Hafta artisti: "Setora" guruhi

E’lon qilingan sana· 1 423
Hafta artisti: "Setora" guruhi

Bu — Afisha.uz'ning har hafta e’lon qilib boriladigan “Hafta artisti” rukni. Unda biz bir ijodkorni tanlab, u haqida qisqacha ma’lumot va e’tiborga molik treklarini ulashib boramiz. Bu, o‘ylaymizki, uzoq davom etadi va siz yangi artistlarni kashf qilasiz, avvaldan tanish bo‘lganlarini esa yaqinroq bilib olishingiz va qo‘shiqlarini qayta tinglashingiz mumkin bo‘ladi. “Hafta artisti"ning navbatdagi qahramoni — “Setora” guruhi.


Komila, Laylo va Feruza

Afsonaviy “Setora” guruhining tarkibini koʻpchilik yaxshi bilsa kerak. Shu jumladan, guruh oʻrtada oʻz nomini oʻzgartirishga majbur boʻlganini ham (bu haqda sal keyinroq). Guruh ilk marotaba 1998-yilning martida yigʻilgan, oʻsha paytda qizlar sinfdosh boʻlishgan. Qoʻshiq kuylash fikri Komila Xoʻjayevadan chiqqan.

Keling, “Setora"ning ilk tarkibi bilan yana bir eslab oʻtamiz:

  • Laylo Galiyeva — 1978-yil 28-iyun kuni Toshkent shahrida tugʻilgan. Gliyer nomidagi musiqa maktabini tamomlagan. Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida musiqa teoriyasi yoʻnalishida tahsil olgan. “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist” unvoni egasi 2009−2016-yillarda Leyli taxallusi bilan yakkaxon ijod qilgan.
  • Komila Xoʻjayeva — 1978-yilning 4-dekabrida Toshkentda tugʻilgan. Gliyer nomidagi musiqa maktabini tamomlagan. Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida dirijyorlik yoʻnalishida tahsil olgan. Bundan tashqari, u Shveysariyaning “Geneva Business School"ini oʻqib tugatgan. Komila “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist” unvoni va “Nihol” mukofoti egasi.
  • Feruza Latipova — 1978-yilning 14-oktyabrida Toshkentda tavallud topgan. Gliyer nomidagi musiqa maktabini tamomlagan. 2002-yilda “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist” unvoni va “Nihol” mukofotiga loyiq koʻrilgan. Feruza kenja qizining ismini guruh nomidan ilhomlangan holda Setora qoʻygan.

“Setora” tuzilganidan boshlab “Setora” guruhi “Vafodoring”, “Yonma”, “Maktabim”, “Sen borsan” kabi o‘nlab xitlarni yaratib, juda tez mashhurlikka erishadi. Oʻsha vaqtda ular “Tarona Records” prodyusserlik markazi bilan hamkorlik qiladi. Guruh tashkil qilingandan 7 yil oʻtib, ya’ni 2005-yilda markaz va xonandalar oʻrtasida kelishmovchilik yuzaga kelib, qizlar “Tarona Records” bilan shartnomani bekor qiladi.

Ammo guruh nomidan foydalanish huquqi prodyusserlik markazida qoladi. Shu sababli Laylo, Komila va Feruza 2005-yildan boshlab “SeTanho” nomi bilan ijod qilishda davom etadi. Komila guruh nomiga nisbatan shunday izoh bergan: “Birovlar tanhoni „yolg‘iz“ deb tarjima qilishi mumkin, lekin biz uni „yagona“, „asl“ ma‘nosida olganmiz”.

Komila Xoʻjayeva 2014-yilda, “SeTanho” guruhi boʻlib ijod qilayotgan vaqtda BBC’ga intervyu beradi va “Setora"ning tarqalib ketishi haqida gapiradi. Uning soʻzlariga koʻra, prodyusserlar ularning mustaqil boʻlish xohishini kechirmagan.

