"Billie Jean is not my lover": pop qiroli Maykl Jekson haqida
Bu — Afisha.uz'ning har hafta e’lon qilib boriladigan “Hafta artisti” rukni (ha, biroz tanaffusdan soʻng biz uni tikladik!). Unda biz bir ijodkorni tanlab, u haqida qisqacha ma’lumot va e’tiborga molik treklarini ulashib boramiz. Oʻylaymiz, Siz ushbu rukn orqali yangi artistlarni kashf qilasiz, avvaldan tanish bo‘lganlarini esa yaqinroq bilib olishingiz va qo‘shiqlarini qayta tinglashingiz mumkin bo‘ladi. “Hafta artisti"ning navbatdagi qahramoni — afsonaviy Maykl Jekson.
Maykl Jeskon haqida yozishga, unga butun boshli maqolalarni bagʻishlarga sabablar yetarlicha. Biz shu ishni qilish uchun ideal vaqt poyladik: bugun, 29-avgust — afsonaning tugʻilgan kuni! Ayni shu munosabat bilan quyida faqat u va uning ijodi haqida oʻqiysiz, qoʻshiqlarini qaytadan tinglaymiz. Ketdik!
Maykl Jekson haqida
Maykl Jekson bir necha yillardan beri eng mashhur artistlardan biri boʻlib kelmoqda. Uning qoʻshiqlari millionlarning qalbidan joy olgan, haligacha pleylistlarda saqlanadi, hatto shu maqola ham “They don’t care about us” sadolari ostida yozilmoqda. Jekson shu darajada muvaffaqiyatli faoliyat olib bordiki, 15 marta “Gremmi” qoʻlga kiritdi, Ginnes rekordlar kitobiga kiritildi va “barcha davrlarning eng muvaffaqiyatli artisti” nomiga sazovor boʻldi.
Maykl Jekson 1958-yilning 29-avgustida AQSHning Inidiana shtatida joylashgan Gery shahrida tugʻilgan. Uning ota-onasi Jozef va Ketrin Jeksonlar Mayklgacha 6 nafar farzandli boʻlgan, boʻlajak megayulduz 7-si boʻlgan. Umuman, Jeksonlar 9 farzand koʻrishgan. Jozef zavodda oddiy ishchi boʻlib ishlagan, boʻsh vaqtida esa oʻzining “Falcons” guruhi bilan ommaviy tadbirlarda qatnashib turgan, u guruhda elektrogitara chalardi.
Umuman olganda, Jeksonlar oilaviy musiqa bilan shugʻullangan. Farzandlari biroz ulgʻaygach Jozef oilaviy musiqiy guruh tuzishga qaror qiladi va unga 3 nafar farzandini oladi. Dastlab bu guruhda Maykl boʻlmagan, u faqatgina otasi va akalari qanday chalishi va mashq qilishini tomosha qilib turardi, musiqaga boʻlgan qiziqish aynan shu yerdan uygʻongan, desa ham boʻladi.
Ammo Jozef juda qattiqqoʻl ota boʻlgan, u repititsiya vaqtida nimadir notoʻgʻri ketsa bolalarni hatto kamar bilan urardi. U bolalarini uyqidan oldin derazalarni yopib yotishga oʻrgatardi, bir kuni ularga “dars berib qoʻyish” maqsadida qoʻrqinchli maska taqqan holda uyqidagi bolalarini qoʻrqitgan. Shundan soʻng Maykl tez-tez oʻz yotogʻida oʻgʻrilashayotganini tush koʻradigan boʻlgan.
Onasi Ketrinning soʻzlariga koʻra, otasining qattiqqoʻlligi sabab Maykl oʻziga boʻlgan ishonchini yoʻqotgan, oʻz tashqi koʻrinishini yomon koʻrgan va juda yopiq inson boʻlib qolgan. Ammo Mayklning oʻzi otasiga omma oldida chiqish qilishni oʻrgatgani, tartibga amal qilish va qoʻyilgan maqsadlarga erishisni oʻrgatgani uchun rahmat aytgan.
Maykl 8 yoshidan boshlab oilaviy guruhga qoʻshilgan, oʻsha paytda unga The Jackson 5 deb berishgan. U “Falcons"da oʻzining xarizmasi va noodatiy xareografik harakatlari bilan ajralib turgan. Oilaviy guruh 1970-yillarda katta mashhurlikka erisha boshladi: ularning birdaniga 4 ta qoʻshigʻi AQSHning “Billboard Hot 100” chartida yuqori oʻrinlarga koʻtarildi.
Maykl bora-bora guruhning asosiy qahramoniga aylandi. Unga ashulalarning asosiy qismlari berila boshladi. Shundan soʻng “Motown Records” prodyusserlik kompaniyasi The Jackson 5 bilan shartnoma imzoladi. Prodyusserlar undagi talantni koʻrib, Mayklni “yosh bola tanasidagi katta odam” deyishgan.
Maykl Jeksonning professional faoliyati
1975-yilda Jozef va uning guruhi Maykl bilan qoʻshiq yozish va uni mualliflikda chiqarish huquqini olish istagida boʻlgan, ammo prodyusserlar bunga ruxsat bermagach, “Motown” va The Jackson 5 munosabatlari yomonlashadi.
Maykl Jeksonning haqiqiy muxlislari u birinchi albomini qachon chiqarganini yaxshi bilsa kerak — bu 1972-yilda sodir boʻlgan. 13 yoshli ijrochi “Got to Be There” albomida 10 ta qoʻshiq chiqargan. Oʻsha yilning oʻzida u oʻzining ikkinchi albomini e’lon qiladi, undagi asosiy trek esa “Ben” deb nomlangan, bu xuddi shu nomdagi filmga saundtrek edi.
Mazkur saundtrek “Oltin globus” mukofotini qoʻlga kiritgan. Maykl uni qirq beshinchi “Oskar” mukofoti topshirish marosimida kuylagan. Shuningdek, trek Jeksonning “Billboard Hot 100” chartida yuqori oʻrinlarni egallagan birinchi ijrosi edi.
1973−1977-yillar orasida ijrochi yana ikkita — “Music & Me” va “Forever, Michael” albomlarini chiqardi. Lekin ular unchalik mashhurlikka erishmadi.
Birinchi “Moon Walk”
Mayklning ultra mashhurligi 1980-yillarga toʻgʻri keladi. Ayniqsa, 1983-yildagi konsert Mayklning faoliyatidagi eng muhimlaridan biriga aylangan. Aynan oʻshanda u mashhur va “tashrif qogʻozi"ga aylangan “Moon Walk” harakatlarini namoyish etgandi.
1982-yilda esa Maykl shou biznesdagi “revolyutsion” albom — “Thriller"ni taqdim etadi. Ayni shu nomdagi musiqaga klip ham e’lon qilingandi, bu esa musiqiy kliplar rivojiga katta hissa qoʻshgan.
“Thriller” “Eng koʻp sotilgan albom” sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgan. 1984-yilda Jekson 8 marta “Gremmi"ga loyiq koʻrilgan.
1983-yilda Maykl “Thriller"dan “Billie Jean” singlini e’lon qildi. Bu trek ijrochining oʻzi va Kuinsi Jons tomonidan yozilgan va bastalangan. U bu qoʻshiqni oilaviy guruhning gastrol safarlarida hamrohlik qiluvchi qizlarga bagʻishlagan.
1992-yilgacha esa u yana ikki albomni taqdim etdi: “Bad” va “Dangerous”. Aynan shu albomlarda u bir nechta superxitlarni yaratdi.
Maykl Jekson qoʻshiqlarida jamiyatdagi muammolarni ham koʻtarib chiqqan. Masalan, “Dangerous” albomidagi “Black or White” treki avj olgan rasizmga bagʻishlangandi (u bundan juda koʻp marta aziyat chekkan). Qoʻshiq matni ushbu illatga barham berishga chaqiriq edi. Jekson bu qoʻshiqqa 11 daqiqali klip suratga olgan.
Mazkur klip premyerasi bir vaqtning oʻzida 27 ta davlatda oʻtkazilgan oʻsha vaqtda 500 millionga yaqin odam tomosha qilgan.
Maykl, shuningdek, ekologik muammolar, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan “Earth Song” qoʻshigʻini ham kuylagan va unga 4 ta kontinentda klip suratga olgan.
Bu qoʻshiq uning “HIStory: Past, Present and Future” albomida chiqarilgandi. Bundan tashqari, ushbu albomda “They don’t care about us” trekini ham taqdim etgan. Muallif bu protest qoʻshiqda rasizm haligacha davom etayotgani va shtatlardagi idealogiya va qadriyatlarni tanqid qiladi.
Mazkur trek ortidan qoʻshiqchini antisemitizmda ham ayblashadi. Shu sababli qoʻshiq bir nechta radio va televideniyeda senzuraga uchrab, efirga uzatish taqiqlanadi. Uning klipi Braziliyada suratga olingan.
Oxirgi konsertlar
2009-yilda Maykl Jekson oʻzining oxirgi konsert turini e’lon qiladi. U iyulda boshlanishi va ijrochining 40 ta turli sahnada chiqish qilishi rejalashtirilgandi. Ammo oʻsha yilning iyunida jon bergan Maykl oxirgi yirik konsert turini oʻtkazolmagan. U oxirgi marta katta sahnada 2009-yilning 23-iyunida chiqish qilgan va ikki kun oʻtib, 25-iyunda vafot etgan.
Plastik operatsiyalar
Millionlab san’atkorlar hayoti davomida ko‘plab plastik operatsiyalarni boshdan kechirgan. 80-yillarning o‘rtalaridan boshlab Maykl Jeksonning terisi sezilarli darajada oqara boshladi. 1993-yil boshida san’atkor burni shaklini o‘zgartirishda yordam bergan mutaxassislarga murojaat qilganini tan oldi.
Biroq qo‘shiqchi kam uchraydigan genetik kasallik — vitiligo tufayli bir qancha tibbiy muolajalarni o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Bundan tashqari, Jekson teri rangini bir xil qilish uchun kuchli pardoz vositalaridan foydalanishga majbur edi. Shu bilan birga, u teri rangini ataylab o‘zgartirmoqchi ekanligini inkor etdi: “Men afroamerikalikman va bu bilan faxrlanaman”, degan uning oʻzi.
Ba’zi shifokorlar san’atkorning burni bir necha marta operatsiya qilingani, lablari yupqalashtirgani, yonoqlari va qovoqlarini to‘g‘rilaganini ta’kidlashdi. Bundan tashqari, Maykl Jeksonning iyagidagi operatsiyadan oldin bu yerda chuqurchasi bo‘lmagan. Mutaxassislar ham uning peshonasini ko‘tarish uchun operatsiya qilishgan deb aytiladi.
E’tiborga molik qoʻshiqlar
“Smooth Criminal”
“Remember The Time”
“You Are Not Alone”
“Bad”
“The Way You Make Me Feel”
“Don't Stop Until You Get Enough”
“Rock With You”
“You Rock My World”
“Heal The World”
“Hold My Hand” (ft Akon)
Diskografiyasi
- 2001 Invincible
- 1995 HIStory: Past, Present and Future, Book I
- 1991 Dangerous
- 1987 Bad
- 1982 Thriller
- 1979 Off The Wall
- 1975 Forever, Michael
- 1973 Music & Me
- 1972 Got to Be There
- 1972 Ben