Uzbekistan's club futbol bo‘yicha Olimpiya terma jamoasi rasmiy madhiyasini e'lon qildi
Uzbekistan’s club mamlakat tarixida ilk bor futbol bo‘yicha Olimpiya terma jamoasiga rasmiy madhiya yaratdi. “Men o‘zbekistonlikman — qonimda g‘alaba” loyihasi doirasidagi musiqiy asar videosi taqdim etildi.
Qayd etilishicha, ushbu videoni suratga olishda eng yaxshi mahalliy mutaxassislar bilan bir qatorda germaniyalik kinooperator Maks Tsui ham ishtirok etgan. Unda terma jamoaning barcha futbolchilari, jumladan, Abbos Fayzullayev, Eldor Shomurodov hamda murabbiy Timur Kapadze qatnashgan.
Bundan tashqari, san’at va media sohasining yorqin namoyandalari, xususan, Asal Saparbayeva (Littos), Alisher Uzoqov, Davron Kabulov, Kamila Gemadinova, Xusnora Shodiyeva, Sitora Alimjonova, Maftuna Shokirova, Abdurahmon Fozilov va boshqalar suratga tushgan.
Ta’kidlanishicha, Uzbekistan’s club mazkur videokontent orqali #qonimdagalaba xalqaro chellenjiga start beradi. Chellenj shartiga koʻra, 20-iyulga qadar “O‘zbekistonlik” trekidan foydalanib, futbol mavzusida suratga olingan 1 daqiqali videoni Instagram’ga #qonimdagalaba heshtegi bilan joylash kerak boʻladi.
10 ta eng yaxshi videoning har biri uchun 50 million so‘m pul mukofoti beriladi. Ularni mashhur sportchilar va media vakillaridan iborat hay’at a’zolari saralaydi.