Hafta artisti: Ozodbek Nazarbekov

E’lon qilingan sana· 187
Hafta artisti: Ozodbek Nazarbekov

Bu — Afisha.uz'ning har hafta e’lon qilib boriladigan “Hafta artisti” rukni. Unda biz bir ijodkorni tanlab, u haqida qisqacha ma’lumot va e’tiborga molik treklarini ulashib boramiz. Bu, o‘ylaymizki, uzoq davom etadi va siz yangi artistlarni kashf qilasiz, avvaldan tanish bo‘lganlarini esa yaqinroq bilib olishingiz va qo‘shiqlarini qayta tinglashingiz mumkin bo‘ladi. “Hafta artisti"ning navbatdagi qahramoni — Ozodbek Nazarbekov.

Ozodbek Nazarbekov haqida

Nazarbekov Ozodbek Ahmadovich 1974-yilning 7-may sanasida Andijon viloyatining Shahrixon tumanida dunyoga kelgan. Oilasi oddiy ishchilardan iborat, ularning avlodida san’atkorlar boʻlmagan, faqatgina Ozodbek shu yoʻlni tanlagan. Xonanda shaxsiy hayoti haqida gapirishni unchalik xushlamaydi, shu sababli oilasi haqida ishonchli ma’lumot topish qiyinroq.

Ozodbek Nazarbekov 10 yoshida onasiz qolgan. Xonanda uning onasi u rahbar boʻlishini istaganini aytadi. Farzandlar orasida faqatgina Ozodbek Nazarbekov oliy ma’lumotli boʻlgan. Hozirga kelib Nazarbekov onasi istagandek “obkom” (viloyat hokimi) emas, vazir boʻldi.

“Vazir bo‘lgan kunim ham kabinetda o‘tirib shu narsani esladim. Qayerga borsam ham, onamning suratini yonimda olib yuraman. Shu rasm men televideniyeda ishlab yurgan paytim o‘sha yerda turgan edi, keyin u yerdan narsalarimni yig‘ishtirib kabinetga olib bordim. Rasmni kabinetga qo‘ydim va birdan ‘obkom bolam' deganlari esimga keldi. Shundan keyin o‘tirib yig‘ladim va mana, siz o‘ylagandek farzand bo‘ldim, deb birpas rasmlari bilan gaplashdim”, — deydi vazir bu haqda.

Ozodbek Ahmadovich vazir boʻlishdan oldin bir ham rahbar lavozimida ishlagan: 2017-yilda “Yoshlar” telekanali direktori vazifasida ishlagan. 2017-yilning 10-avgust kuni Oʻzbekiston madaniyat ishlari vazirining oʻrinbosari etib tayinlangan. 2018-yildan 2020-yilgacha madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari vazifasida ishlagan. Oʻsha yilning 22-yanvarida vazir lavozimiga tayinlangan.

Nazarbekovning ijodga kirib kelishi esa 1994-yilga toʻgʻri keladi. U oradan deyarli oʻn yil oʻtib, ya’ni 2003-yilda e’lon qilingan “Oydin kechalar” (koʻpchilik buni “chang koʻchalar” deb biladi) qoʻshigʻi bilan mashhurlikka erishgan.

Xonanda 2010-yilda Oʻzbekiston xalq artisti unvonini olgqn. Bundan ikki yil oʻtib, ya’ni 2012-yilda u Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan artist ham boʻlgan. Yaqinda, prezident Shavkat Mirziyoyevning 2024-yilgi Tojikistonga tashrifi doirasida Tojikiston xalq hofizi unvoniga ham ega boʻldi.

Ozodbek Ahmadovich 2006-yildan to rahbarlik lavozimlariga tayinlanguncha, 10 yil davomida har yili katta va uzoq kunlik konsertlar berib keldi. 2011-yilda u naq bir oy, 2-apreldan 2-maygacha “Kundan kun yaxshi” nomli konsertini taqdim etgan. “Yoshlar"ga rahbar boʻlishi madaniyat sohasida ish boshlagandan soʻng xonandaning ijodida katta uzilish sodir boʻldi.

Vazir 2024-yilda yana san’atga “qaytdi”, lekin boshqa rolda. Ozodbek Nazarbekov dunyoga mashhur “The Voice” loyihasining rasmiy franshizasi — “Ovoz"da murabbiy sifatida qatnashyapti. Vazir 2022-yilda bergan intervyusida rahbarlikdan koʻra ijod afzal ekanini aytib oʻtgan.

Qoʻshiqlar

“Kutaman”

“Kelgin gulim”

“Bogʻdodda nima gaplar”

“Qachon”

“Aytib ber”

“Lola”

“Atirgul”

“Sarson”

“Ketaman der”

“Yigʻlarmisan”

“Jananim”

“Pariroʻy”

“Yana-yana”

“Jigi-Jigi”

“Meni sevib qolsayding”

“Xafa boʻlaman”

Konsertlar

2008-yilgi konsert dasturi

2009-yilgi konsert dasturi

2010-yilgi konsert dasturi

Rekord darajada — 1 oy davomida taqdim etilgan 2011-yilgi konsert dasturi

2012-yilgi konsert dasturi

2013-yilgi konsert dasturi

2014-yilgi konsert dasturi

2024-yilgi maxsus kichik konsert

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov