"Chiroyli boʻlib tugʻiling": goʻzallik imtiyozlari qanday ishlaydi?
“Go‘zallik ko‘ruvchining ko‘zida” iborasi balandparvoz va chiroyli, ammo u doim ham haqiqatga mos kelavermaydi. Aslida, inson jozibadorligini hisoblab chiqish mumkin va hatto chizg‘ich bilan o‘lchanadi. “Ideal"ga eng yaqin bo‘lganlar esa hayotda qo‘shimcha imtiyozlarga ega boʻladi. “Афиша Daily” nashri aynan ushbu mavzu haqida katta maqola e’lon qildi. Afisha.uz uni oʻzbek tilida taqdim etadi.
“victhepath” nikli tiktoker roliklaridan birida shunday deydi: “Chiroyim — oʻz maqsadlarim yoʻlida ishlatishim mumkin boʻlgan instrument”. Qiz o‘z hayotida “jozibadorlar imtiyozlari” (“pretty privilege”) mavjudligini tushuntirarkan, o‘zini bu imtiyozlarning “quyi pog‘onasida” deb biladi. Masalan, u bepul ichimlik olishi yoki notanish odam unga yordam berishi mumkin.
Aslida, koʻpchilik tomonidan umum qabul qilingan goʻzallikka ega odamlar hayotda koʻproq imtiyozga ega boʻladi – ishda bonuslardan tortib, umr uzoqroq boʻlishigacha.
Biz kimlarni chiroyli hisoblaymiz va nega? Obyektiv goʻzallik mavjudmi?
Olimlar ko‘pdan buyon go‘zallikni ilmiy nuqtayi nazardan tushunishga harakat qilishadi: barchamiz Leonardo da Vinchining "Vitruvian odami"ning ideal nisbatlarini eslaymiz. 1992-yilda amerikalik plastik jarroh Stiven Markvardt oltin kesishuv tamoyillariga asoslangan "go‘zallik niqobi" trafaretini yaratdi. Bu trafaretda qismlarning umumiyga nisbati 1:1,618 edi.
"Vitruvian Man", Leonardo da Vinchi
Ha, rostan ham u yuzlarni chizg‘ich bilan o‘lchashni taklif qildi. Bilasizmi, yana kim shunday qilgan? Yo‘q, Gitler emas, yevgenikaning boshqa muxlisi – Frensis Galton – Charlz Darvinning amakivachchasi. U nafaqat odamlarni sun’iy tanlash g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi, balki 1883-yilda "yevgenika" atamasining o‘zini ham o‘ylab topgan.
Aslida, uning ba’zi tadqiqotlari fiziognomika bilan bog‘liq edi: Galton odamlarning o‘ziga xos guruhlari umumiy tashqi xususiyatlarga ega yoki unday emasligini oʻrganishga harakat qildi.
Masalan, jinoyatchi yoki muayyan kasb vakilining o‘rtacha portretini yaratish mumkinmi? Buning uchun u odamlarning suratlarini bir-biriga ustma-ust qo‘yardi. Bu tarzda u o‘zining dastlabki gipotezasini tasdiqlay olmadi, lekin insonning birinchi o‘rtacha tasvirini yaratdi. Va bir payt xosil boʻlgan tasvir odamlarning alohida suratiga qaraganda chiroyliroq ekanini tushunib qoldi. Galton bu ishini 1878-yilda e’lon qilgandi, biroq u keng jamoatchilik e’tiboriga tushmadi.
Markvardtning "Go‘zallik niqobi" Bella Hadidda / Getty Images
Raqamli texnologiyalar paydo bo‘lishi bilan tajribani takrorlash imkoniyati paydo boʻldi, bu ishni 1990-yillarda psixologlar Judit Langlua va Lori Roggman amalga oshirdi. Kompyuter yevropeoid irqiga mansub yosh erkaklar va ayollarning 192 ta fotosuratini 2, 4, 8, 16 va 32 ta fotosuratdan iborat turli kombinatsiyalarda birlashtirdi. Oxirgi variant, ya’ni eng o‘rtamiyona variant eng jozibali bo‘lib chiqdi. Portretlar Laykertning besh balli shkalasi bo‘yicha 300 nafar ko‘ngilli tomonidan baholangan.
"Biologiyada o‘rtacha degani oddiy emas, balki eng maqbul moslashganlikni anglatadi" — deb tushuntiradi molekulyar biolog va ilmiy jurnalist Irina Yakutenko.
O‘rtacha yuz egalari hozirgi sharoitda yashashga ko‘proq moslashgan: o‘rtacha burun nafas olish uchun optimal, o‘rtacha joylashtirilgan ko‘zlar esa yaxshi ko‘rinishni ta’minlaydi.
Yuz simmetriyasi yanada murakkab: u sog‘liqni aks ettiradi deb hisoblanadi, chunki asimmetriya genetik patologiyalar tufayli yuzaga kelishi mumkin. Biroq, Karlov universiteti chex psixologlari 2024-yil boshida simmetrik yuzlar go‘zallik namunasi sifatida qabul qilinmaydi degan xulosaga kelishdi. O‘rtacha parametrlarga yaqin bo‘lgan xususiyatlar eng jozibali bo‘lib ko‘rinadi, buni oldingi tadqiqotlar tasdiqlaydi.
Xuddi shu tadqiqotdan ma’lum bo‘ladiki, erkaklarga an’anaviy ayol qiyofalari yoqadi, ayollar esa qarama-qarshi jins vakillaridagi maskulin portretlarini afzal ko‘rmaydi. Ammo aksariyat holatda, uzoq muddatli sherik tanlash haqida gap ketganda ikkinchi fikr yangraydi : "hukmron erkak" bir kechaga munosib sherik bo‘lib ko‘rinishi mumkin, ammo uni mas’uliyatli va mehribon ota va er rolida tasavvur qilish qiyinroq.
Evolyutsion jihatdan insonda naslni davom ettirish mumkin bo‘lgan potensial sheriklarni jozibali deb hisoblash moyilligi bor.
Ayollarda homilador bo‘lish, bolani ko‘tarib yurish va emizish qobiliyati umumiy salomatlik va ayol jinsiy gormonlari, shu jumladan estrogen va progesteron darajasiga bog‘liq. Shularning aynan birinchi ayollarga bogʻl iq debhisoblangan xususiyatlar uchun javobgar: tana formasi, ovoz mayinligi, terining yumshoqligi va hokazo.
Shunday qilib, uzoq vaqt davomida go‘zallik ayolning sog‘lig‘i va uning ona bo‘lishga jismoniy tayyorligidan darak beradi, deb hisoblangan. Biroq, olimlar bu gipotezani rad etishadi: tadqiqotlar ko‘proq jozibali ayollarda estradiol yoki progesteron darajasi o‘rtachadan yuqori ekanligini tasdiqlamadi. Bundan tashqari, chiroyli yuzlar va yuqumli kasalliklarga moyillikning pastligi o‘rtasida bog‘liqlik yo‘q.
Nega zamonaviy dunyoda chiroyli boʻlish afzalroq?
Chiroyli odamlarda shaxsiy hayot qurish osonroq kechadi
Tanish saytlarida chiroyli odamlar ko‘proq mashhur ekani haqidagi ma’lumot hech kimni ajablantirmasa kerak. Hatto bunday ilovalarning algoritmlari ham ularning foydasiga ishlaydi. 2016-yilda "Tinder" asoschisi Shon Red kompaniya Elo reyting tizimidan foydalanganini tasdiqladi. Har bir foydalanuvchiga platformaning boshqa ishtirokchilari munosabati ta’sirida o‘zgaradigan koeffitsiyent berilgan. Ya'ni, agar sizga yuqori reytingli foydalanuvchi layk bosgan boʻlsa, reytingingiz yuqorilagan, agar past reytingli "o‘yinchi" profilingizni o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, ular olib tashlangan. Koeffitsientlari yaqin boʻlgan foydalanuvchilar koʻproq bir-biriga namoyish etilgan.
2020-yilda fransiyalik jurnalist Judit Dyuportey "Algoritmga asoslangan sevgi. Qanday qilib Tinder bizga kim bilan boʻlishni aytadi" kitobini (nom erkin tarjima xosilasi, kitob rasman oʻzbek tiliga oʻgirilmagan – tahr.) nashr etdi. U kichik tekshiruv o‘tkazdi va o‘z tajribasida ilovaning o‘ziga xos tuzilishi ishqiy munosabatlarga qanday ta’sir qilishini oʻrgandi.
