"Jafosi koʻp, foniy, bu yolgʻon jahon": Jahongir Otajonovning "Foniy dunyo" klipi tahlili

E’lon qilingan sana· 1 448
"Jafosi koʻp, foniy, bu yolgʻon jahon": Jahongir Otajonovning "Foniy dunyo" klipi tahlili

22-sentyabr kuni Jahongir Otajonovning “Foniy dunyo” qoʻshigʻi va unga ishlangan klip e’lon qilindi. Klip hozirgacha 100 ming martadan ortiq koʻrildi va har xil muhokamalarga, xususan, koʻplab ijobiy fikrlarga sabab boʻldi. Quyida Afisha.uz muharriri ham ushbu ijod namunasi haqida oʻz fiklarini bildiradi.

“Foniy dunyo” qoʻshigʻi postpank janrida kuylangan, klip esa gotik uslubda suratga olingan. Ma’lumot uchun, postpank 1970-yillarning soʻngida Buyuk Britaniyada pank-rokning davomi sifatida shakllangan rok musiqa janri hisoblanadi.

“Bu foniy jahonga koʻngil berganlar” she’ri buyuk turkman shoiri Maxtumquli qalamiga mansub. Oxirgi paytlarda Jahongir Otajonov tez-tez Mahtumquli ijodiga murojaat qilayotganini sezish mumkin. Avvalroq qoʻshiqchi Maxtumquli she’ri asosida kuylangan “Nimasan” nomli qoʻshiqni ham omma e’tiboriga havola etgandi.

Ammo internetni titkilar ekanmiz, “Foniy dunyo” Jahongir Otajonovning bundan sakkiz yil oldin, 2016-yilgi konsertida, boshqacha shaklda ijro etilganiga guvohi boʻldik. Undan ham oldinroq esa bu she’rni Rustam Gʻoyipov qoʻshiqqa aylantirgan.

Klip haqida

Klip yosh rejissyor Sardor Faxriddinov tomonidan suratga olingan boʻlib, yashirin ma’no hamda har xil ishoralarga toʻla.

“Foniy dunyo” yozuvi bilan klip boshlanadi, keyin esa u yonishni boshlaydi. Bu kadrni dunyoga berilgan foniy, ya’ni oʻtkinchi sifatiga ishora deyish mumkin. Ya’ni bu dunyo yonib ketadi, undan hech narsa qolmaydi. Sal oʻtib esa kadrlarda yonayotgan globusni ham koʻrish mumkin, bu balki hozirgi kunda dunyodagi vaziyat, ziddiyatlarga allegoriya boʻlishi ham mumkin (boʻlmasligi ham mumkin).

Kadrda biroz noodatiy kiyimda, qizil gullar bilan bezatilgan qora kostyumda Jahongir Otajonov koʻrinadi, uning soch turmagi ham oʻziga xos ekanini sezish mumkin.

Keyingi kadrlarda qahramon kichik xonada, televizor qarshisida, chumoliga oʻxshash kiyimda paydo boʻladi. Bu sahna toʻliqligicha umidsizlik va depressiya kayfiyatini beradi. Chumoliga oʻxshash kiyimdagi odam mehnatdan charchagan va umidsizlikka tushgan.

Quyidagi kadr esa koʻplab filmlarda ishlatilgan usullardan biri hisoblanadi. Bu orqali ijodkor ikki xillikni yoki insonning oʻz-oʻzi bilan suhbatini tasvirlashga urinadi.

Klip qahramoni barchasidan charchab, vannaga yotadi va boy hayot kechiradigan odam qiyofasiga kiradi. Uning ustidagi kiyimlar, kadrda namoyish etiladigan qandillar premium hayot elementlari hisoblanadi. Ammo shunda ham qahramon nigohida baxt emas, balki dard va alam seziladi.

Shundan soʻng qahramon qiyofasi yana oʻzgaradi va kadrda peshonasidan otilgan, yuziga qon oqqan va “Fufayka 1924” yozuvli kiyim kiygan odam paydo boʻladi.

Ma’lumot uchun, Oʻzbekiston tarixida 1924-yil alohida ahamiyat kasb etadi. Aynan shu yilning yanvar oyida tarixda Xivani mudofaa qilish nomi bilan qolgan operatsiya boʻlib oʻtadi. Unda Xiva bosmachilar tomonidan qamal qilinadi. Tarixan bosmachilar nomi bilan atalgan odamlar haqida ham koʻplab qarama-qarshi fikrlar mavjud.

Shuningdek, 1924-yilda Buxoro, Xorazm va Turkiston kommunistik partiyalari tomonidan O‘rta Osiyoda milliy chegaralanish to‘g‘risidagi tashabbus ma’qullanadi. Bundan tashqari, 1924-yilning oktyabr oyida Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi tashkil etiladi. Klipdagi 1924 yozuvli kiyimni mana shu voqealarga ishora deyish mumkin.

Qahramon aynan mana shu kiyimda qandaydir koʻrinmas mahluqdan qoʻrqib qochadi. Keyin esa abstrakt uslubda chizilgan animatsion kadrlar namoyish etiladi. Bu gotik uslubning “фишка"laridan biri hisoblanadi.

Klipdagi eng yorqin ishoralardan biri rassom Rene Margrittning “Insoniyat farzandi” suratiga qilingan. Original suratda biznes kiyimda turgan odam tasvirlanadi, ammo uning yuzi olma bilan toʻsiq holatda boʻladi. Bu insoniyat qanchalik rivojlanmasin aslida olma mevasi sababli jannatdan quvilgan Odam Ato va Momo Havoning farzandlari ekanini bildiradi.

Jahongir Otajonovning versiyasida esa bosh qahramon yuzini olma emas pul toʻsib turganining guvohi boʻlamiz. Menimcha, ortiqcha izohga hojat yoʻq.

Klip soʻngida esa qahramon alamdan, ogʻriqda kulishni boshlaydi. Buni Jahongir Otajonovning oxirgi paytlarda odamlar orasida “Joker” nomini olayotgani bilan ham bogʻlash mumkin.

Xulosa oʻrnida oʻzbek musiqa san’ati ham, kliplar dunyosi ham yana bir shedevr bilan boyiganini aytish mumkin. Jahongir Otajonov Mahtumquli she’riyatini zamonaviy dunyo bilan ajoyib integratsiya qilmoqda. Shuningdek, bunday ma’noga boy kliplar orqali biroz ommaviylashgan estradada haqiqiy san’at ham mavjud ekanini koʻrsatmoqda.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov