"Lose Yourself", "Show Must Go On", "Kukushka": Butun dunyodagi "The Voice" loyihalarida aytilgan eng yaxshi qoʻshiqlar

E’lon qilingan sana· 767
"Lose Yourself", "Show Must Go On", "Kukushka": Butun dunyodagi "The Voice" loyihalarida aytilgan eng yaxshi qoʻshiqlar

Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan “Ovoz” loyihasining birinchi mavsumi yakuniga yetish arafasida turibdi. Oldinda bitta yarim final bellashuvi va keyin esa final oʻyini bor. Afisha.uz ushbu bosqichlar oldidan “The Voice” loyihasining butun dunyodagi eng yaxshi chiqishlarini bir yerga jamladi.

Eminem — “Lose Yourself”

Fransiyada oʻtkaziladigan “Ovoz” musobaqasining 2017-yilgi mavsumida Vinsent Vinel Eminemning “Lose yourself” qoʻshigʻini kuylaydi. Ijro davomida Vinsentning oʻzi fortepiano chaladi. Ushbu video izohlaridan birida “Klassikani oʻrganishga majbur boʻlsang-u, lekin rep hayoting boʻlsa”, deya yozilgan.

Viktor Soy — “Kukushka”

Rossiyada kattalar uchun moʻljallangan “Голос” koʻrsatuvidan tashqari, bolalar uchun “Голос дети” shousi ham mavjud. Unda 7 yoshli Yaroslava Degtyaryova afsonaviy “Kino” guruhining urushga qarshi yozilgan “Kukushka” qoʻshigʻini ijro etgan. Ushbu chiqish hali-haligacha koʻpchilikni hayratda qoldiradi va olqishlarga sabab boʻladi.

Vitas — “Opera №2

Jamlanmada “Голос.Дети” koʻrsatuvidan yana bir mehmon. Bu shouda bolalar kattalar ham qiyinchilik bilan ijro etadigan qoʻshiqlarni ayta olishi bilan ajralib turadi. 11 yoshli Eduard Rediko ham Vitasning “Opera №2” qoʻshigʻini ajoyib tarzda kuylagan. Avjiga “maza qilishingiz” kafolatlanadi.

Queen — “Show Must Go On”

“Ovoz” koʻrsatuvini namoyish etish huquqiga 76 ta davlat ega ekanini eslatib oʻtgan holda Norvegiyaga sayohatga otlanamiz. Unda Fredrik Fjell Fredi Merkuriy va Queen guruhining mashhur qoʻshiqlaridan biri “Show Must Go On"ni ijro etgan. Butun duunyoda Queen’ning muxlislari koʻp ekani va ular bu ijroni diqqat bilan baholashini hisobga olib, juda xavfli ishga qoʻl urilganini ta’kidlash lozim. Ijroni oʻzingiz ham eshitib, baholashingiz mumkin.

Scorpions — “Still loving you”

Navbat “tanish chehralar"ga ham yetib keldi. Umuman olganda rok mavzusidan ham uzoqlashmaymiz. Rossiyadagi “Голос” loyihasining ikkinchi mavsumida oʻzbekistonlik Nargiz Zokirova ham ishtirok etgan. U ilk bosqichda mashhur Scorpions guruhining “Still loving you” qoʻshigʻini kuylagan.

AC/DC — “T.N.T”

Toʻplamga Oʻzbekistondagi “Ovoz” loyihasidan ham vakilni kiritmasak yaxshi boʻlmas edi. Jasur Xudoyberdiyev ham mashhur rok guruhi AC/DC'ning “T.N.T” qoʻshigʻini ijro etdi. Toʻgʻri, u keyingi bosqichda loyihani tark etdi, ammo ushbu ijrosi bilan butun dunyoga mashhur boʻldi.

Michael Jackson — “Earth Song”

Bu shouda juda koʻp bor ijro etiladigan Maykl Jeksonning “Earth Song” qoʻshigʻi Ruminiyada 2018-yilda oʻtkazilgan shouda Bogdan Ioan tomonidan kuylangan. YouTube’dagi koʻrishlar soni va shoudagi hakamlarning reaksiyasi ham qoʻshiq ajoyib tarzda aytilganini isbotlaydi.

<aWZyYW1lIHNyYz0iaHR0cHM6Ly93d3cueW91dHViZS5jb20vZW1iZWQvMnZlem1ockpUTm8/c3RhcnQ9MCZhbXA7Y29udHJvbHM9MSIgd2lkdGg9IjU2MCIgaGVpZ2h0PSIzMTUiIGZyYW1lYm9yZGVyPSIwIiBhbGxvd2Z1bGxzY3JlZW49IiIgZGF0YS15b3V0dWJlLXZpZGVvPSJ2aWRlbyI==>

Imagine Dragons — “Believer”

Chexiya vs Slovakiya davlatlari hamkorligida oʻtkaziladigan shouda Katerina Kolchavova Imagine Dragons guruhining mashhur “Believer” qoʻshigʻini ijro etgan. Garchi hakamlarning birortasi ham qayrilmagan boʻlsa-da, qoʻshiq juda ajoyib tarzda kuylanganini aytib oʻtish lozim.

The Beatles — “Come Together”

Queen, Scorpions, AC/DC, Imagine Dragons kabi guruhlar oʻrin olgan jamlanmadan “Liverpul toʻrtligi” The Beatles oʻrin olmasa adolatdan boʻlmasdi. Germaniyada oʻtkaziladigan shouda Mark Agpas guruhning “Come Together” qoʻshigʻini maromiga yetkazib kuylaganini guvohi boʻlishimiz mumkin.

Lara Fabian — “Je T’aime”

Toʻplamni yana “tanish chehralar” bilan tugatamiz. Hozirda Oʻzbekistondagi “Ovoz” shousida hakamlardan biri sifatida ishtirok etayotgan Sevara Nazarxon 2012-yilda Rossiyadagi “Голос” koʻrsatuvida ishtirok etgan. Nazarxon unda Lara Fabianning “Je T’aime” qoʻshigʻini kuylagan. Bundan tashqari Sevara uchinchi bosqichgacha yetib borgan.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov