Hafta artisti: Tohir Sodiqov ("Bolalar")

E’lon qilingan sana· 338
Hafta artisti: Tohir Sodiqov ("Bolalar")

Bu — Afisha.uz'ning har hafta e’lon qilib boriladigan “Hafta artisti” rukni. Unda biz bir ijodkorni tanlab, u haqida qisqacha ma’lumot va e’tiborga molik treklarini ulashib boramiz. Bu, o‘ylaymizki, uzoq davom etadi va siz yangi artistlarni kashf qilasiz, avvaldan tanish bo‘lganlarini esa yaqinroq bilib olishingiz va qo‘shiqlarini qayta tinglashingiz mumkin bo‘ladi. “Hafta artisti"ning navbatdagi qahramoni — “Bolalar” guruhi solisti Tohir Sodiqov.

Tohir Sodiqov va “Bolalar” guruhi haqida

Tohir Sodiqov 1973-yilning 1-iyulida Toshkent shahrida oddiy ishchilar oilasida tugʻilgan. Tohir Sodiqov oilasida birinchi san’atkor hisoblanadi, uning otasi uchuvchi va zahiradagi ofitser boʻlgan, onasi esa uy bekasi. Otasi Bahromjon Sodiqov xonandaning yoshligida vafot etgan, shundan soʻng Gulnur Sodiqova farzandlarini yolgʻiz katta qiladi.

Tohir Sodiqov musiqa maktabida oʻqimagan. Maktabda oʻqib yurgan chogʻlarida musiqaga qiziqish paydo boʻlgan. U doʻstlari bilan birgalikda maktabda oʻqib yurgan paytida “Bolalar” guruhiga asos solgan. 1989-yilda qoʻshiq aytishga qiziqqan bir guruh yigitlar mashhur bastakor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artisti Ruslan Sharipovga aloqaga chiqqan. Oʻsha paytda ular qatorida mashhur aktyor Javohir Zokirov ham boʻlgan, Ruslan Sharipov esa uning pochchasi boʻlgan (Nargiz Zokirovaning turmush oʻrtogʻi).

Shunday qilib, Tohir Sodiqov Javohir Zokirov orqali oʻz vaqtining xitmeykeri bilan tanishadi va ular birga ishlashga rozi boʻladi. “Bolalar” guruhining ilk tarkibida Bahodir Po‘latov, Husan Sodiqov (Tohir Sodiqovning akasi), Javohir Zokirov, Nargiza Zokirova, Tofik Morduxayev, Toir Odilov va Tohir Sodiqovlar bo‘lgan. Guruhni dastlab oʻsha paytlar Rossiyadagi mashhur “Laskoviy may” guruhi kabi “Yoqimli may” deb nomlash taklifi boʻlgan, ammo maslahatlashuvlardan soʻng hozirgi nomga toʻxtatalishgan. “Bolalar” taklifini guruh a’zosi Bahodir Poʻlatov (solist) bergan, bunga Ruslan Sharipov ularga ruschalab “patsani” (“bolalar”, “yigitlar”) deb murojaat qilgani sabab boʻlgan. Ruslan Sharipov esa ularga badiiy rahbarlik qilgan.

1989-yilda tashkil topgan guruh oradan bir yil oʻtar-oʻtmas oʻzining ilk yakkaxon konsertini taqdim etadi. Ular shu darajada tez mashhur boʻldiki, 1990-yil 23-fevralidayoq “Alpomish” sport saroyida (hozirgi “Alpomish” muz saroyi) katta konsert bergan. Bundan sal oldinroq, ya’ni yanvar oyida guruhning ilk “Esingdami seni” albomi taqdim etilgandi, bundan uch oy (birinchi konsertda ikki oy) vaqt o‘tmasdan muxlislardan yana konsert berish borasida jiddiy takliflar tushgan va ular “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida konsert berishgan.

“Bolalar” asosan pop rok va eksperimental rok musiqa kuylagan. Guruh oʻz ijodi davomida turli yoʻnalishlarda qoʻshiq aytdi. Guruhning ilk ashualari faqat pop yoʻnalishida boʻlgan, ammo “Bolalar” tuzilganidan beri oʻtgan 20 yil davomida guruh bir nechta ogʻir rok qoʻshiqlarni ham chiqargan. Guruhdagilar asosan mashhur oʻzbek rok-n-roll ijrochisi Davron Gʻoyipov va oʻsha paytda mashhur boʻlgan Rossiyaning “Laskoviy May” guruhidan ilhomlangan. “Bolalar” shu kungacha jami 28 ta musiqiy albom, 280 dan ortiq qoʻshiq, 10 ga yaqin klip chiqargan.

2000-yillarda “Bolalar"ning koʻp aʻzolari birin-ketin guruhni tark etishdi. Ammo guruh aʼzolari onda-sonda birga qoʻshiq ijro etib turishadi. Oxirgi yillarda esa yana konsertlar berib kelishmoqda, ular doimgidek 1-iyun sanasini band qilishadi.

Duet borasidagi injiqliklar: Tohir Sodiqov bilan birga qoʻshiq aytish qancha turadi?

“Bolalar” duet borasida juda injiq boʻlgan, ular musiqiy hamkorlarni chertib-chertib tanlagan. Shu sababli ham guruhning boshqa ijodkorlar bilan dueti sanoqli. Xonanda “The Cover Up” loyihasining mavsum gʻolibi bilan ham duet kuylashni rad etgan.

Taklif u xonanda tomonidan kiritilayotgan bo‘lsa, albatta, haq so‘rayman. Men bilan duet aytish uchun 25−30 ming AQSH dollari miqdorida gonorar to‘lashi kerak. Ko‘rsatuvga borganimda kutilmaganda duet aytasiz deb qolishgan. 34 yillik san’atkor yosh ijrochi bilan duet kuylashi qanchalik to‘g‘ri. Dadasi yoki kanal ma’muriyati pul bersa boshqa gap edi, — deydi Tohir Sodiqov.

Sodiqov 2010-yilda “BBC” nashriga bergan intervyusida duetdoshlar boʻyicha tanlovini ham aytib oʻtgan. “Sizga bir kompaniyadan duet taklifi tushdi va ro‘yxatda faqat uch qo‘shiqchi bor: Shahzoda, Rayxon va Manzura. Ularning qaysi biri bilan duet ijro etardingiz?”, degan savolga Tohir Sodiqov quyidagicha javob bergan:

“Yo‘q, men ular bilan duet aytmasdim. Chunki bu narsaga judayam boshqacha qarayman, yaʼni bu kabi “reklamniy tryuk"lar men uchun emas. Men haqiqiy sanʼatni hurmat qilaman. Shuning uchun ham men Sevara yoki Sayatash bilan duet aytgan bo‘lardim”, — deydi u.

Treklar

“Sogʻindim”

“Xayolim senda”

“Sogʻindim ishon”

“Oyijon”

“Kerak emas”

“Eski shahar”

“Koʻzing mayus”

“Unutganim yoʻq”

“Gulim”

“Sen meni jonim”

“Undan nimam kam” (feat Lola)

“Baliqcham”

“Anori dona”

“Malikam”

“Doʻstim”

“Nega unday qilding sen”

“Boʻldi xato”

“Meni qoʻy oʻz holimga”