Ushbu kitob nashridan keyin "Tinder" rahbariyati Elo koeffitsientidan foydalanishni toʻxtatdi: saytdagi so‘nggi yangilanishda (2022-yil) aytilishicha, xizmat endi ushbu algoritmga tayanmaydi, balki ishtirokchilar profilni qanday to‘ldirishini va bir-birlari bilan qanday aloqada bo‘lishini hisobga oladigan dinamik tizimdan foydalanadi.
Yana bir qiziqarli jihat bor: ilgari foydalanuvchilar ilovaga kirganda, birinchi navbatda ularni yoqtirgan odamlarni ko‘rishgan, ya'ni darhol juftlik hosil qilish mumkin edi. Endi ilk tavsiyalarda eng jozibali (va avtomatik ravishda mashhur) ayollar va erkaklar profillari koʻrsatiladi. Ehtimol ular hali anketangizni ko‘rmagandir, lekin bu tanishuv platformasida chiroyli odamlar o‘tirgandek taassurot qoldirishi uchun kerak.
Aytgancha, sun'iy intellekt rivojlanishi bilan siz tanishuv saytlari orqali hurliqo qiz yoki barno yigit bilan uchrashuvga chiqqaningizda kutilmalar oʻzini oqlamalasligi ehtimoli ortgan, chunki hozir oʻng tomonga svayplarni oshiradigan "ideal fotosurat" va'da qiladigan vebsaytlar paydo boʻlgan.
Chiroylilar (ehtimol) uzoqroq yashaydi
Olimlar anchadan beri uzoq umr ko‘rishga jins, daromad, oilaviy holat, ma’lumot darajasi va boshqa ko‘rsatkichlar qanday ta’sir qilishini o‘rganmoqda. Biroq, 2024-yilgacha sotsiologlar umr davomiyligi aynan tashqi jozibadorlik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini o‘rganmagan.
Arizona shtati universiteti va Ostindagi Texas universiteti tadqiqotchilari buni toʻgʻrilashdi. Mustaqil hakamlar (olti erkak va xuddi shuncha ayol) Viskonsin maktablarining 1957-yildagi 8386 nafar bitiruvchisining jozibadorligini 11 ballik shkala bo‘yicha baholadi. Aniqlanishicha, so‘rov o‘tkazilgan vaqtda past ball olgan o‘quvchilar guruhida o‘lim darajasi 16,8% ga yuqori ekani aniqlangan. Shu bilan birga, o‘rta va yuqori baho olganlar o‘rtasida shunga o‘xshash ko‘rsatkichlarda jiddiy farq yo‘q.
Chiroyli insonlarning shaxsiy fazilatlari oshirib koʻrsatiladi
Inson haqidagi umumiy taassurot atrofdagilarning uning alohida xususiyatlari haqida qay yoʻsinda o‘ylashiga ta’sir qiladi. Masalan, "U yoqimtoy!" degan fikrdan keyin "Ehtimol, u mehribon va aqlli ham bo‘lsa kerak", degan fikr keladi. Bu kognitiv dissonans galo-effekt (yoki oreol effekti) deb ataladi. 2022-yilda dunyoning 11 ta nuqtasidagi 45 ta davlatdan ma’lumotlar to‘plangan tadqiqot chop etildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, jozibadorlik shaxsning aksariyat pozitiv xususiyatlari bilan ijobiy korrelyatsiyaga ega: tajriba ishtirokchilari go‘zal erkak va ayol yuz egalarini ishonchliroq, hissiy barqaror, aqlli, mas’uliyatli, muloqotga kirishuvchan va ishonchga loyiq deb ta’riflagan.
Chiroyli insonlarning karyerasi muvaffaqiyatliroq boʻladi
Ha, "chiroyli ko‘zlari uchun" qo‘shimcha haq to‘lashlari mumkin. 1994-yilda iqtisodchilar Deniyel Xamermesh va Jeff Biddl "go‘zallik mukofoti" atamasining paydo bo‘lishiga olib kelgan tadqiqot o‘tkazishgan: ma’lum bo‘lishicha, jozibadorroq xodimlar hamkasblariga qaraganda 3-4% yuqori maosh olishadi.
