sayyoraliklar ba’zi oʻlik tillarni oʻrgansa ham zarar qilmaydi. Bu orqali ularga oldinga va orqaga boʻlgan harakatni koʻrsatamiz.
Oldinga harakatni rimlik shoir Vergiliyning “Eneida” asari namoyish etadi. “Eneida” aniq maqsad tomon intilish haqidagi epik poema hisoblanadi. Eney keyinroq Rim imperiyasiga aylanadigan yangi qirollik yaratishi kerak boʻlgan Latsi tomon yoʻlda barcha toʻsiqlarni yengadi. Doʻzaxga tushadi, muhabbatidan voz kechadi. Latsiga yetib olish va oʻz vazifasini bajarish uchun umuman toʻxtamaydi.
Biz bu kitob orqali insondagi qaysarlik, maqsad tomon intilish va xarakterning qattiqligi kabi muhim sifatlarni namoyish etamiz.
4. “Odisseya” — Gomer (qadimgi grek tilida yozilgan)
Yuqoridagi mavzuga parallel ravishda qaytish ya’ni ortga boʻlgan harakat mavzusi ham bor. Buni, albatta, “Odisseya” qamrab oladi. Odissey boshqacha kuch bilan harakatlanadi. Bu kuchning nomi — “nostos”. Bu uyga boʻlgan, uyni qidirishga boʻlgan harakat hisoblanadi.
Shu qatorda “Odisseya” sababli oʻzga sayyoraliklar insondagi eng muhim tushunchalardan biri boʻlgan nostalgiya (qumsamoq) bilan tanishishi mumkin. Chunki biz nima uchun 3070-yilda turib, ular hali Yerga uchib kelmagan davrlarni qumsashimizni tushunishi kerak.
5. “Motam qoʻshiqlari kitobi” (“Книга скорбных песнопений”) — Grigor Narekatsi (arman tilida yozilgan)
Mana shu kompass orqali harakatlanishda davom etamiz. Keyingi harakatimiz yuqoriga boʻladi va buni arman tilida 1002-yilda monax Grigor Narekatsiy tomonidan yozib tugatilgan “Motam qoʻshiqlari kitobi” ifodalaydi. Bu matn yozilganiga ming yildan oshgan.
Boshqa hech qaysi matn bunday sezgirlik, noziklik va ehtiros bilan yurakning yuqoriga, Xudoga va muhabbatga boʻlgan harakatini tasvirlay olmaydi. Agar bu kitobni original tilida ovoz chiqarib oʻqisangiz, ogʻriqni ham qoldirishi mumkin, degan qarashlar mavjud.
6. “Faust” — Iogan Volfgang Gyote (nemis tilida yozilgan)
Yuqoriga boʻlgan harakatga qarshi ravishda quyiga harakat ham mavjud. Buni Gyotening “Faust” asari koʻrsatib beradi. Chunki Faust bilishga boʻlgan intilish vaqtida barqarorlik bilan pastlikka harakatlanadi. U jinoyat ortidan jinoyatlar qiladi, gunoh ortidan gunohlarga botadi, hech narsa uni toʻxtata olmaydi va qoʻrqinchli hamda tushunarsiz maxluqlarni, materiyalarni uchratadigan tubsizlikka tushadi.
Faustning qulashi misolida oʻzga sayyoraliklar nima qilmaslik kerakligini oʻrganadi. Bundan tashqari, mana shu yerda qiziq toʻqnashuv ham yuzaga keladi. Yuqorida tilga olingan Narekatsining qahramoni Xudo bilan soʻzlashsa, Faust iblis bilan suhbatlashadi. Agar Gyote oʻz asarida “oʻzboshimchalik” qilmaganda, Faust iblisning oldiga ravona boʻlardi.
7. “Uliss” — Jeyms Joys (ingliz tilida yozilgan)
Biz shu vaqtgacha makon haqida gaplashdik. Endi esa zamon haqida soʻz boradi. Oʻzga sayyoraliklarga inson kelajakka qarab harakatlanishi haqida gapirib beramiz. Buni Jeyms Joysning “Uliss” romani koʻrsatib beradi. Chunki voqealar yagona bir kunga jamlangan boʻlsa ham, bu kitob XX asrning boshida turib bir necha oʻn yillardan keyingi adabiyotni bashorat qiladi.
Bu kitob quvonarli “Ha, men „ha“ boʻlishini xohlayman” xulosasi bilan yakunlanadi. Bu kitob oʻz shakli bilan toʻligʻicha kelajakka, ertangi kunga intiladi. Bundan tashqari, oʻzga sayyoraliklar “Uliss” orqali ba’zida xabar mazmuni uning shakli orqali ham yetkazilishi mumkinligini oʻrganadi.