“Bilasizmi, o‘z vaqtida bizning guruhimiz va “Tarona Rekords” prodyuserlik markazimiz o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keldi. Balki, biz qaysidir tomondan nohaq bo‘lgandirmiz, chunki, ayniqsa moliyaviy tarafdan, mustaqilroq bo‘lishni xohlagandik. Bizda prodyuserlik tajribasi yo‘q edi, lekin qizlar o‘zimiz mustaqil faoliyat yuritsak, shu tajribaga ega bo‘lamiz deb o‘ylagandik. Bizning prodyuserlarimiz esa bizni deyarli bolalikdan tarbiyalashgan va shuning uchundir bizning mustaqil bo‘lish istagimizni kechirmaganlar, va hozir ham balki kechirmaslar. Ular bizsiz ham boshqa “Setora” guruhini tashkil qila olishlariga ishondilar, biz esa, o‘z navbatida, o‘zimiz yo‘limizni topib ketamiz deb o‘yladik. Balki tajribamiz yetmagani tufayli “Tarona"dan ketgach, mustaqil guruh bo‘lib uzoq yashamadik”, deydi “Setora” guruhi a’zosi.

Bu orada “Tarona Records” bir necha marta “Setora"ning tarkibi oʻzgartiradi, ammo ularning hech qaysi biri boshlangʻich tarkib kabi omadli chiqmaydi (shu sababli ham biz ushbu maqolani faqatgina guruhning haqiqiy afsonalariga bagʻishladik).

Qizlar 2018-yilda “Setora” leyblidan foydalanish huquqini qaytarib oladi va shu nom ostida katta sahnalarga qaytadi. Guruh 2024-yilning 10-iyulida “buyuk qaytish” qilib, “Bitta oʻzim” nomli ashula chiqardi.

Guruh ilk albomini 1999-yilda taqdim qilgan va buning ortidan 50 ga yaqin gastrol konsert uyushtirgan. “Ohim” deb nomlangan albomdagi “Yonma”, “Yoʻq demagin” va xuddi albom nomidagidek qoʻshiqlar Oʻzbekistonda xit boʻlgan.

Bu muvaffaqiyatdan ilhomlangan qizlar bir yil oʻtib yana bir albom chiqaradi — “Sen borsan”. Bu albom birinchisidan ham koʻproq sotiladi va xit-paradlardan joy egallaydi. Albomdagi asosiy trek ham xuddi shu nomda va guruhning eng mashhur qoʻshiqlaridan biri, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

“Setora” yilma-yil yangi albom chiqarishda davom etdi va “Qora” albomini e’lon qildi. Undagi asosiy xit ham shunday nomlangandi. Trek giyohvand moddalar (zararlari) haqida boʻlib, unga ishlangan klipda Javohir Zokirov rol ijro etgan.

Oʻtgan 4−5 yil davomi guruh Markaziy Osiyoda mashhur boʻlib ulguradi, qoʻshiqlari topda boʻladi. Endi qizlar rus tilli auditoriyani jalb qilish maqsadida “Эта жизнь” nomli toʻliq rus tilidagi albom chiqaradi.

Ketma-ket chiqarilgan 4 ta albom va bir necha kliplardan soʻng, yuqorida aytganimizdek, “Tarona Records” va guruh oʻrtasida kelishmovchilik kelib chiqadi. Qizlar “SeTanho” boʻlib faqatgina bitta albom chiqarishga ulguradi. Ularning 2008-yilda e’lon qilgan “Number 1” nomli albomi oldingilarichalik boʻlmasa ham yetarlicha mashhurlikka erishadi.

“Setanho"ning faoliyati uzoqqa choʻzilmaydi, ular 2009-yilda guruhni yopishga qaror qiladi. Guruh a’zolari yakkaxon ijodga oʻtadi.

2015-yilda Komila va Laylo “SeTanho"ni qayta tiklashga qaror qiladi, lekin bu safar uchinchi kishisiz. Ushbu duet shu yili “Rahmonim” nomli qoʻshiq chiqargan.

2018-yilda qizlar “Setora” nomini qaytarib olishga muvaffaq boʻladi va toʻliq tarkibda ijodga qaytadi. Hozircha ular eski qoʻshiqlarini yangidan ijro qildi, endi-endi yangi musiqalar chiqarishni boshladi (yuqorida aytilganidek).

E’tiborga molik treklar

“Yonma”

“Sen jonim”

“Yoʻq demagin”

“Yor-yor”

“Vafodoring”

“Sevgini asra”

“Yolgʻizlik”

“Ajdodlar ruhi”

“Oʻzbegim”

“Kechir sevgi”

“Dugona” (feat Sevara Nazarxon)

“Ne boʻlar”

“Senga”

“Kel”

“Afsus”

“Unutolmayman”

“Xayr endi”

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