Zamonaviy karyera mutaxassislari ish beruvchilar hali ham talabgorlarning tashqi ko‘rinishiga e’tibor berishini va bu shaxsiy uchrashuvdan oldin sodir bo‘lishini tasdiqlaydi. 2024-yil yanvar oyida "SuperJob" xizmati mamlakatning (Rossiya – tahr.) barcha okruglaridagi mingta kompaniya vakillari o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi.
Aksariyat tashkilotlarda (93 foiz) eycharlar rezyumeni fotosuratsiz ko‘rib chiqsalar-da, ularning 10 tadan 6 tasi rezyumega fotosuratning qoʻshilgani muhimligini tan olishdi (Jumladan, rekruterlarning 20 foiziga surat nomzodni ma’lum bir lavozimga qabul qilish-qilmasligini aniqlashga yordam beradi. Bu ayqnisa, quyidagi lavozimlar uchun muhim: mijozlar menejerlari, sotuv bo‘yicha mutaxassislar, kotiblar, ofis menejerlari va rahbarlar).
"Suratli rezyumelar "noma'lum shaxs"nikidan koʻra oʻrtacha koʻproq koʻriladi. Bu ishga joylashish jarayonida vizual qabul qilish muhimligini ta’kidlaydi, ammo barchasi vakansiya va sohaning o‘ziga xos xususiyatlariga bog‘liq. Ish beruvchilar ko‘pincha imidj va taqdimot asosiy rol o‘ynaydigan sohalarda tashqi ko‘rinishga alohida e’tibor berishadi: masalan, moda, go‘zallik va mijozlarga xizmat ko‘rsatish sohalarida", deydi Rossiyadagi "Rabota.ru" xizmatining ish beruvchi brendini targ‘ib qilish va ichki kommunikatsiyalar bo‘yicha rahbari Tatyana Moshagina.
So‘rovda qatnashgan rossiyaliklarning atigi 29 foizi karyera qurish uchun tashqi ko‘rinish muhimligiga ishonadi. Shu bilan birga, "Rabota.ru" ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniyalarning aksariyati - 77 foizi talabgorning umumiy ko‘rinishiga e’tibor qaratadi.
"Men har doim nomzodlarga o‘z fotosuratlarini rezyumega joylashtirishni tavsiya qilaman: bu odamga ko‘proq ta’sir qiladi, u bilan vizual tanishish imkonini beradi. Bundan tashqari, talabgorning surati aynan uni tanlash imkoniyatini oshiradi (hech bo‘lmaganda anketalarni saralash bosqichida), chunki ish beruvchida qanchalik ko‘p ma’lumot bo‘lsa, u shunchalik katta ishonchga ega bo‘ladi. Dastlab o‘z portretini rezyumega kiritishni istamagan barcha mijozlarim oxir-oqibat buni amalga oshirdi va ko‘proq ko‘rishlar va suhbatga taklifnomalar ola boshladi", deydi hh.ru karyera marketpleysi eksperti, diplomli karyera maslahatchisi, biznes psixologi Janna Sedova.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, hatto onlayn tanishuv paytida ham ish beruvchilar suhbatdoshining tashqi ko‘rinishiga baho berishadi. Tashqi koʻrinishdagi tartibsizlik esa nomzodning zarariga ishlaydi. Agar suhbat yuzma-yuz o‘tkazilayotgan bo‘lsa va kompaniya masofaviy suhbat olib bormasa, e’tibor dress-kodga moslikka qaratiladi.
"Tashqi ko‘rinish karyeraviy oʻsish imkoniyatlariga ta’sir qilishi mumkin, lekin shuni unutmaslik kerakki, xodimning haqiqiy qiymati uning ko‘nikma va malakalarida yotadi, - deydi Tatyana Moshagina. – Oxir-oqibatda, aynan professionallik, tajriba va muammolarni hal qilish qobiliyati ish joyidagi muvaffaqiyatni belgilaydi va professional sifatida o‘ziga ishonch beradi".