"Oramizdagilar": Instagram'dagi adabiyotchi bloger Dilnoza Ilhomovna bilan suhbat
“Adabiyot atomdan kuchli”, degan edi bir paytlar Oʻzbekiston Xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor. Hozir bir qarashda odamlar adabiyotdan uzoqlashgandek, koʻpchilik bot-bot takrorlaydigan “odamlar kitob oʻqimay qoʻydi” jumlasi haqiqatdek koʻrinadi. Ammo haqiqatan ham shundaymi?
Afisha.uz “Oramizdagilar” ruknida Instagram sahifasida adabiyot boʻyicha videolar joylayotgan va yuz minglab koʻrishlar soniga erishayotgan Dilnoza Ilhomovna bilan suhbatlashdi. Unda qanday qilib Navoiy, Bobur va Lutfiy gʻazallariga odamlarda qiziqish uygʻonayotgani, mashhurlikning kelishi va oʻzbek adabiyotining targʻibotiga toʻxtalib oʻtilgan.
— Sizni tanimagan odamlarga oʻzingizni qanday tanishtirgan boʻlardingiz?
— Assalomu alaykum, ilmi tolib va tolibalar! Mening ismim Dilnoza, shu sabab ham dilim biroz nozik boʻlsa kerak. Aytishlariga qaraganda qalbdagi noziklik va nafislik odamni adabiyotga chorlar emish. Balki ayni shu sabab ham adabiyot shaydosidurman.
Oddiy qilib aytganda, ona tili va adabiyot ustozasi. Nima oʻzbek tilida “ustoza” degan soʻz bor ekanmi, deb, hayronmisiz? Javobni oʻqish uchun esa shu satrni oʻqiyotganingizni ham bilaman. Lekin javobini aytmayman. Nega deysizmi? Chunki mavzuni qiziq joyida toʻxtatib qoʻyish faqat va faqat ustozalarga xos. Ayni shu xislat (qiziqtira olish) menda boʻlgani uchun ham shu sohani tanlaganman.
Instagram: @_bauntic / Oʻzbek tilining ajoyibotlari haqida
— Odamlarga adabiyot, Lutfiy, Navoiy, Bobur gʻazallari haqida gapirsangiz qiziq boʻlishini qachon va qanday tushundingiz?
— Odatda insonlarga oʻzimni hayratga solgan narsalar haqida gapirib berishni yoqtiraman. Dars oʻtishni boshlagan kunimdan boshlab, oʻzim oʻrgangan narsalarni oʻquvchilarimga aytib bera boshladim. Bu esa ularda adabiyotga boʻlgan qiziqishni yanada orttirdi.
Soʻngra yana oʻylay boshladim, nahot shunday ajoyib ilmlar bor yoʻgʻi kam sonli insonlar orasida qolib ketsa? Nahot qolgan insonlar bu ilmdan bebaxra qolsa? Axir ular shunchaki universitet darsxonasida qolib ketar dajarada oddiy va zerikarli emas-ku!
Aynan shu kabi oʻylar meni katta auditoriya tomon yuzlanishimga sabab boʻldi. Adabiyot faqat adabiyotshunoslar uchungina emas, adabiyot faqat tilchilar uchungina emas, adabiyot hamma uchun! Xoh u choʻpon boʻlsin, xoh u prokuror adabiyot barcha uchun birdek.
U hammani birdek yigʻlatadi, birdek kuldiradi. Ayni mana shu muvozanat xalqimiz orasidagi ilmga boʻlgan muhabbatni oshiradi. Men esa ana shu muhabbatdan foydalanib qolgan bir ilmi tolibman xolos. Aslida insonlarni men emas, Navoiy, Bobur va Lutfiy hayratga soldi, men esa bir vositachi!
— Adabiyot nadir (siz uchun)?
— Adabiyot men uchun bizni Allohga eltuvchi yoʻl demakdur. Sababi adabiyotning asosiy vazifasi komil insonni tarbiyalash. Dinning maqsadi ham shu emasmi aslida? Ustozim aytganidek, adabiyot bu dinning badiiy talqini. U — ibrat, u — hikmat, unda Qur’on mujassam, unda hadis tarovati bor. U insonni oʻylashga, tafakkur qilishga, saboq chiqarishga oʻrgatadi.
— Mashhur bo‘lganingizni qachon va qanday sezdingiz?
— Men oʻzimni mashhur inson deb hisoblamayman. Ammo ba’zi paytlar insonlar orasida tanilib borayotganim sezilib turadi. Shu yil may oyining oxiri, iyun oyining boshlarida sharoitim sabab ofitsiant (girgitton) boʻlib ishlashimga toʻgʻri keldi.
Meni kim ham tanir edi, deb ishlashni boshlagan paytlarim bir guruh insonlar tomonidan tanilib qolib, rosa hijolat boʻlganman, rosti. Oʻshanda tanilish insonga ham quvonch, ham qaygʻu olib kelishini his qilganman. Oʻsha voqea yuz bergan kun mening oxirgi ish kunim edi.
Instagram: @_bauntic / Boburning “Lola” gʻazali haqida
— “100 kunlik ilm chellenji” nima va u qanday boshlangan (qanday davom etyapti)?
— “100 kunlik ilm chellenji” bu mening oʻzimga bergan imkoniyatim. Insonlarga 100 kun 100 xil ilm beraman. Agar insonlar meni yaxshi qabul qilib, keng qamrovli auditoriya yigʻa olsam, bu ishimni (blogerlikni) yanada rivojlantiraman, ammo aksi boʻlsa, qaytib bu ish bilan shugʻullanmayman deganman.
Ayni paytda biz 100 kunlik ilmning 59-kunidamiz va mening auditoriyamdagi kuzatuvchilar soni 43 mingdan oshdi. Bu men uchun katta bir baxt. Alloh menga men soʻraganimdanda ortiqroq bermoqda!
Instagram: @_bauntic / “Boychechak” qoʻshigʻi haqida
— Sizga ham negativ izohlar yozilar ekan, bu haqda qanday fikrdasiz?
— “Guruch kurmaksiz boʻlmaydi” deganlaridek. Pozitivlar ham negativlarsiz boʻlmaydi. Avvaliga biroz koʻnglim ogʻrigan, hozir esa bu narsaga tabiiy hol deb qarayman. Aslini olganda eng koʻp negativ yozilgan videolargina “Top"da yuradi. Shu sabab ham ular mening rivojlanishimga hissa qoʻshishayotganidan xursandman.
— Oʻzingizni oʻzbek adabiyoti targʻibotchisi deb hisoblaysizmi?
— Ha! Bu narsani aytishdan faxrlanaman. Oʻzbek adabiyotini insonlarga qiziqarli shaklda targʻib qilayotganimdan va haqiqatan natijaga erishayotganimdan juda ham xursandman.
— Kelajakdagi rejalaringiz haqida gapirsangiz. Loyihangizni qanday rivojlantirmoqchisiz?
— Abdulla Qahhorning “Oʻgʻri” hikoyasida aytilganidek, “bari kuzda ma’lum boʻladi”. Ya’ni avvaldan hech narsa deyolmayman. Ba’zi bir loyihalarni oʻylab qoʻyganman ,toʻgʻri ,ammo yoʻlga qoʻymasdan turib aytish nojoiz, meningcha. Siz meni kuzatib boring, shundagina 100 kunlik ilmdan soʻng nimalar sodir boʻlishini bilib olasiz.
Oldinroq Afisha.uz saytida tog' choʻqqilarini zabt etuvchi Davronbek Tojialiyev bilan suhbat e’lon qilingandi.