Parij-2024. Olimpiada ochilish marosimi uchun tayyorlangan eng chiroyli liboslar

E’lon qilingan sana· 2 451
Parij-2024. Olimpiada ochilish marosimi uchun tayyorlangan eng chiroyli liboslar

26-iyul kuni Parij shahrida 2024-yilgi Olimpiada oʻyinlarining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtadi. Ushbu marosim Olimpiadalar tarixida ilk bor stadion tashqarisida, Sena daryosi boʻylab oʻtkaziladi. Bu eng noodatiy tadbir boʻlishi kutilmoqda.

Olimpiya oʻyinlari nafaqat sportchilarning natijalari borasida, balki ularning imiji boʻyicha ham davlatlar oʻrtasida norasmiy “bellashuv” boʻladi. Har bir davlat sportchilar 4 yilda bir marta boʻladigan katta sport tadbirining ochilish marosimida ajralib turishini, mamlakat imijini koʻtarishni xohlaydi. Bu uchun dizaynerlar maxsus ishlaydi.

Bu yil ham koʻp ishtirokchi davlatlar ochilish marosimiga liboslar borasida jiddiy tayyorlangan. Afisha.uz Parij-2024 olimpiya oʻyinlari ochilish marosimida kiyiladigan eng chiroyli liboslarni bir joyga toʻpladi.


Moʻgʻuliston

Toʻplamni eng chiroyli libos bilan boshlashga qaror qildik. Bu liboslarga maqolaning soʻnggida turish yarashmaydi. Agar liboslar dizayni uchun ham medal taqdim etilganda edi, Moʻgʻuliston delegatsiyasi oltin medalni naqd qilgan boʻlardi.

Ochilish marosimi uchun tayyorlangan mazkur liboslar dizayni e’lon qilindan buyon ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻldi. Uning dizaynini mahalliy “Michel Amazonka” brendi (opa-singil Choigaalaalar asos solgan kompaniya) tayyorlagan.

Mazkur liboslarda asosan milliy ana’naviy bezaklarga urgʻu berilgan. Mamlakat Olimpiya qoʻmitasiga koʻra, liboslarning har birini tayyorlash uchun oʻrtacha 20 soat vaqt ketgan. Jeletlarga e’tibor berilsa, ularda Olimpiya mash’alasi va halqalariga oʻxshash naqshlar ham koʻrinadi.


Fransiya

Mezbon davlat azaldan muhabbat va moda bilan assotsatsiya boʻladi. U yerdan koʻplab mashhur dizaynerlar chiqqan. Bu yilgi Fransiya olimpiya terma jamoasi liboslari “Vogue France” jurnalining sobiq muharriri Karin Roytfeld tomonidan LVMH bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.

Ushbu kastyumning yoqalari Fransiya bayrogʻida tasvirlangan ranglar bilan boshqacha tarzda ajralib turadi. Umuman olganda, fransuz sportchilari nafis kiyimlar bilan marosimni boshlab berishadi.


Avstraliya

Avstraliya delegatsiyasi liboslari “Sportscraft” tomonidan ishlab chiqilgan va ochilish marosimida 460 dan ortiq sportchi aynan shu kiyimlarda qatnashadi.

Liboslarda Avstraliyaning milliy ranglari hisoblangan tillarang va yashildan foydalanilgan, ular mamlakatning oʻrmonlari, plyaj va ekinzorlarini ifodalaydi.

Qiziq tarafi shundaki, har bir pidjakning ichki qismida Olimpiadalarda oltin medalni qoʻlga kiritgan avstraliyalik sportchilar ismi va ichki cho‘ntagida avstraliyalik olimpiyachilarning qasamyodi tushirilgan.


Chexiya

Chexiya delegatlari uchun tayyorlangan libos bir qarashda devor boʻyash chogʻida boʻyoq sachrab ketganga oʻxshaydi, lekin bu toʻplam aynan shunisi bilan ham boshqalaridan ajralib turishi aniq.

Chexlarning sport kiyimlari “Alpine Pro” kompaniyasi tomonidan tayyorlangan.

Plash ostida an’anaviy sport futbolkasi va oddiy shimlar. Ta’kidlash joizki, koʻylakning orqa tomonidagi uchburchak naqsh qizil, koʻk va oq rangdagi Chexiya bayrogʻidagi uchburchakni eslatadi.


AQSH

Parij-2024 Olimpiadasida Amerika Qoʻshma Shtatlari nomidan ishtirok etuvchi sportchilar dunyoga mashhur brend — “Ralph Lauren” tayyorlagan liboslarda koʻrinish beradi.

Oddiy jinsi shim, yoʻl-yoʻl oksford koʻylak hamda oq va qizil chiziqli jaket. Bir qarashda boshlangʻich maktab oʻquvchilarini eslatib yuborishi aniq.


Gaiti

Gaitining rang-barang dizaynli libosi gaiti-italyan dizayner Stella Jean tomonidan yaratilgan.

Yubkalar va shimlarda Gaitilik rassom Filipp Dodardning “Passage” nomli kartinasi tasvirlangan. Moviy rang koʻylaklarda Guayaberadan ilhomlanilgan, an’anaviy gaiticha toʻqishning maxsus texnikasidan foydalangan holda tikilgan.

Oq yengsiz blazerlar (nimcha) ham qayta ishlangan matodan tikilgan bo‘lib, ularda Olimpiya gerbi tasvirlangan.


Buyuk Britaniya

Buyuk Britaniya jamoasi liboslari Ben Sherman tomonidan ishlab chiqarilgan, u ketma-ket soʻnggi uchta Olimpiya oʻyinlarida jamoa uchun liboslar taqdim etgan.

Kiyimlarda Britaniya bayrogʻi, qizil, oq va koʻk ranglar va belgilar mavjud. Shuningdek, ularda 4 ta milliy gul ramzlari ham tushirilgan.


Ispaniya

Bu yil ispaniyalik sportchilar uchun juda omadli kechmoqda. Futbolchilari Yevro-2024 da gʻalaba qozondi, Karlas Alkaraz tennis boʻyicha Uimbldon gʻolibi boʻldi. Futbol boʻyicha olimpiya terma jamoasi esa Oʻzbekiston bilan bir guruhdan joy oldi, shunday ekan, bu safar ularga muhlislik qilish yaramaydi.

Ammo ularning ochilish va yopilish marosimi uchun tayyorlagan liboslarini qayd etmay iloj yoʻq. Nafis. Ispaniya bayrogʻidagi ranglar ishlatilgan. Liboslarni “Joma” taqdim etgan.


Janubiy Koreya

Ochilish va yopilish marosimlarida janubiy koreyaliklarni diqqat bilan kuzatib boring, chunki ularning liboslari eng zamonaviylaridan biri hisoblanadi.

Moviy rang bilan bezatilgan kamarli kostyum “Musinsa Standard” tomonidan yaratilgan. Bu libos “tinchlantiruvchi tuyg‘u"ga ega bo‘lish va “sharq, yoshlik va tadbirkorlik ruhi"ni ifodalaydi.


Meksika

Meksika Olimpiya terma jamoasi pushti va oq rangdagi liboslar kiyadi, uning yenglarida Meksikaning Oaxaka shaharlari, San-Migel de Allende va Michoacan shtatini aks ettiruvchi piktogrammalardan iborat bosma naqshlar bor.

Qora futbolka “Mustaqillik farishtasi” yoki El Angelga hurmat bajo keltiruvchi “Viktoriya Alada” deb nomlangan uniforma dizayniga urg‘u beriladi.


Oʻzbekiston

Oʻzbekistonlik sportchilarning sport kiyimlari toʻplami “7Saber” brendi tomonidan taqdim etilgan boʻlib, u yuqori sifatli matolardan “Dri fit” texnologiyasidan foydalangan holda ishlab chiqariladi, bu kiyimlarga alohida pishiqlik va mashgʻulotlarda namlikni oʻziga singdirmaydi.

Sport hamda boshqa tadbirlar uchun moʻljallangan oq va zumrad koʻrinishdagi asosiy ranglar kombinatsiyasi tilla rang elementlar bilan hayotga muhabbat va ochiqlikni, qatʼiylik va gʻalabaga boʻlgan ishtiyoni anglatadi.

Forma Oʻzbekistonning tarixiy me’morchiligidan ilhomlangan — fraktal mozaikalar bilan bezatilgan saroylar, masjidlar va madrasalar jihozning markaziy elementiga aylandi.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov