“Fazo”ning tarqalishi, Rossiyadagi hayot va "Janob hech kim"dagi Joha: Shukur Fazo bilan katta intervyu
Abdushukur Abdurahmonov nafaqat “Fazo” guruhidagi ijodi, balki "Fotima va Zuhra", "Janob hech kim" kabi o‘zbek kinolaridagi rollari bilan ham o‘z muxlislariga ega. U 2000-yillarda “Fazo” guruhi vakili, keyinchalik Shukur Fazo taxallusi ostida qo‘shiqlar yaratib, yakkaxon xonanda sifatida tanilgan. 10 yil davomida Rossiyada yashab, ijod qilgan xonanda hozirgi kunda Toshkentda faoliyat yuritmoqda. U Afisha.uz studiyasida mehmon bo‘lib, ko‘pchilikni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
— Siz bilan Toshkentda, xususan, Afisha.uz tahririyatida ko‘rishib turganimizdan xursandmiz. Adashmasam, oxirgi 10 yil davomida Rossiyada yashab, ijod qildingiz. So‘nggi paytlarda esa ijtimoiy tarmoqlar orqali O‘zbekistonda ijodni davom ettirayotganingizni payqadik. Butunlay qaytdingizmi?
— Avvalo, taklif uchun rahmat aytmoqchiman. To‘g‘ri, 10 yil Moskvada, uning orasida Ingushiston va Chechinistonda ham ijod qilib, studiyalarda bir qancha xonandalarga albomlar tayyorladik. O‘zbekistonga qaytganim rost, bundan buyog‘i yangi qo‘shiqlar yaratib, ijodni davom ettiraman. Vatanimga qaytishimga haqiqiy muxlislarim ham qaysidir maʼnoda sababchi bo‘ldi. Chunki ular tarmoqlarda o‘z fikrlari bilan qo‘llab-quvvatlab, menga turtki berishdi.
— O‘zbek shou-biznesiga nega yangi qo‘shiqlar bilan qaytmadingiz? Bir paytlar ommalashgan “Taki-taki”, “Parvona” kabi taronalaringizni biroz zamonaviylashtirib, ijro etishdan maqsad nima?
— Eski xitlarni yangicha talqinda, bugungi zamonga moslashtirib va musiqiy sayqal bilan shira kiritib ijro etish urfga aylanmoqda. Bundan tashqari, bu orqali o‘zbek shou-biznesiga qaytganimni eslatib ham qo‘ymoqchiman. Ammo yangi qo‘shiqlarim ham bor. Ularni yaqin orada ketma-ket tinglovchilarga taqdim etamiz.
— Nima sababdan Moskvaga ketib, u yerda yashashga qaror qildingiz?
— “Golos” loyihasi ancha mashhur bo‘lgan paytlarda unda qatnashish istagi tug‘ilib, onlayn ariza topshirdim. Maʼlum vaqt o‘tib, menga “Первый” kanaldan aloqaga chiqishdi va kastingga taklif etishdi. Lekin men boshida bunga ishonmadim. Birozdan so‘ng elektron pochtamga xat keldi, o‘shanda ham rosa ikkilandim. Keyin “Golos"da qatnashib qaytgan Sevara Nazarxonga qo‘ng‘iroq qilib, u bilan maslahatlashdim. Sevara “albatta, borib ko‘rib kel, bu ham tajriba bo‘ladi”, dedi. Shu tariqa Rossiyaga ketdim. “Golos"ning bir qancha kasting bosqichlarida ishtirok etdim. Parallel ravishda studiyada ishlay boshladim. “Golos” hal bo‘lganidan keyin Moskvada qolishga qaror qildim. Oilam, farzandlarim ham birga yashadi.
— Shuncha yil umringizni xorijda o‘tkazganingizga afsuslanasizmi?
— Yo‘q. Boshqa maktab, boshqa odamlar va muhitni ko‘rib, tajriba oshirdim. Bilasizmi, odam baʼzan o‘zini chetdan ko‘rib, xulosa chiqarishi uchun ham tashqariga chiqib turishi kerak ekan. Menda shunday vaziyat bo‘ldi va buning uchun hech nolimayman, aksincha, shukr qilaman.
— Siz “Fazo” guruhi vakili sifatida tanilgansiz. Ijodiy guruhning qanday tashkil etilgani ko‘pchilikka qiziq.
— Guruh “Tarona Records” kompaniyasida tashkil qilingan. Boshida biz uch kishi edik: men, Ilya ismli o‘rtog‘im va bir qiz. Ilya bilan “Aladdin” degan bolalar studiyasida qo‘shiqlar aytardik. Keyin “Fazo"da ijod qildik. Adashmasam, guruhga “Fazo” nomini berish taklifi bastakor va xonanda Shahnozdan chiqqan.
— Jamoaning tarqalishiga nima sabab bo‘lgan?
— Guruh aynan “Tarona Records"ga biriktirilmagan edi, uning o‘zini ikkita prodyuseri bo‘lardi. Ular Moskvaga ketgach, biz o‘zimiz qolib ketdik. Nimalardir qilishga intildik, lekin o‘xshamadi. Keyin Shukur Fazo taxallusi bilan yakkaxon ijod qilishni boshladim.
— “Fotima va Zuhra”, “Janob hech kim” kabi filmlarda suratga tushgansiz, ular o‘z davrida kassabop bo‘lgan. “Janob hech kim"da narkoman o‘g‘il rolini ijro etgansiz. Film katta ekranlarga chiqqach, atrofdagilarning sizga nisbatan munosabati o‘zgarganmi?
— Ushbu filmlarning birida ijobiy, yana birida salbiy rol o‘ynagan bo‘lsam, ikkisi ham hozirgacha tomoshabinlar yodida qolgan. Masalan, “Janob hech kim"ning ssenariysini o‘qiganimda, qahramonimning hayoti menga yoqqan. Narkoman rolini ijro etsam, bu karyeram yoki shaxsiy hayotimga salbiy taʼsir qiladi, degan fikr bo‘lmagan. Odamlar orasida bunga ishonib, meni hayotda ham narkoman, deb o‘ylaydiganlar bo‘lgan, o‘zimga shunday savol ham berishgan. Lekin yaqinlarim va tanishlarim rolimga obraz sifatida qarashib, ijroimni ishonarli chiqqani uchun maqtashgan.
— Suhbat uchun rahmat!
Toʻliq intervyuni va barcha savollarga javoblarni Afisha.uz`ning YouTubedagi sahifasida tomosha qiling.