"Ovoz"dagi e'tiborga molik ijrolar
“ZoʻrTv” telekanali orqali efirga uzatilayotgan dunyoga mashhur “Ovoz” loyihasi 1-mavsumining 1-bosqichi yakunlangandi. Hozirda ikkinchi bosqich nihoyasiga yetib bormoqda. “Sirli ovoz” bosqichida har bir ustoz oʻz jamoasiga 12 nafardan ijrochi qoʻshib olgan, sahnada chiqish qilganlarning jami 48 tasi keyingi bosqichga oʻtdi. Kimdir oʻzbekcha, kimdir jahonga mashhur boshqa tildagi qoʻshiqlarni kuyladi, ularning ichida haqiqatda chuqur ma’noli qoʻshiqlar ham bor edi, bugun aynan mana shular haqida gaplashamiz.
Maqolani boshlashdan oldin aynan mana shu loyiha boʻyciha tahririyatimizga kelib tushayotgan ba’zi savollarga javob berib oʻtib ketmoqchiman.
“Ovoz"da qanday ishtirok etish mumkin? Buni biz bilmaymiz, loyihaga hech qanday aloqadorligimiz yoʻq, shunchaki u haqida ba’zida xabarlar va reportajlar berib turamiz. Buni loyihaning rasmiy sayti yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali kuzatib borishingiz kerak.
“Ovoz"ni qayerda toʻliq koʻrish mumkin? Bunisini bilamiz. “Ovoz” loyihasini “Kinopoisk” onlayn platformasi orqali toʻliq holda tomosha qilish mumkin. Faqat obuna sotib olish kerak boʻladi.
Faqatgina qoʻshiqlarni (intervyularsiz) qayerdan tinglash mumkin? Ishtirokchilarning chiqishlari “Yandex Music” platformasiga joylangan. Pleylistda birinchi bosqichdagi barcha qoʻshiqlar bor, 2-bosqichdagi treklar joylab borilmoqda. Obuna sotib olish zarur.
Kamola Gʻayratova — “Тримай” (Христина Соловий)
Endi maqolaning asosiy qismiga oʻtsak boʻladi. “Sirli ovoz” bosqichida 80 dan ortiq ijro boʻlgan boʻlsa, ularning ichida ba’zi siyosiy qoʻshiqlar ham boʻldi. Lekin Kamolaning chiqishi unday emas. Ushbu chiqish efirga ketgan soʻng murabbiylar Kamola Gʻayratovani tanlamagani uchun tanqid ostiga oldi, ularning fikricha, bu ukraincha boʻlgani uchun “qoʻrqoqlik”. Lekin Xristina Soloviyning qoʻshigʻi hech qanday siyosiy ma’noga ega emas, u sevgi haqida.
Loyihaning ikkinchi bosqichidan tayyorlagan eksklyuziv reportajimizda “Ovoz” bosh prodyusseri Timur Salimovga aynan Kamolaning chiqishi boʻyicha savol bilan yuzlandik. Uning aytishicha, ishtirokchi ukraincha qoʻshiqni prodyusserlar, musiqachilar jamoasi bilan birga tanlagan. “Agar qandaydir mumkinmas joyi boʻlganda, umuman bu qoʻshiq bilan sahnaga chiqmasdi. Ya’ni biz bu qoʻshiqni bir oy davomida musiqachilar, u bilan ishlab, sahnaga olib chiqqanmiz. Tanlov shu boʻlgan”, deydi u.
Original qoʻshiq 2015-yilda e’lon qilingan.
Bu trek siyosiy emasligini ruscha tarjimasidan ham bilib olish qiyin emas.
“Держи меня крепко одной рукой
Так сильно и нежно убивай меня,
Отдай мне печаль своими руками
Моими губами исцеляй, исцеляй себя”.
Rayhona Abdullayeva — “1944” (Jamala)
Bunisi haqiqiy siyosiy belgilarga ega qoʻshiq. Rayhona Abdullayevaning hissiyotga boy chiqishi bu qoʻshiqni toʻldirib turdi va toʻrtalla murabbiy ham ishtirokchiga oʻgirildi. Bu qoʻshiqda Stalin davridagi SSSRda qrim-tatarlarning kamsitilishi, deportatsiya qilinishi haqida soʻz boradi. 1944-yilning 18-may kuni Qrim nemis armiyasidan ozod qilingandan soʻng boshlangan deportatsiyada yuz minglab qrim-tatarlar oʻz uyi, Vatani tashlab, Markaziy Osiyoga ketishga majbur boʻladi. Ularga "fashist armiyasiga yordam berish" ayblovi qoʻyilgan.
"1944" qoʻshigʻi ukrainalik Jamala tomonidan 2016-yilda kuylangan. Oʻsha yilda ijrochi Ukraina nomidan "Eurovision" musobaqasida qatnashib, 534 ochko bilan gʻolib boʻladi. Qoʻshiq matniga e'tibor beradigan boʻlsak, naqorat tatarchada yozilgan, qolgan qismi esa inglizcha.
"Yaşlığıma toyalmadım
Men bu yerde yaşalmadım
Yaşlığıma toyalmadım
Men bu yerde yaşalmadım"
Bir qarashda hammasi tushunarli, qoʻshiq oʻsha yili surgun qilingan qrim-tatarlar, aniqrogʻi, Jamalaning Qirgʻizistonga deportatsiya qilingan buvisining tilidan kuylanmoqda. Jamala yuqoridagi soʻzlarni Qrim tatar xalq qoʻshigʻi "Ey Güzel Qırım"dan olgan.
Hadicha Imomnazarova – "Voila" (Barbara Pravi)
1-bosqichni yakunlab bergan Hadicha Imomnazarova ham "Eurovison"da sovrindor boʻlgan qoʻshiq bilan chiqish qildi. U 2021-yilda 2-oʻrinni qoʻlga kiritgan "Voila" qoʻshigʻini kuyladi, bu trek aslida kelib chiqishi serb-eronlik boʻlgan Barbara Pravi tomonidan ijro etilgan. Qoʻshiq Pravining oʻzini oʻzi qabul qilish haqidagi shaxsiy hikoyasi.
Bu nafaqat Barbaraning ovozi, balki butun dunyo ayollarining ovozi, desak ham mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki unda boricha qabul qilinmagan, hurmatsizikka, oilaviy zoʻravonlikka uchraganlar nomidan "isyon" koʻtariladi. "Yigirma besh yillik oʻzim bilan oʻzimni baxtli his qilish, gʻururlanish, nimaga qodir ekanimni anglash uchun olib borgan kurashning oxiri. Bu boshlanishi, chunki endi men salom aytishga tayyorman, bu menman va sizga yoqsa ham qarshi emasman... chunki men aynan shundayman. Menda hamma narsa shu….. Menda bor narsa shu, menda bor narsa shu, men shu yerdaman va voilà", deydi u intervyularning birida.
Maqola tugadi. Yana qaysi qoʻshiqlarni shunday tahlil qilishimizni xohlaysiz?
"Ovoz": 2-bosqich sahna orti jarayonlaridan eksklyuziv videoni esa Afisha.uz`ning YouTube kanalida tomosha qiling.