Oʻzga sayyoraliklar uchun oʻzbekcha pleylist
Yuriy Dud ismli rossiyalik jurnalist bor, koʻpchilik yaxshi bilsa kerak. U oʻzining “вДудь” loyihasiga musiqashunos Anna Velinskayani chaqiradi va unga rus musiqasidan umuman xabari boʻlmagan oʻzga sayyoraliklarga ruscha qoʻshiqlarni tanishtirish uchun 21-asrda chiqqan eng yaxshi 10 ta trekni tanlashni soʻraydi. Ushbu intervyu va savoldan ilhomlangan Afisha.uz muharrirlari “oʻzga sayyoraliklarga koʻrsatish mumkin boʻlgan 10 ta oʻzbekcha qoʻshiq"ni oʻz versiyasi taqdim etishga qaror qildi.
Demak, sevimli “Afisha"ngizning oʻzbekcha tahririyati (ya'ni biz) tarkibi bunday: Nozima Xoshimova (shef-muharrir), Mirjalol Qosimov (futbolchi emas, muharrir) va Azimbek Xushmamatov (muharrir). Quyida ularning tanlovi bilan tanishib chiqishingiz va oʻz variantlaringizni ham yozib qoldirishingiz mumkin.
Nozima Xoshimova — Afisha.uz shef-muharriri
Nozimadan izoh: “Mendan shunday roʻyxat soʻrashdi va oʻzimga yoqqan, doimiy eshitib keladigan, kayfiyatimga ta’sir koʻrsata oladigan qoʻshiqlarni tanladim. Asosan, hammasi 2010-yilgacha boʻlgan treklar ekan. Oʻzga sayyoraliklar yaxshi musiqa tinglashsin”.
1. “Sahar” guruhi — “Yomgʻir”
2. Joʻrabek — “Orzu”
3. Lola — “Orzu”
4. Tohir Sodiqov & Lola — “Undan nimam kam”
5. “Setora” guruhi — “Borsan”
6. Shoxrux — “Xato”
7. “Dado” guruhi — Allora
8. Shahzoda — “Keragimsan”
9. Ruslan Sharipov & Yulduz Usmonova — Hasrat
10. Rayhon — “Orzungga ishon”
Azimbek Xushmamatov — Afisha.uz muharriri
Ofisga kelib-ketish uchun (ya'ni sizlarga yaxshi materiallar tayyorlash uchun) yoʻlning oʻziga umumiy 4 soat vaqt sarflaydigan Azimbekning ortib qolgan 20 soatida bu tanlovlar boʻyicha bergan izohi: “Oʻzimni oʻzbek musiqasi gurusidek his qilmoqchi boʻldim va hamma janrlardan qoʻshiqlar tanlashga, har xil ijrochilarni eslab, ular ijodining choʻqqisida aytgan treklarni yozmoqchi boʻldim. Ammo yakunda bolaligimda oʻzimga yoqqan qoʻshiqlarni tanladim”.
1. Jahongir Otajonov — “Oq bulutlar”
2. Ozodbek Nazarbekov — “Yigʻlarmisan”
3. Shoxrux — “Xato”
4. Yulduz Usmonova — “Qizgʻaldogʻim”
5. Sevara Nazarxon — “Oqqushlar”
6. Bojalar — “Sen kechir”
7. “Ummon” guruhi — “Aldangan qiz”
8. “Sahar” guruhi — “Oʻsha sizmi?”
9. Tohir Sodiqov & Lola — “Undan nimam kam?”
10. Ulugʻbek Rahmatullayev — “Bemor”
Mirjalol Qosimov — Afisha.uz'ning futbolsevar muharriri
Futbolchi boʻlolmaganiga yarasha hozir gohida futbol oʻynab turadigan va har safar ochkisini sindirib oladigan Mirjalol Qosimov (ha, oʻsha har ikki videomizda chiqadigan “krasavchik” bola — shu yerda maqolani kim tayyorlaganini sezishingiz mumkin) izohi: “Oʻzi musiqani uncha tushunvormayman, janrlarga ham ajratolmayman, musiqani jaranglashi va ijrochini ovozi yoqyaptimi — trek pleylistimga qoʻshiladi. Lekin ulardan 10 tasini tanlash juda qiyin ish ekan, toʻgʻrisi. Lekin hamkasblarimning gaplarini yana bir takrorlayman: tanlovlar subyektiv. Men Sevara Nazarxonning ashaddiy muhlisi sifatida uning koʻp qoʻshiqlarini kiritib yuborishim mumkin edi, lekin hamkasblar yana bir shartni aytib qolishdi: bir ijrochi — bitta qoʻshiq. Oldindan aytib qoʻyay: “Yur muhabbat"ning iloji boricha jonli, konsert versiyasini tinglang”.
1. Sevara Nazarxon — “Yur muhabbat”
2. Ozodbek Nazarbekov — “Lola”
3. Jahongir Otajonov — “Bevafo”
4. Bahtiyor Rahmonov — “Quyosh porlamoq uchun”
5. Lola — “Sevgingni menga ayt”
6. Tohir Sodiqov — “Kel yashaylik”
7. Shaxriyor — “Seni koʻrdim”
8. Shoxrux — “Xato”
10. “Setora” guruhi — “Borsan”
Demak, uchchala muallifimizda birgina tanlovi kesishdi, xolos — Shoxruxning “Xato"si. “Setora” ijrosidagi “Borsan” esa ikkita muharririmiz (Nozima va Mirjalol) tomonidan tanlandi. Uchta ishtirokchi ham Lola va Tohir Sodiqovning u yoki bu qoʻshigʻini tanlashdi. Mirjalol va Azimbeklarni Jahongir Otajonov va Ozodbek Nazarbekov ham birlashtirib turibdi.
Sizda-chi, bu pleylist qanday boʻlgan boʻlardi? Ushbu maqola ostidagi izohlarda yoki Telegram kanalimizdagi ushbu post ostida oʻz versiyalaringizni qoldiring. Rahmat!