Jiyanini tanlagan Sevara Nazarxon, "Ixtiandr" Rishat, Ozodbek Nazarbekovning qoʻshiqlari yangi talqinda – "Ovoz" yarim finaliga kimlar oʻtdi?

E’lon qilingan sana· 9 945
Jiyanini tanlagan Sevara Nazarxon, "Ixtiandr" Rishat,  Ozodbek Nazarbekovning qoʻshiqlari yangi talqinda –  "Ovoz" yarim finaliga kimlar oʻtdi?

Ta’kidlash joiz, bu eng shov-shuvli efirlardan biri boʻldi. Buning sababini esa quyida keltiramiz.

20-iyul kuni “Ovoz” loyihasining “Zarba” bosqichi yakunlandi. Unda Sevara Nazarxon va Ozodbek Nazarbekovning jamoalari ishtirok etib, yarim finalga kimlar oʻtishi aniqlandi.

Sevara Nazarxon jamoasi

Yarim final uchun Sevara Nazarxon jamosida asli kubalik boʻlgan Alliannys Salazar Muhriddin Holiqovning “Laylim” qoʻshigʻini kuyladi. Oʻzbek tilida aytish oson boʻlmagani va bu vokal tomoniga ham ta’sir qilgani sezildi.

Estrada va opera ariyalari bilan ajralib turadigan Hadicha Imomnazarova Dionne Warwick`ning “We are the world” trekini kuyladi. Loyihaning yana bir e’tiborli jihati, xorij tilidagi qoʻshiqlarga improvizatsion ravishda oʻzbek tilidagi soʻzlar ham qoʻshiladi. Ushbu chiqishda ham tomoshabinlar shunga guvoh boʻldi. Bundan tashqari, xor sifarida Hadichaning oʻquvchilari ham ishtirok etdi.

Rishat Toktibayev. Oʻzining yoqimli tembri va turli xil janrlarda kuylay olish qobilyati bilan ajralib turuvchi ishtirokchilardan biri Whitney Houstonning “I have nothing” nomli juda mashhur qoʻshigʻini kuyladi. Oʻzbekcha motivlar bilan, albatta. Rishatning bu safargi obrazi ham alohida tahsinga sazovor.

Baland notalarda qiynalmay kuylay oladigan Rayhona Majidova arabcha “Ya sidi” trekini murakkabligiga qaramay mahorat bilan ijro etdi.

Loyiha ustozlaridan biri boʻlgan Sevara Nazarxon jamoasida uning jiyani — Yulduz Nazarxonova ham bor edi. U Sirushoning “Havatum em” qoʻshigʻini kuyladi.

Shohruxmirzo Gʻaniyev “It's a man’s, man’s, man’s World” qoʻshigʻiga maqom motivlari bergan holda hirgoya qilib, har doimgidek ustozlar favoritlaridan biri boʻldi.

Jamoa chiqishini yakunlab, “Ovoz” loyihasida ishtirok etish uchun Tataristondan kelgan Saida Muhammetzyanova Celine Dionning “The Power Of Love” qoʻshigʻini mahorat bilan ijro etdi.

Loyiha qoidasida koʻra, ustozlar ushbu bosqichda 7 nafar ishtirokchidan faqat 3 nafarini qoldirishlari kerak.

Sevara Nazarxon yarim final uchun Saida va Shohruxmirzoni keyingi bosqich uchun tanlaganidan soʻng, uchinchi ishtirokchi borasida alohida toʻxtaldi.

“Men jiyanim Yulduzni juda tanlagim kelmoqda, lekin tomoshabinlarda qanday reaksiya boʻlishini bilmayman, chunki: „axir u jiyani-ku“, „bunday qilish mumkin emas“ deb gapirishni boshlashadi. Shu vaqt ichida u juda oʻsdi va men uchun bu juda katta natija”, — deya baribir Yulduz Nazarxonni tanladi.

Efirdan soʻng, ijtimoiy tarmoqlarda aynan shu masala boʻyicha turli muhokamalar boshlandi. “The Voice of Uzbekistan” Instagram sahifasi izohlaridan ba’zilarini keltiramiz:

Ushbu fikrlarga javoban Yulduz Nazarxonova ham javob qaytardi:

Ozodbek Nazarbekov jamoasi

Milliy yoʻnalishdagi ijrosi bilan ajralib turadigan, adashi va familiyadoshi bilan doimiy adashtirib yuboriladigan Yulduz Usmonova A’Studio guruhining “Я улетаю” qoʻshigʻini kuyladi.

Istalgan janrlarga tez moslashuvchan Zafar Gʻofurov turkchadagi “Tut ağacım” trekini qoyilmaqom etib kuyladi.

Ozodbek Nazarbekov bu bosqichda ishtirokchilarga oʻz qoʻshiqlarini tanlaganiga e’tibor berish mumkin edi. Madinabonu Odilova san’atkorning Bobur gʻazali asosida kuylagan “Otim Majnun” qoʻshigʻini juda goʻzal tarzda ijro etdi. Madinabonu milliy libos va tillaqosh bilan bilan sahnaga chiqdi.

Xurshid Inogʻomov Ozobek Nazarbekovning mashhur “Bezovta ona” qoʻshigʻini kuyladi. Koʻzlari yoshlanib, ta’sirlanib ijro etganida mavzu jihatidan unga yaqin ekanligi bilindi.

Karina Gaziyants ham Ozodbekning “Dutor” qoʻshigʻini mohirona tarzda kuyladi.

Madlen Sharipova Christina Aguilera`ning “Hurt” va Adolat Ismoilova Hoji Abdulaziz Abdurasulovning “Samarqand ushogʻi” qoʻshiqlari bilan bosqichni yakunlab berdi.

Ozodbek Nazarbekov yarim final uchun Zafar, Madinabonu va Madlenni tanladi.

Madlen Sharipova — Ozodbek Nazarbekov kuyovi Yorqinxoʻja Umarovning singlisi. Shu sababli, ushbu tanlov tomoshabinlar tomonidan bir qancha e’tirozlarga sabab boʻldi.

Eslatib oʻtamiz, “Ovoz” loyihasini Zoʻr TV kanali va “Kinopoisk” servisi orqali tomosha qilish mumkin.