Shohruhmirzo Gʻaniyev — Ovoz loyihasi birinchi mavsumi gʻolibi

E’lon qilingan sana· 706
Shohruhmirzo Gʻaniyev — Ovoz loyihasi birinchi mavsumi gʻolibi

11-avgust kuni Ovoz loyihasi birinchi mavsumining final bosqichi boʻlib oʻtdi. Unda Farrux Zokirov jamoasidan Umida Qozoqboyeva, Tohir Sodiqov jamoasidan Anna Gurjiyeva, Ozodbek Nazarbekov jamoasidan Zafar Gʻofurov hamda Sevara Nazarxon jamoasidan Shohruhmirzo Gʻaniyev ishtirok etdi.

Finalning birinchi bosqichida ishtirokchilari oʻz ustozlari bilan birgalikda duet kuyladi. Farrux Zokirov va Umida Qozoqboyeva “Sen boʻlmasang yonimda” qoʻshigʻini ijro etdi. Shundan soʻng sahnaga Anna Gurjiyeva hamda Tohir Sodiqov taklif etildi. Ular tomonidan “Yoz alvido” qoʻshigʻi kuylandi. Zafar Gʻofurov esa Ozodbek Nazarbekov bilan birgalikda “Andijoncha” qoʻshigʻini aytdi. Birinchi bosqichni Shohruhmirzo Gʻaniyev va Sevara Nazarxon “Yagonam oʻzing” qoʻshigʻi bilan yakunladi.

Ikkinchi bosqichda esa ishtirokchilar yakka holda qoʻshiq ijro qildi. Bunda Umida Qozoqboyeva Yulduz Usmonovaning “Shox va gado”, Anna Gurjiyeva Selen Dionning “My Heart Will Go On”, Zafar Gʻofurov Ozodbek Nazarbekovning “Lola” va Shohruhmirzo Gʻaniyev Murodjon Ahmedovning “Boʻylaringa” qoʻshigʻini ijro etdi.

Muxlislar orasida oʻtkazilgan ovoz berish natijalariga koʻra, Shohruhmirzo Gʻaniyev 35,2 foiz bilan Ovoz loyihasi birinchi mavsumi gʻolibi deb topildi. Umida Qozoqboyeva 27,6 foiz bilan ikkinchi, Anna Gurjiyeva 21,1 foiz bilan uchinchi, Zafar Gʻofurov esa 16,7 foiz ovoz bilan toʻrtinchi oʻringa loyiq koʻrildi.

Bundan tashqari, final davomida DJ Piligrim ham sahnaga chiqdi va “Soy boʻyida” qoʻshigʻini ijro etdi. Shuningdek, DJ Piligrim Ovoz Kids loyihasi ustozlaridan biri boʻlishi e’lon qilindi.