8. “Yoʻqotilgan vaqtni axtarib” — Marsel Prust (fransuz tilida yozilgan)
Albatta, oʻtmishga boʻlgan harakatni Marsel Prustning “Yoʻqotilgan vaqtni axtarib” asari ifoda etadi. Asardagi voqealar orqali qahramon tomonidan yashab oʻtilgan koʻplab epoxalar namoyish etiladi.
Kutilmaganda aniq boʻladiki, bizga xotira berilgani sababli oʻtmishga sayohat qila olamiz. Mana shu aslida haqiqiy vaqt mashinasidir.
9. “Drinadagi koʻprik” — Ivo Andrich (serb-xorvat tilida yozilgan)
Nihoyat, oʻzga sayyoraliklarga inson qayerga qarab harakatlanishni tanlashi haqida tushuntirganimizdan soʻng aslida odam tanlash huquqiga ega emasligini koʻrsatamiz. Chunki inson harakatlanishga mahkum. Odamning harakatlanishga boʻlgan mahkumligini yugoslav yozuvchisi Ivo Andrichning “Drinadagi koʻprik” romani orqali koʻrsatamiz.
Ushbu asar taxminan 400 yillik tarixni bir koʻprik orqali koʻrsatadi. Bu koʻprikning atrofida qandaydir odamlar yuradi, shovqin soladi, qandaydir quruvchilar, armiya oʻtadi. Ba’zi odamlar uni qurishga harakat qiladi, boshqalari esa buzib tashlashga. Ular hech qanday koʻprik boʻlishini xohlamaydi va hammasi oldingidek qolishiga intiladi.
Ammo 400 yillik masofada bularning bari ma’nosiz boʻlib qoladi. Ular buni xohlaydimi-yoʻqmi, tarix bu odamlarni mana shu koʻprik orqali sudraydi. Chunki inson oʻz tarixi boshlaydigan tomonga harakatlanishga mahkum. “Drindagi koʻprik” asari esa buni koʻrsatadi.
10. Pyesalar toʻplami — Anton Chexov (rus tilida yozilgan)
Nihoyat, oʻzga sayyoraliklarni shunchalik turli tuman harakatlanish usullari borligiga ishontirgandan soʻng, ularga hech qanday harakat mavjud emasligini ma’lum qilamiz. Biz ularga nima uchun Paskal insonni ximeraga, butun sayyoraning qiroliga va shu bilan birga yer ostidagi achinarli chuvalchanga qiyoslaganini tushuntirishimiz kerak. Chunki inson hech qaysi tomonga harakatlanmaydi. Mana shu harakatsizlikni Anton Pavlovich Chexovning pyesalar toʻplami orqali namoyish etamiz.
Bu kitobda “Olchazor”, “Chayka”, “Vanya togʻa”, “Uch opa-singil” va yana “Olchazor” boʻladi. Chexov prozasi doimiy zigzag koʻrinishidagi uloqtirishlardan iborat. Har doim qayergadir ketib qolish bilan tahdid qiladigan uch opa-singil hech qayerga ketmaydi, Tanechka bilet uchun ikki yuz mingni hech qachon yuta olmaydi va olchazorni hech kim qutqarib qolmaydi. Hamma narsa qanday boʻlsa shundayligicha qoladi va doktor Chebutikin mehmonxonasida gazeta oʻqib oʻtirishda davom etadi.
Bonus: “Salamandrlar bilan jang” — Karel Chapek (chex tilida yozilgan)
Oʻzga sayyoraliklarga bularning barini koʻrsatganimizdan keyin ular inson tur sifatida umuman umidsiz ekaniga ishonch hosil qiladi. Shunda ularga bonus sifatida oʻn birinchi Karel Chapekning “Salamandrlar bilan jang” asarini taklif etamiz.
Agar ular biz bilan jang qilishni xohlagan taqdirda bu asarni oʻqib, xavotirga oʻrin yoʻq, shunchaki insoniyatga halaqit qilmaslik yetarli, inson hamma yomonlikni oʻzi uchun oʻzi qiladi, degan xulosaga keladi.
Siz bu asarlardan qaysilarini oʻqigansiz? Ta’riflardan soʻng roʻyxatdagi qaysi asarlarga qiziqishingiz ortdi? Ushbu maqola ostidagi izohlarda yoki Telegram kanalimizdagi ushbu post ostida oʻz javoblaringizni yozib qoldiring. Adabiyotni seving va u bilan birga boʻling, rahmat!